Rossiyada uch farzand ko‘rib, og‘ir ahvolda qolib ketgan ayol O‘zbekistonga qaytarildi
Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyaga Samarqand viloyati, Tayloq tumanida yashovchi fuqaro D.S murojaat qilib, Rossiyada 3 nafar voyaga yetmagan farzandi og‘ir ahvolda qolib ketganini ma’lum qiladi.
IIV Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyasi xabariga ko‘ra, D.S 2009-yilda RFning Leningrad viloyati Vsevolojsk shahriga borib, u yerda Tojikiston Respublikasi fuqarosi X.S. bilan tanishib, u bilan fuqarolik nikohi asosida yashab yuradi. Bu orada undan 3 farzand ko‘radi.
2020-yil yanvar oyining boshida X.S Rossiya Federatsiyasida bo‘lish qoidasini buzganligi uchun o‘z vataniga majburiy tartibda chiqarib yuborilganligi sababli, D.S farzandlari bilan ijtimoiy og‘ir ahvolda qolib ketadi. Doimiy yashash joyga ega bo‘lmaganligi sababli 3 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan O‘zbekistonga qaytishi uchun ko‘mak berishlarini so‘raydi.
Murojaat bo‘yicha Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyasi, Samarqand viloyati hududiy komissiyasi mas’ul xodimlari tomonidan choralar ko‘rilib, Respublika «Istiqbolli avlod» nodavlat notijorat tashkilotining bevosita ko‘magida Rossiyaning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan hamkorlikda joriy yilning 6 mart kuni D.S va uning 3 nafar voyaga yetmagan farzandi sog‘-omon O‘zbekistonga qaytarildi.
Mazkur oila Samarqand viloyati IIB xodimlari tomonidan Samarqand xalqaro aeroportida kutib olinib, D.S.ning aniq yashash manzili bo‘lmaganligi va ijtimoiy yordamga muhtojligi sababli, ayollar uchun reabilitatsiya markaziga joylashtirildi. Hozirda ularga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilib, normal hayot tarziga qaytarish hamda yashash joyi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter