Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rishton tumani hokimi ishdan olindi

Rishton tumani hokimi ishdan olindi

Foto: «Sputnik»

Xalq deputatlari Rishton tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Unda viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shuhrat G‘aniyev ishtirok etib, tumanda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularning yechimi haqida ma’ruza qildi.

Tumanda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda bir qator yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, ayrim rahbarlarning beparvolik kayfiyatiga berilishi bunga salbiy ta’sir ko‘rsatgani qayd etildi.

Tumanda keyingi vaqtlarda ko‘plab ustuvor vazifalarning bajarilmasligi tufayli salbiy ko‘rsatkichlar ortib ketgan. Masalan, hududdagi hal qilinishi zarur bo‘lgan masalalardan biri — toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj aksariyat mahallalarda hamon muammoligicha qolmoqda. Gaz ta’minotida ham bartaraf etilishi zarur bo‘lgan muammolar bor. Respublika ishchi guruhi tomonidan tumandagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida olib borilgan o‘rganishlarda ham asosiy muammolar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikdagi sustkashliklar, sog‘liqni saqlash va ta’lim, uy-joy hamda ijtimoiy muhofaza tizimidagi kamchiliklar sifatida qayd etilgan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanilmayotgani, eksportni rivojlantirishda tumandagi o‘sish ortda qolayotgani tanqid qilindi. Soha va tarmoqlarda shu kabi qator holatlar atroflicha tahlil etildi.

Viloyat rahbari sessiya ishida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi chora-tadbirlar ham etarlicha tashkil etilmaganini ta’kidlab o‘tdi. Birgina 2017 yilning o‘zida 43 ta mahalla fuqarolar yig‘inida turli jinoyatlar sodir etilgani, ularning aksariyatida xotin-qizlarning ishtirok etgani achinarlidir.

Yuqoridagi kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan G‘ayrat Mamadaliyevni tuman hokimi vazifasidan ozod etish, shu kunga qadar So‘x tumani hokimi bo‘lib ishlagan Tavakkaljon Rahimovni Rishton tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risida viloyat hokimining qarorlari xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.

Muzokaralarda kelgusidagi vazifalar haqida so‘z bordi va tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

 
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring