Samarqandda harbiy mashinalar marshi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan Samarqand viloyat hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida Samarqand shahrida «Armiya va yoshlar» festivali o‘tkazildi.
Festival harbiy texnika vositalari, mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining sport transport vositalari va harbiy xizmatchilarning Registon maydonidan Registon ko‘chasi bo‘ylab Ko‘ksaroy maydonigacha safda yurishining namoyishi bilan boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Tadbirning rasmiy ochilish tadbirida viloyat hokimi T.Jo‘rayev, Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni A.Saidov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi R.Qobilov so‘zga chiqishdi.
Harbiy karabinchilar guruhlari va harbiy qism xizmatchilarining qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari namoyishi festival ishtirokchilarini rom etdi.
Festival doirasida 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida sport marafoni o‘tkazildi. Marafonda 5 mingdan ziyod samarqandliklar qatnashdi. G‘olib va faol ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, festival qatnashchilari Ko‘ksaroy maydonida tashkil etilgan harbiy-texnika vositalari, qurol-aslaha ko‘rgazmasi, harbiy dala oshxonasi va tibbiyot punktining faoliyati bilan tanishdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter