Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Said Abdulaziz Yusupov: «Yevropaga borsangiz, u yerda ham muammolar bor. Ammo...»

Said Abdulaziz Yusupov: «Yevropaga borsangiz, u yerda ham muammolar bor. Ammo...»

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni OAV orqali jamoatchilikka samarali yetkazish masalalari» mavzusida respublika anjumani va hududiy seminar o‘z ishini boshladi.

Bugun, anjumanning ikkinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda «Turkiston» mehmonxonasi anjumanlar zalida «Davlat dasturlarini amalga oshirilishida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish: jurnalist mas’uliyati va huquqlari» mavzusidagi seminar tashkil etildi.

«Dunyo siyosiy xaritasi o‘zgarmoqda. Biz bugun jahonga yuzlanmoqdamiz. Yevropaga borsangiz u yerda ham muammolar bor. Ular ham bir-birini yeb tashlashga tayyor. Ammo ular manfaatlar to‘qnashganda bir-birini qo‘llab-quvvatlashadi, bir-birini eshitadi. Ular bir yoqadan bosh chiqarib, hayot farovonligi uchun kurashishadi. Ana shunday bizning jurnalistlar ham bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, eshita olishi kerak. Bugun jurnalist mushohada qilishi, tahlil qilishi, o‘qib-o‘rganishi lozim. Jurnalist muammoni o‘rganishi, tahlil qilishi kerak, keyin xalqqa chiqib gapirsin. Hech bo‘lmaganda, farzandlariga xolis, haqqoniy fikrni yetkaza olsin», — dedi fond rahbari Said Abdulaziz Yusupov.

Jamoatchilik nazorati, jurnalist tekshiruvi, kasb odobi va inson sha’ni, qadr-qimmati haqida yuridik fanlari doktori Boboqul Toshev ma’ruzasida shunday dedi: «Yurtimizda internetdan foydalanuvchilar soni ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar jamiyat hayotida nafaqat ijtimoiy-maishiy, balki siyosiy-iqtisodiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ikki yilda 90  ta qonun qabul qilindi. Endi jamiyatni yangi bilim bilan to‘yintirishda jurnalist va blogerlarning hissasi katta. Ana shunda internat orqali soxta g‘oyalar va mafkuralarga ergashtirish, tajovuzkorlik, suiqasd, qotillik va boshqa jinoyatlarga undash, rahbarlar obro‘sini qasddan tushirish, inson sha’nini yerga urish kabi holatlarga chek qo‘yiladi.

Jurnalist bo‘ladimi, blogermi har qanday mavzuni yoritayotganda inson sha’ni va uning qadr-qimmati haqida o‘ylashi lozim. Maqsad biror bir voqeani tezlikda yoritib «ochko» yig‘ish  bo‘lmasligi kerak. Kattaqo‘rg‘ondagi o‘g‘irlik qilgan ayol bilan bo‘lgan voqea nega shov-shuv bo‘ldi. Chunki ayolning sha’ni, qadr-qimmati toptaldi, mana shu holat jamoatchilikda IIB xodimiga nisbatan norozilikni keltirib chiqardi».   

«Shaxsan o‘zim ham bosma nashrda, ham ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatganim uchun muammoni yechish va bartaraf etishda internetning kuchi ko‘proqligi guvohi bo‘laman. Bu bevosita mutasaddi rahbarlarning gazeta o‘qimasligini ham ko‘rsatadi. Vaholanki, bosma nashrda chop etilgan tanqidiy maqola yuzasidan o‘sha idora yoki tashkilotga xat jo‘natilsa-da, oylab javob bo‘lmaydi yoki mutlaqo e’tibordan qolib ketadi. Internetda esa kichik bir xabar ham mutasaddi rahbarlarni befarq qoldirmaydi», — dedi «Buxoro yoshlari» gazetasi bosh muharriri Laylo Hayitova.

Seminar-trening bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Majburiy obuna, tuman gazetalari, seriallar borasidagi mushohadali fikrlar o‘rtaga tashlandi. Ushbu besh kunlik anjuman doirasida «Davlat dasturlarining amalga oshirilishida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish: jurnalistlar hamda davlat hokimiyati organlarining manfaatli hamkorligi», «Bosma nashrlarning ijtimoiy faollligini oshirish», «Huquqiy mavzularni yoritishda jurnalistlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish» kabi mavzularda seminar-treninglar, bojxona va soliq qo‘mitalari bilan hamkorlikda media-tur, taniqli jurnalistlar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tadbirga ishtirok etish uchun viloyat hokimliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi axborot xizmatlari rahbarlari hamda hududiy bosma OAV tahririyatlari bosh muharrirlari bilan birgalikda blogerlar  — jami 60 nafar ishtirokchi yig‘ilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring