Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Rekord osh yoki g‘arbliklarga o‘xshashimiz haqida

Rekord osh yoki g‘arbliklarga o‘xshashimiz haqida

Foto: «Milliy TV»

Yevropada ko‘chada daydib yurgan mushuklarni, itlarni himoya qilib odamlar namoyishga chiqyapti. Buni dunyoga mashhur telekanallar, internet saytlari va OAV keng yoritmoqda va o‘sha namoyish haqidagi xabarlar bizgacha ham yetib kelyapti. Biz esa xuddi shu xabarni eshitib o‘sha namoyish o‘tkazadiganlarni ham, ularga qo‘shib butun G‘arbni ham «Dunyoning turli chekkalarida, ayniqsa, musulmon o‘lkalarda g‘arbliklarning armiyasi hujumi ostida qandaydir terrorchilarga qo‘shilib millionlab odam halok bo‘lib ketayotganida ular «qandaydir bir daydi itni yoki mushukni himoya qilib chiqqani uchun» bo‘ralatib so‘kamiz va tanqid qilamiz.

Albatta, bu yerda bizning o‘sha tanqidimiz o‘rinli. To‘g‘ri-da, dunyoning bir chekkasida turli xunrezliklar ortidan yuz minglab, millionlab odamlar o‘lib ketyapti-yu, g‘arbliklar qandaydir bir daydi mushukni deb namoyishga chiqishsa?! Shu adolatdanmi? Ammo bizning ham o‘sha yevropaliklarga o‘xshab ketadigan tomonlarimiz bor.

Ayrimlarimizning aynan katta-katta muammolarimiz bir chetda qolib qandaydir arzimas ishlarni muammo deb ko‘tarib chiqishimiz o‘sha g‘arbliklarning dunyoning turli chekkalarida nohaqdan o‘lib ketayotgan odamlarni o‘ylamasdan, qandaydir daydi it-mushuklarni deb aza tutib namoyish o‘tkazishiga o‘xshaydi.

Endi asosiy gapga o‘tsam. Yaqinda bir guruh oshpazlar yurtimizdagi qaysidir bir shaharda rekord o‘rnatish uchun nechadir tonnalik osh pishirishdi. Bu ish internet saytlarda va turli telekanallarda keng yoritildi. Shu bilan birga turli ijtimoiy tarmoqlarda yetarlicha muhokama qilindi va ayrimlar tomonidan keskin tanqid qilindi va hanuzgacha tanqid qilinmoqda.

Albatta, o‘sha pishirililgan osh ko‘chaga uloqtirilmadi, odamlarga tarqatildi. Ammo bu ishni tanqid qilgan ayrim hamyurtlarimiz «shunga ketgan mablag‘ni falon qilsa bo‘lardi, pismadon qilsa bo‘lardi», deb rekord uchun osh pishirgan oshpazlar sha’niga bo‘lar-bo‘lmas gaplarni yo‘llashdi. Ana shu yerda menda savol tug‘iladi. Xo‘sh, o‘sha rekord uchun pishirilgan bir necha tonnalik oshni pishirish noto‘g‘ri ish ekan, unda yurtimiz bo‘ylab janoza marosimidan so‘ng o‘tkaziladigan va dinimizda umuman yo‘q bo‘lgan bid’at amallar bo‘lmish «Xudoyi», «Yigirma», «Qirq», «Yiloshi», O‘likiftor» kabi turli nomlar bilan nomlanuvchi marosimlarda bir yil davomida damlanayotgan oshlarning tonnasi qancha bo‘lar ekan-a? Ularga ketadigan masalliqlar-chi, necha yuz, ming tonna ekan?

Eng yomoni, to‘y qilish uchun odamlar biroz bo‘lsa ham yig‘inadi, ammo janoza to‘satdan bo‘lib qoladi. Ana shunday holatda qo‘qqisdan janoza bo‘lganda kimnidir qo‘lida bor, kimnidir qo‘lida yo‘q va o‘sha bid’at marosimlarni o‘tkazish uchun janoza sohibi kimlardandir qarz olishga majbur bo‘ladi. Chunki bu marosimlarni o‘tkazish bizda hamma uchun majburiyat bo‘lib qolgan va u boymi, kambag‘almi ana shu bid’at marosimlarni o‘tkazadi. Boylar-ku amallar, ammo qo‘lida hech narsasi yo‘q kambag‘al nima qiladi? Bolalarining rizqini qiyib qarz ko‘taradimi?

Uzoqqa bormay, o‘tgan yili o‘rta yoshlardagi kambag‘alroq bir qo‘shnim to‘satdan qazo qildi. Ortidan bir nechta bolalari qoldi. Bolalarining kattasi uylanadigan yoshda, kichigi esa maktab o‘qiydi. Ana shu uylanish yoshidagi bola otasining hamma ma’rakalarini kimlardandir qarz olib o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Hech kim, ha, hech kim, na mahalla raisi, na masjid imomlari borib «Ey uka, bu ishlar dinimizda ham yo‘q, urf-odatimizda ham «qarz olib qil» degan joyi yo‘q. Shunday ekan shu marosimlarni qilma», demadi. Hamma tomoshabin bo‘ldi va hamma borib o‘sha ma’rakalarda oshni xijolat bo‘lmasdan yeyaverdi.

Eng yomoni, bolalari och qolsa qolib ketaversin, maktabga o‘quv qurollari va kitoblar olib berilmasa-berilmasin, tanasida dardi bo‘lsa keyinroq davolansa ham bo‘ladi, tomidan chakka o‘tayotgan bo‘lsa nima bo‘pti chidaydi, qish kelyapti uyida esa na o‘tini va ko‘miri bor, sovuqda o‘tiraveradi, ammo janozaning ortidan chiqib keladigan ma’rakalarni o‘tkazmasa bo‘lmaydi. O‘tkazganda ham izini sovitmasdan, kechiktirmasdan o‘tkazish kerak. Bizning tushunchamiz ana shu. Shu uchun ham bizda inson qadridan ko‘ra «odamlar nima deydi», degan bo‘lmag‘ur bir andisha kuchli.

Bunday voqealar mamlakatimiz bo‘ylab qayerlardadir, kimlar bilandir har kuni sodir bo‘lyapti. Har kuni qandaydir o‘lgan bir kambag‘alning bolasi kimdandir qarz olib otasining ma’rakalarini o‘tkazyapti. Xo‘sh, o‘sha rekord oshni tanqid qilganlar nega bu haqda lom-mim deyishmaydi? Nega muammoning kattasini ko‘rib ko‘rmaslikka olishadi-yu, ammo arzimagan ishdan muammo yasashadi?

Yana bir shunga o‘xshash ish bundan bir necha yil oldin Toshkent shahridagi qaysidir bir ko‘chada bir necha chinor daraxtlari kesilganda sodir bo‘lgandi. O‘shanda bir guruh aktivistlar o‘zlaricha o‘sha kesilgan chinorlarni himoya qilib qaysidir hukumat tashkilotiga murojaatnoma ham jo‘natishgan edi. O‘shanda ularning o‘sha ishiga na kularimni va na yig‘lashimni bilmagan edim.

Chunki o‘sha aktivistlar haqiqatan tabiatni yaxshi ko‘rishsa va uni avaylab-asrashni xohlashsa nega Toshkent shahridagi sanoqli chinor kesilganiga dunyoni buzib dod-voy soladilar-u, mamlakatimiz bo‘ylab ko‘pgina aholi punktlarida quvur orqali tortilgan tabiiy gaz kesib tashlangani uchun kuz va qish oylarida aholi tomonidan uy isitish maqsadida yoqish uchun yuz minglab daraxtlar kesib yuborilayotganiga qarshi sukut saqlab indashmaydi? Qani mard bo‘lishsa gazchilardan o‘sha gazi kesib tashlangani tufayli daraxtlarni kesib yoqayotgan aholiga zudlik bilan gaz berilishini talab qilib chiqishsin-chi. Yo‘q, ular katta muammolarni ko‘rmaydilar yoki shunchaki ko‘rmaslikka oladilar va katta muammolar qolib ketib arzimagan ishdan muammo chiqazishga urinadilar.

Endi tushunyapsizmi nega katta muammolar qolib, arzimagan ishlardan muammo yasashda bizning g‘arbliklar bilan bir xil ekanimizni? Ha, biz shunday qavm bo‘ldik, hatto oynani basharamizga tutib «mana o‘zingni ahvolingni ko‘r va xatolaringni tuzat» desa «yo‘q, bu ko‘zguda ko‘rinayotgan men emasman», deb o‘zimizni o‘zimiz inkor etamiz. Chunki o‘zimizni to‘g‘rilashni, fe’limizni isloh qilishni umuman xohlamaymiz. Boshqalarning ishini va kamchiligini esa do‘mbira qilib chalishga urinamiz.

Salomat bo‘linglar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring