«Razvedkachilar kelishdi!..»
– Razvedkachilar kelishdi!..
Bu xabarni eshitib bolalar o‘sha tomonga ildamladi. Sodiqjon razvedkachilarni ko‘rishni ko‘pdan orzulardi. Qarasa ular orasida o‘qituvchisi ham bor ekan. Sevinib ketdi. «Ustoz! Assalomu alaykum, ustoz!» deya oldiga yugurib bordi.
– E, barakalla, Mamayusupov! Uydagilar yaxshi yurishibdimi?
– Dadam bilan qaynotamni, barcha biz kabi «quloq qilinganlar»ni Qozog‘istonga olib ketishdi.
– Qaynotam? Iye, hozirdanoq uylandingmi? Hali o‘zing bolasan-ku!
– Melechenka qishlog‘imiz qamalda qolgach, ota-onam meni uylab qo‘yishdi, Muharramoyni ehtiyotlash uchun.
– E, shundoqmi? To‘g‘ri qilishibdi. «Quloq» tamg‘asi bosilganlarga ikki tomonlama jabr bo‘lyapti-da. Sen bo‘sh kelma. Mahkam bo‘l.
Shundan keyin domla Teshaboyev fashistlarning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan xunrezliklaridan gapirib berdi. Yuzlab bolachalarni ham onalaridan yulqib olib, Germaniyaga jo‘natishmoqda. Ayollarni tahqirlab, otib tashlashmoqda. Ayrimlarini konslagerga yuborishyapti.
– Bolalarni-chi?
– Sog‘lomlaridan genetik tadqiqot ishlarida foydalanisharkan, nimjonlarini yo‘q qilib yuborishar ekan.
– Yo tavba! Naqadar vahshiylik! – Tili kalimaga kelmay qolgan Sodiqjonning nafrati to‘lib-toshib qo‘li musht bo‘lib tugildi. – Muallim, meni ham olib keting razvedkaga, – dedi o‘rtanib. – Katta bo‘lib qolganman urushga yarayman.
– Oilali bo‘lsang, qayoqqa ham borasan. Harbiy tayyorgarlikdan o‘tish, qurol-yarog‘ bilan tillashish, nishonga otish sirlarini o‘rganish kerak.
Shu payt kimdir asta chaqirdi: O‘rtoq Teshaboyev!
– Ha, nima gap!
– Vaqt bo‘ldi.
– Xayr, – dedi domlasi mahzun tortib. – Xudo sizlarni o‘z panohida asrasin, nasib etsa, ko‘rishib qolarmiz.
Lekin taqdir ularni boshqa uchrattirmadi. Bu mehridaryo olijanob inson Ukrainaning Nikolayev viloyati, Skadovskaya tumanida yashayotgan o‘zbek bolalari uchun ochilgan maxsus internatda dars berar, u har bir bolani «Jigarbandim» deb erkalab murojaat qilar, shu bois bolalar uni juda yaxshi ko‘rishardi…
Fursat yetib 18 yoshga to‘lgach, Sodiqjon armiyaga chaqirildi. Cholbas shahrida yigirma kunlik jangovar tayyorgarlikni o‘tadi. Jang qilish asrorlarini tez va puxta o‘rganib oldi. 1-Ukrainaning otliq askar polkiga yuborildi. Ularni dastlab Qrim himoyasiga tashlashdi. Jangu jadallarda aslo o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Kerch yo‘nalishida Bolshaya Lopata qishlog‘i yaqinidagi hujumda o‘ng yelkasidan yaralandi. Astraxandagi gospitalda davolangach, Stalingrad shahriga yuborildi. U yerda 27 kun jang qildilar. Keyin Voroshilovda bo‘lishdi. Kalinin shahrida o‘n kun otliq armiya safiga tayyorgarlik bo‘ldi. So‘ng otlik askarlar bilan piyodalar Polshani ozod qilish janglarida ishtirok etdilar. O‘shanda 49-otliq polkda oddiy askar edi. Urush dahshatlari qanchalar ayanchli bo‘lmasin, jang qilganga yetmaydi. Vatan uchun, ota-onam uchun, oilam uchun, deya joningni tikar ekansan, hech narsadan qo‘rqmaysan. Faqat ko‘zingga ozodlik atalmish baxtu saodat ko‘rinadi.
Polshani ozod qilish janglarida o‘ng soni majaqlandi. Sanitariya batalonida ahvoli og‘irlashgandan og‘irlashib borardi. Uni Boku shahridagi 3652-evakuatsiya gospitaliga olib ketishdi.
– Taqimingizdan pastini kesib tashlaymiz, aks holda...
Jarrohlarning tilidan uchgan hukm jonini naq bo‘g‘ziga keltirdi:
– Aks holda o‘laman... Shundaymi? – dedi u azobini bazo‘r ichga yutib. – O‘lim bilan qo‘rqitolmaysiz. Janglarda necha bor o‘lib, necha bor tirilyapman. Sanab adog‘iga yetolmaysiz. Xo‘pmi?! Oyoqsiz o‘lgandan oyoqli o‘lgan a’lo!
Bu hazilmi, kesatiqmi – jarrohlar bir-biriga taajjublangancha qarab qolishdi.
– Gapning qisqasi, janobi do‘xtirlarim, men oyog‘imni begona yurtlarga tashlab ketmayman.
Bu xitobi jarrohlarni battar hayron qoldirdi.
– Bu askar yo juda-juda dono yoki borib turgan telba, – dedi biri jig‘ibiyroni chiqib. – Xuddiki biz unga yomonlikni sog‘inayotgan dushmanmiz. Tavba! Yur, birodar, ishimiz boshimizdan oshib yotibdi. Qancha yaradorlar kutib turishibdi.
– Boringlar, boringlar, toshlaringni teringlar, – dedi u o‘zbekchalab. – Agar chindan ham dono bo‘lsam ota-bobolarim unib o‘sgan, dunyoda tengsiz Dono qishlog‘imga ikki oyoqda kirib borarman, yoki... dediyu yuragi ortiga tortib ketdi, zor-intizor yo‘llariga ilhaq turgan onajonisi ko‘z oldiga keldi, bir soniya sukunatda qotdi-da dedi: – Bu yog‘iga xudo – poshsho! Umrimdan bo‘lsa yasharman. Allohning aytgani bo‘ladi.
Bu qaysar yaradorni baribir tashlab qo‘yishmadi. Uch oy barcha davo choralarini ko‘rishdi. Qolgan-qutgan oskolkalarni terib olib, suyaklarni ulashdi, o‘stirishdi. Ikki qo‘ltiqtayoqda yuradigan bo‘lgach, 1944 yilning oktyabr oylarida onajonisi va rafiqasining huzuriga – Melechenka qishlog‘iga yo‘l oldi.
1945-yilning yanvar oyida (ota-onasi quloq qilinganda u besh-olti yoshlarda bo‘lgan) «Qaydasan, O‘zbekistonim! Qaydasan, Dono!» deya yo‘lga chiqishdi. Yo‘l-yo‘lakay otasining «Hammasiga chidayman. Biroq, Vatan sog‘inchiga chidolmayman. Sen Vatanga qaytishing, chirog‘imizni yoqib o‘tirishing kerak» – deganlari qulog‘i ostidan ketmadi. Qarangki, ota vasiyatini ado etish uchun qancha o‘limlarni dog‘larda qoldiribdi-ya!
Qo‘ltiqtayoqda bo‘lsa ham otasi uchun armon bo‘lgan zaminga yetkazdi. Ocharchilik, og‘irchilik, «Quloq» deb yovqarashlar musibatlariga xo‘b chidashdi. Biroq, bu dunyoda yaxshilar ko‘p. Ularning xayrixohliklari, e’tiborlari sharofati bilan, mehnatsevarligi, halolligi sabab o‘rin topdi, obro‘ qozondi. Avval montyorlar tayyorlash kursida o‘qidi. 1946-yil sentyabr oyidan Uchko‘prik aloqa tarmog‘ida ish boshladi. Boshliq Goldman degan ajoyib inson edi.
Kasb o‘rgatishdan charchamas, yo‘l-yo‘riq beradigan, shirin so‘zi bilan rag‘batlantiradigan mehribon rahbar edi. 120 raqamli qo‘lda boshqariladigan kommutator, Morze telegraf apparatlari o‘rnatilgani tarixiy voqealar – xayrli ishlar boshida bo‘lganligi bilan Sodiqjon ota uzoq yillar faxrlanib yurgani rost. 240 raqamli SB kommutatori, ST-35 telegraf apparati o‘rnatilgan, yangi aloqa binosi qurilgan kunlar quvonchini keksa aloqachi, jangchi zo‘r his-hayajon bilan eslaydi. LTS boshlig‘i lavozimida ishlagan yillarini ham zo‘r mamnuniyat bilan xotirlaydi. Bo‘lmasam-chi, telekommunikatsiya sohasi rivojiga qirq yillik yoshlik qudratini baxshida etgani bilan Sodiq bobo Mamayusupov har qancha g‘ururlansa arziydi.
... Ayni kunlarda Prezidentimizning mehribonchiliklaridan boboning boshi osmonlarga yetdi. Xonadoni ham har qachongidan ham gavjum. Hokimlardan tortib barcha tashkilotlarning rahbarlari tashifi qalbini iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirdi. Barcha maktablardan o‘quvchilar kelganini aytmaysizmi! Ayniqsa, «O‘zbektelekom» AK Farg‘ona filialidan Vladimir Yejkov boshchiligida kasaba uyushmasi raisi Mashrabjon Rahimov, biri-biridan navqiron, zukko hamkasblari kirib kelishganda boboning mijjalari yoshlandi. Ular siymosida bobo o‘zining olov yoshligini ko‘rgan bo‘lsa ne ajab!
Hafiza Salyahova, «Xabar»ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter