Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ro‘molini yechishi aytilganidan so‘ng mutaxassis ayol hammasiga qo‘l siltab ketdi

Ro‘molini yechishi aytilganidan so‘ng  mutaxassis ayol hammasiga qo‘l siltab ketdi

Foto: S.Azlarovaning Facebook sahifasi

Xususiy telekanallarning biriga taklif etilgan psixolog ayol ro‘molini yechish yoki boshqacharoq o‘rash taklifidan keyin ko‘rsatuvda ishtirok etishdan bosh tortdi.

Voqelik islomofobiya kuchaygan xorij davlatlaridan birida ro‘y bergandir, dersiz? Qayoqda?! Bunday og‘riqli voqea shu kecha kunduzda, Buxoriy yurti deya armonsiz maqtanaladigan O‘zbekistonning poytaxtida sodir bo‘ldi. E’tiborlisi, ro‘mol o‘ragan ayol - Sayyora Azlarova dindan amri-ma’ruf qilish uchun bormagan, balki uni telekanal mutasaddilarining o‘zi Covid, pandemiya va aholi orasida uchrayotgan muammolar haqida suhbatlashish uchun taklif etishgan ekan.

Qolgan gapni psixolog Sayyora Azlarovaning o‘zidan eshitamiz:

«Assalomu alaykum. Men - psixolog Sayyora Azlarova bir necha bor shu muammoga duch kelganim sababli bu haqida ikki og‘iz gapirishni xohladim.

Xususiy telekanallardan biriga Covid, pandemiya va aholi orasida uchrayotgan muammolar haqida intervyu berish uchun chaqirishdi. Avvaldan savollarni berishdi. Tavsiya qilgan va chaqirgan insonning xurmati uchun yo‘q deya olmadim. Bordim.

Efirga yarim soat vaqt qolganida.. ro‘molimni yechishni yoki boshqacha o‘rashni iltimos qilishdi!

Men bunday qilolmasligimni, yaxshisi, mensiz ko‘rsatuvni olishlarini aytib, u yerdan ketdim.

Shu o‘rinda savol: biz kimdan qo‘rqamiz? Nimadan qo‘rqamiz? Nima uchun doim teleko‘rsatuvlarga chaqirganda «xijobdamasmisiz?» deb so‘rashadi? Bizni kim boshqaradi o‘zi? Nima uchun erkaklarga soqolda, ayollarga esa ro‘molda efirga chiqish mumkin emas? Bu ishlar uchun oxiratda savol-javob muqarrar ekanini bila turib, shu zaylda davom etaversak, bu balolar qachon boshimizdan daf bo‘ladi?

Insonning qanday mutaxassis ekani, bilimi va ish tajribasi birgina ro‘mol o‘ragani sabab bir tiyinga chiqarilishi mumkinmi?

Doim demokratik jamiyat quryapmiz, deb maqtanamiz. Lekin qani o‘sha demokratiya? Insonning kasbiy ko‘nikmalari yoki tajribasiga emas, tashqi ko‘rinishiga qarab baho berishdan qachon qutilamiz?».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring