Rasul Kusherbayev universitetdan haydalgani, 24 yoshidagi rahbarlik va ikkiyuzlamachiliklar haqida (video)
Rasul Kusherbayevni tanishtirishning hojati yo‘q. U ijtimoiy hayotda juda faol. Chin ma’noda, qo‘shtirnoqsiz xalq deputati. Xolis, jonkuyar, o‘z so‘zini ayta oladigan, jasur, jur’atli inson. Kusherbayevning ochiq, dangal fikrlari gohida munozaralarga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqda turli bahslarni keltirib chiqaradi. Yaqinda Rasul tahririyatimizda mehmon bo‘lib, savollarimizga javob berdi.
Maktabdagi orzular, universitetdan haydalish
– Maktabda o‘qib yurgan paytlarimizda o‘qituvchilarimiz bizdan kelajakda qaysi kasbni egallashimizni so‘rashgan. Birov o‘qituvchi, birov vrach, hatto kosmonavt bo‘laman, deganlar ham bo‘lardi. Sizning bolalikdagi orzungiz nima edi? Maktab davringiz qanday kechgan?
– Mening bolalikdagi orzum aviatsiya uchuvchisi bo‘lish edi. Fuqaro tashishni orzu qilganman. Lekin baxtga qarshi, maktabni bitirgunimizcha, bu institut yopilib ketgan. Keyin boshqa yo‘nalishni tanlaganman.
Yangiyo‘l tumanida 48-maktab bor. Qishlog‘imizdagi shu dargohda o‘qiganman. O‘rtada, bizdan 3 kilometr narida 47-maktab bor edi. Faqat kichikroq edi. U yerda otamiz ishlar va tartib-intizom kuchli edi. Bir yil shu maktabda o‘qib, yana qaytganman o‘zimizning maktabga. Keyinchalik 6-sinfni bitirib, Toshkent shahridagi Nafis san’at litseyida o‘qishni boshlaganman. 5 yil tahsil oldim. Hozir nomi o‘zgarib ketgan. Yaqinda borib ko‘rsam, «Milliy gvardiya»ning orkestr maktabi bo‘lib ketibdi.
Nafis san’at litseyi o‘z davrida juda ko‘plab kadrlarni yetishtirib chiqargan. O‘zbekistonga, mamlakatga, xalq xo‘jaligining juda ko‘plab sohalarida ishlagan taniqli ijodkorlarni yetishtirib bergan o‘quv dargohi edi u.
11-sinfni bitirguncha shu litseyda o‘qiganmiz. Bitirgandan keyin Jahon tillari universitetida saboq oldim. Xalqaro jurnalistika fakultetida, ammo 5 yil o‘qiganman. Bir yil «otchisleniye» bo‘lganman.
– Sababi nima? Kontrakt tufaylimi?
– Yo‘q, o‘zimning aybim bilan. Xullas, til orqasidan... Muammo ketidan muammo yuzaga kelgan. Jazo sifatida haydash jazosi qo‘llanilgan. O‘shanda 10 nafar talaba «otchisleniye» bo‘ldik, lekin oxirida bitta men qolib ketdim. Chunki so‘z berganmiz. Hammasi ketdi. «Vaqtimizni olmanglar», «kelishdik», «qayta tiklaysan, 15 avgustda kelasan...», 25 may kuni «otchisleniye» bo‘lib ketib qolganman. Ayni bitirayotgan vaqtda. Lekin afsus qilmayman. Peshonada bor ekan. Shu hayot yo‘limda nimaiki bo‘lsa-bo‘lmasa yaxshilikka deb, o‘zimni tayyorlashga harakat qilaman. Haydalish ham yaxshilikka bo‘lgandirki, odam yanayam pishadi, charxlanadi.
Xullas, shularni ko‘rdik, ko‘p narsani tushunishga yordam berdi. Yigit kishining boshida sinovlar bor, tezda yo‘qolib qolmaslik kerak. Keyinchalik, yuridik universitetda, yuridik mutaxassislik bo‘yicha o‘qib, magistr diplomini oldim.
– «Cho‘qintirgan ota» turkumidagi «Korleonelar oilasi» kitobida Mayklning bolalikdagi orzusi siyosat bilan bog‘liq bo‘ladi. U murg‘ak yoshidan siyosatchi bo‘lishni orzu qiladi. Ehtimol, bizning bolalarga nisbatan olib qaralsa bu kulgili tuyular. Axir uncha-buncha bola siyosatchi bo‘lishni orzu qilmaydi-da! Sizning bolalik yoki o‘smirlik davringizda deputat bo‘lish orzungiz bo‘lganmi?
– Men 8-9-sinfdan boshlab gazetalarga maqolalar yozishni boshlaganman. Aytadigan gaplarim bo‘lardi, ko‘pchilikka yetkazish maqsadida nimadir deyishga harakat qilardim. Bu fikrlarga birov qo‘shilardi, birov yo‘q, qandaydir pozitsiya bo‘lgan o‘shandayam. Va ko‘pchilikka shu tariqa yordam beramanmi, deb o‘ylardim. Fikrlarimni ommaviy axborot vositalari, gazetalar orqali yetkazishga harakat qilganman. Deputatlar, siyosatchilarning hayotini o‘rganganman. Qiziq edi, lekin aynan deputat bo‘laman deb orzu qilmaganman.
Umumiy, ko‘pchilikka yordam beradigan qandaydir siyosiy jarayonlarda ishtirok etish fikri bo‘lgan va partiyalar tarixiga juda ko‘p qiziqqanman. Dunyo tarixiga qiziqqanman. Nega bizda bunday, deganman. Aslida qonun-qoidalarga qiziqish ko‘p bo‘lgan. Shu partiyalar, shaxslar, odamlarning bergan g‘oyalari nimadan iborat, qaysi g‘oyalar ko‘p, qaysilari taraqqiyotga, qaysilari chuqurlikka olib boradi... ko‘p qiziqardim. Tarixni o‘qib yurganman. Bundan kelib chiqib, qandaydir fikrlar bo‘lardi. Manfaatlar yo‘lida odamlarga yordam beraman, ishlayman deb niyat qilardimu, lekin deputat bo‘laman, demaganman.
– Asosan, jurnalist bo‘lish...
– Yo‘q, asosan, jurnalist bo‘lish emas. To‘g‘ri, jurnalistikaga ham qiziqqanman. Endi kirib kelishning yo‘li shu bo‘lgan ekan. Lekin keyinchalik bir muddat, o‘zim o‘qib yurgan paytlarimda, jurnalist bo‘laman degan qat’iy fikrdan qaytishga to‘g‘ri keldi. Sababi, bir-ikkita masala bo‘ldiki, bir-ikki odamni ko‘rganimdan keyin, men istayotgan yo‘l aslida bu emas ekan, deb xulosa qildim, lekin ta’lim olish kerak ekan. Tushunib yetganim shu bo‘ldiki, odam qaysidir maqsad yo‘lida harakat qilyaptimi, unga intilishi, ko‘proq o‘qishi va o‘zi qadrlagan bir qator qiymatga ega prinsiplari bo‘lishi kerak ekan. Bu – yolg‘ondan yiroq bo‘lish, qiyin bo‘lsayam bitta qat’iy pozitsiyada turish va, eng muhimi, har qanday paytdayam fikrini ayta olish! Bir-ikkita shunday qarashlar bor edi, o‘smirlik davrida shakllangan, deb o‘ylayman. Bizni odam qilgan kitob aslida. Kitoblar, tarix, kelajakka qandaydir intilish...
Shunday vaqt bo‘larkanki, uni faqat tartibga solish va tartibli yurg‘izishni boshlash kerak ekan. Deputatlik masalasi bu ishimni ancha yo‘lga qo‘yib olganimdan keyin oldimdan chiqdi. Saylanib kelganimdan keyin ham men uchun deputatlik ishi qiyin bo‘lmadi. Birdan moslashib ketdim va bu ishni oldindan qilib kelganman, deb his qildim. Chunki deputatlikning asosiy talabi shundan iborat ediki, sen odamlar uchun ishlashing kerak, qaysidir tashkilot, qaysidir idora uchun emas, faqat odamlar uchun ma’qul keladigan masalani olib chiqish, ular uchun harakat qilish va hokazo... Bu yo‘ldagi qiyinchiliklarni ko‘rib kelyapmiz. Xullas, hayot pishiryapti. Lekin dastlab bolaligimda, yuqorida aytganimdek, uchuvchi bo‘lishni orzu qilganman. Hamma qatori bitta joyda ishlayapman va bir joyda faoliyat yurityapman.
Adadi oshgan gazeta
– Universitetning xalqaro jurnalistika fakultetini bitirganingizdan keyin xalqaro jurnalistika bo‘yicha emas, partiyalar bo‘yicha sizga ishga taklif tushdimi?
– Men o‘qib yurganimda partiyada ishlar edim. To‘g‘risi, yaxshi oylik to‘lashardi, chunki talaba odamga pul kerak. Oilaviy qiyinchiliklar bor edi, majbur bo‘lganman ishlashga va bu o‘zimga yoqqan. Men vaqt masalasida qiynalardim, ko‘pincha ulgurmay qolardim. Vaqt taqsimotini to‘g‘ri qo‘yishga harakat qildik, keyin shunga ko‘nikdik. Ham ishlab, ham o‘qib yurdim. Tahsilni tugatganimdan so‘ng yana ozgina ishladim-da, shu qarorga keldimki, bu yerda men o‘rganadigan hech nima qolmadi. Qilayotgan ishni o‘rnimga boshqa odam ham bajarishi mumkin. Ya’ni, u yerda men uchun yangilik qolmadi, u yerga sig‘madim. O‘sishim kerak edi. Uyimga yaqin joyga taklif bo‘ldi, tuman hokimligi gazetasiga. Yangi joy edi u. Maktab bo‘lishi nuqtai nazaridan yuqori oylikni tashlab, maoshi kam joyga ishlashga ketganman. Lekin u yerda hammasi, sharoitni yaxshilash o‘zimning qo‘limda edi. Men avval partiyada tarmoq yo‘nalishida rahbar bo‘lsam ham, bu yerda birinchi marta butun bir jamoaga rahbar bo‘ldim. 24 yoshda edim. Oson emasdi.
– Viloyat gazetasimi yoki...
– Hokimlik gazetasi, tumanniki edi. 300 ming aholisi bor. Jamoa tan olishi kerak edi. Shuni tushundimki, jamoa tan olishi uchun har qanday rahbar uning moddiy ta’minotini yaxshilab qo‘yishi kerak. Aks holda, tan olishmaydi. Qisqa muddatda harakat qildik va moddiy sharoitni yaxshilashga erishdik. Va yosh bo‘lsak ham jamoa tan olishni boshladi. Yoshi kattalar edi-da ko‘pchilik. Ishimdan qoniqib, mazza qilib ishlaganman. Ikki yildan oshiq vaqt jamoaga rahbarlik qildim. Shuni kuzatdimki, qayerda ishingiz yaxshi ketayotgan bo‘lsa, qandaydir natijaga erisha boshlasangiz, ishga taklif qiladigan joylar ko‘payib qolar ekan (kuladi).
– Ko‘zga ko‘rinib qolasiz-da!
– Ha. Ko‘p yaxshi takliflar bo‘ldi. Men rad qilib keldim. Jamoani endi oyoqqa turg‘azyapman, meni tinch qo‘yinglar, mazza qilib ishlamoqchiman, dedim. Keyin saylov jarayonlari boshlandi. Nomzodlikka shundan keyin rozi bo‘ldim. Bu ham men uchun yangilik, yangi maktab edi. Buyoqqa ham harakat qilib, mana, hozir ikkinchi chaqiriqqa saylandik. Lekin biror joyda buncha uzoq muddatga ishlamaganman. Yoshmiz hali, to‘g‘ri, umuman aytyapman. Bu yil 8 yil bo‘lyapti. Men uchun juda katta maktab bo‘ldi. Ko‘p narsani tushundim.
– Gazetada ishlaganingizda sizni hokimlik majlislariga chaqirib, bezovta qilishmasmidi?
– Albatta, bo‘lgan. Shunaqa tartiblar bor edi, lekin bu har bir shaxsning o‘ziga bog‘liq. Oyoq osti bo‘lmay ishlash kerak. Men hokimlik bilan bog‘liq masalada bitta shart qo‘yganman: yo erkinlik bering yoki moliyaviy ta’minlang. Menga birinchi variantni berishgan. O‘zingni o‘zing epla, faqat chegaradan chiqmanglar, degan ma’noda. Menga shu kerak edi. Rozi bo‘ldim. Qisqa muddatda mustaqil qaror chiqarishni boshladim. Gazetani tiraji 800 ta edi, shuni besh baravarga oshirganmiz. Bir sohaga zamonga xos yangiliklarni olib kirish kerak-da. Va men bugungi kunda, aksariyat bosma matbuotning ba’zi hollarda oqsab yoki o‘rnini yo‘qotganining bosh sababini zamon bilan hamnafas ishlamayotgani va amaldorlar tomonidan unga rioya etilmaganligida deb bilaman. Sabablari ko‘p.
Zamon bilan hamnafas degandek, o‘sha paytlarda biz shunga harakat qilganmiz. Odamlar gazetani sayt, internet orqali o‘qiy boshlaydi va yashab qolishning asosiy yo‘li va daromad manbai shu bo‘ladi. Omma bilan hamnafas ishlash kerak. Jamoani shu soha boqadi. 2012 yilda biz harakat qilganmiz saytlarni ochib, ijtimoiy tarmoqlarda yurgizishni. Keyin tarqalgan. Men ketganimdan so‘ng yopilib ketdi. Hozir ko‘ryapmizki, tumanlarda hududiy darajada, bitta mahalliy gazetalardan ko‘ra odamlar oddiy blogerning blogini ko‘proq o‘qishyapti. Telegram tarmog‘ida va hokazolarda uning minglab obunachilari bor. Xabarini odamlar tezkor qabul qilishyapti. Gazeta esa haftada bir yoki ikki marta chiqyapti, qanchalik o‘qilyapti, bilmayman ham. Hatto davlat organlari ham bugungi kunda oddiy bloger bilan ishlayapti. O‘zlarining tezkor xabarlari, tadbirlarini yetkazishdek zamonning tezkor xabarlaridan foydalanishyapti. Zamon talabi shunaqa bo‘lyapti-da. Xohlaymizmi-yo‘qmi, bunday sharoitda «yashab qolish»ning yo‘li faqat zamon bilan qadamma-qadam yurish bo‘ladi.
– Lekin markaziy gazetalarning ayrim muharrirlari aytishyaptiki, gazetaga majburiy obuna qildirish kerak. Xalq o‘qimaydi, gazeta odamlar uyiga majburan borishi kerak, agar majburlanmasa, odamlar o‘qimaydi, deb fikrlaydiganlar ham bor.
– Gap ta’sir qilmaganga tayoq ham o‘tmaydi, deydilar. Majburlab bo‘lmaydi. Majburlik voyaga yetgunga qadar bo‘ladi. Shaxs kamolga yetguncha adashadi, uni shaxs bo‘lib shakllangunga qadar tarbiyalab bo‘ladi. Voyaga yetdimi, insonni imkon doirasida o‘zi qaror qabul qilishiga qo‘yib berish kerak. Aks holda, u teskari reaksiyaga o‘tishni boshlaydi. Qilma degan ishni qiladi va aksincha. Insonning psixologiyasi shunaqa. Agar u o‘z inon-ixtiyori bilan qiladigan ishini tushunsa, bu boshqa gap. Majburlash, bu doimiy chora emas. Baribir uning chegarasi qachonlardir to‘xtaydi. Va majburlanayotgan odam ham iste’molchi, u haq-huquqini talab qilishni boshlagan paytda bu tomonda argument bo‘lmaydi. O‘qish – ixtiyoriy va ma’lumot olish masalasida majburiylik o‘z samarasini bermaydi.
Baribir ixtiyoriylik bo‘lishi kerak. Baribir odamlarga qo‘yib berish kerak. Men majburlashga qarshiman. Chunki o‘zimdan kelib chiqishim mumkin-da, qiyos. Ich-ichimdan rozi bo‘lmasligim mumkindir. Endi birovlar chiroyli misollar aytadi. Bu bitta-ikkita holatda bo‘lishi mumkin. Ommaviy holatlarda hammada shunaqa deb bo‘lmaydi. Imkon darajasida ixtiyoriylikda ishlash kerak. Agar haqiqatan odamlarga foydali bo‘lsa, o‘zi shundog‘am qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi, shundog‘am qabul qilishadi.
Pul topgan marradami?
– Maktab davrida qaysi fanlarga qiziqqansiz? Aniq fanlargami, adabiyotgami, qaysi yo‘nalishga?
– Ko‘proq geografiya, tarixga, sayohat qilishga qiziqqanman... Olimpiadalarda qatnashganman. Respublikagacha chiqqanman. Geografiya, keyin tarix, adabiyotga ham qiziqqanman. Adabiyotda xatoligim shu ediki, roman, qissalar o‘qir edim tinimsiz, ammo she’r yodlashga kelganda, yodlolmasdim. Ikkita-uchta 5, ikkita-uchta 2, choraklik 3 chiqardi...
Bugungi yoshlar ko‘p bilim olish, ko‘p o‘qish, ularni kelajakka, yaxshi yashash, nufuzli darajaga olib bormaydi, deb o‘ylaydi. Bunga jamiyatning o‘zi aybdor. Qachonki yoshlar ko‘rib tursa, biliming bormi, haq-huquqingni bilyapsan, biliming zo‘r, lekin bir narsani talab qilgan vaqtingda qog‘ozdagi gaplarga amal qilinmasa-yu, yashirincha borib pulini berganingda hal bo‘lib ketadigan bo‘lsa... shuni ko‘rib turibdi-ku! Ming o‘qimishli professor bo‘l, lekin yashash darajang professor bo‘lmagan, maktabda yaxshi o‘qimagan, puldor biznesmendan pastroq darajada bo‘lsa...
Yoshlarda stimul bo‘lishi kerak. O‘qisang qanday yashaysan, o‘qimasang qanday yashaysan, degan farqi bo‘lishi kerak. Bugungi kunda bu – bozor iqtisodiga o‘tish degani. Umuman, bozor sharoitida yashashning shunaqa shafqatsiz talablari bor. U o‘zining natijasini ko‘rsatyapti. Yoshlar ko‘ryaptiki, bugun pul topgan odam minbarlarda, lavozimlarda o‘tiribdi hamda oshig‘i olchi. U ko‘p masalalarni hal qilib tashlaydi, kerak bo‘lsa, javobgarlikdan ozod bo‘lib ketyapti, jinoyat qilsayam. Korrupsiyami yo boshqami, uning ishi bityapti. Bu nimadan dalolat beryapti? Umumjamiyat ikkiyuzlamachi qiyofa bilan yashayotganidan dalolat beryapti. Men ko‘p yuraman sudlarimizda. Qonunni qo‘llovchi sudlarimiz haliyam to‘liq mustaqil bo‘lmagan bir paytda, bizning taqdirimiz ularning qo‘llarida bo‘lib turgan bir paytda, to‘g‘risi, qo‘rqib ketaman o‘zim ham ba’zan.
Biz-ku, bo‘larimiz bo‘lyapti, lekin bolalarimiz bunday bo‘lishmasin. Bolalar haqiqatan kitoblarda yozilayotgan, minbarlarda aytilayotgan kelajagi buyuk, sog‘lom, huquqiy ustuvor, qadri yuksak bo‘lgan jamiyatda yashasin, degan narsa menga kuch beradi. Mayli, kichkina-kichkina harakatlarni amalga oshirib ketyapmiz, hech bo‘lmasa chumolining og‘zidagi tomchi bilan olovni o‘chirmoqchi bo‘lgan rivoyatdagi misoldan bitta gap: uni o‘chira olmasak ham, qaysi tomonda ekanligimizni ko‘rsataylik. Umumiy muhitdagi holatdan kelib chiqib, testlardagi natijalarning pastligiga qarab, bo‘layotgan ishlarning oqibati deb o‘ylayman, xolos. Xalq ta’limi vazirini almashtirasizmi, kadrlarni yangilaysizmi, boshqami, uning o‘ziga bog‘liq emas. Bu kompleks masala.
Eng yomoni, ta’limdagi eksperimentlar. Men o‘zimni chalasavod, deb hisoblayman. Nega? Yozuv borasida. Maktabda avval boshida kirillcha o‘qidik, yarmiga kelgandan so‘ng lotinchaga o‘tdik. Zo‘rg‘a. Keyin universitetga borib, yana kirillcha o‘qidik. Ishga kelib ham kirillcha... Mana endi yana lotincha qo‘llanilyapti. Hozir endi lotincha yozishim kerak bo‘lsa, endi men chalasavodman. Rosa xato qilaman. Lekin o‘qiyveraman. Alaloqibat, mana, ta’limni nimaga olib keldik, eksperiment qilaverib.
Ta’limda eksperiment qilinadigan va qilinmaydigan tomonlar bor. Ya’ni, fundamental o‘zgarmas qoidalar bo‘lish kerak, unga tegish kerak emas. U siyosatga ham bog‘liq bo‘lishi kerak emas. Chalasavod qiladigan odamlar, mana, eksperiment qilaverishadi.
Mayli, korrupsiya, byurokratlikning oldini olishga qaratilgan, yoshlarga qandaydir qo‘shimcha motivatsiya beradigan tomonlarni isloh qilsin, lekin fundamental asoslarga tegish, tarixni o‘zgartirishga harakat qilish kerak emas. Tarixni boricha aytish kerak. Yangi davr boshlandi, eskisini yomon deyish yoki aksincha, eski davr yaxshi edi deb ko‘rsatishning nima keragi bor? Biz nima qilyapmiz? Bolalar buni ko‘rib turibdi-ku? Kitoblarda mavzularni o‘zgartirib yuboryapmizki, ikkiyuzlamachilikning qiyofasini o‘zimiz qilib beryapmiz. Eng yomoni shu. Endi vazirlik ham ta’lim bo‘yicha javobgarligini oshirishi kerak. Bu bitta vazirlikning ishi emas, oqibati, xolos. Mana, oddiy misol. Bir necha haftadan buyon o‘qituvchilar menga murojaat qilishyapti. Qonunda yozib qo‘yilgan: tibbiy ko‘rik o‘qituvchilar uchun bepul deb. Majburiy tibbiy ko‘rik. «Mehnat kodeksi», «Ta’lim to‘g‘risidagi qonun», «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunida, ya’ni 3 ta qonunda bor. Amalda esa bu qonun ishlamayapti. Men vazirlikning yoqasidan olay desam, biz tarafdormiz, lekin moliya pul bermayapti deydi. Sog‘liqni saqlashga aytadigan bo‘lsam, bizga pul to‘lamaguncha qilolmaymiz, deydi. Moliyaga aytsak, bu nimaga asosan hisoblanadi, deydi. Ko‘ryapsizmi, masala kimlarga bog‘liq? Ta’limda ham o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan mingta masala bor. Men ularning tarafini olmoqchi emasman, o‘zim ham o‘qituvchi oilasidan chiqqanim uchun bilaman. Biz endi sal ozod qildik o‘qituvchilarni boshqa ishlardan, majburiy mehnat, paxta, obodonlashtirish, xo‘jalik yumushlaridan. Ozod bo‘lgan o‘qituvchilar ta’limga e’tiborni kuchaytiryapti.
Eng yomoni, biz ta’limda erkak o‘qituvchilarni deyarli yo‘qotib qo‘ydik. Erkaklar o‘qituvchining oyligi oila boqishga yetmaydi, deb tashlab ketaverdi. Endi, ochiq ko‘z bilan aytaylik-chi, hozir ham ta’lim tizimi yoki men o‘qituvchi bo‘laman degan qat’iy stimul bilan intiladigan darajada turibdimi o‘qituvchilik kasbi? Biz qonunlarga to‘liq amal qiladigan, ikkiyuzlamachi bo‘lmagan jamiyat qurishga o‘tmas ekanmiz, ta’limda ham, boshqa sohada ham o‘zgarish bo‘lmaydi, nufuzi ham oshmaydi.
Qaysi sohada rivojlanish bor?
– Ta’lim haqida gap ketganda, shuni ochiq aytish kerak, biz bolalarni judayam erkalatib yubordik. Bu shaxsiy fikrim, albatta. Tartibni kuchaytirish kerak, deb o‘ylayman. Ko‘p o‘qituvchilar bilan suhbatlashsangiz, «o‘quvchiga 2 baho qo‘yish mumkin emas», deyishadi. Nima uchun? Ularning miyasiga qonun sifatida kirib qolgan bu. Sinfdan sinfga qoldirish mumkin emas. Bu maktabning reytingini belgilaydi. Yolg‘on maktabdan boshlanyapti-da.
– Shuni aytaman-da, ikkiyuzlamachilik, statistika uchun ishlash kerak, degan qoidalar majbur qilyapti. Shunga majbur qiladigan sabablarni yo‘qotish kerak. Boricha ishlash kerak. Nima keragi bor ko‘zbo‘yamachilik qilib?
– Koreyaga xizmat safari bilan borib kelgan sinfdoshim, o‘zi ilmiy ish bilan shug‘ullanadi, aytgan edi, u yerda kitob, ilmdan boshqa hech qanday yo‘l yo‘q, deb qaralar ekan. Metrodami, boshqa joydami, odamlar faqat o‘qir ekan. Bizning yoshlarimizda bunaqa tushuncha umuman yo‘q, ma’lum qatlam o‘qiydi, xolos.
– Nega shunaqa? Masalan, ishga kirishda asosiy talabni bilim emas, pul ham hal qilyapti-da. Buni yoshlar ko‘rib turibdi. Ko‘rgandan keyin fikri o‘zgaradi. Koreyada bunaqa emasdir-da. Ishni oxirigacha olib borish kerak aslida. To‘g‘risi, mendayam tug‘iladi shu savol. O‘zim ham ishonib kelayotgan narsalar ko‘pincha havoyi bo‘lib qolayotganiga juda afsuslanaman va hafsamni pir qiladi bular.
– Telegram kanalingizni kuzatib boramiz. Yaqinda o‘qib qoldim, Senat bilan bog‘liq holatni. Biz tasdiqlamagan qonunni ular o‘tkazmoqchi, dedingiz. Bunday kurashlar tez-tez bo‘lib turadimi? Biz uchun g‘alati bo‘lishi mumkin.
– Ha. Aslida bu normal holat. Bo‘lib turadi, odamlar bunga e’tibor beradi yoki aksincha. Oxirgi paytlarda sal ochiqroq ishlayotganlari uchun endi-endi ko‘rib turishibdi. Biz qonunni to‘g‘ri qabul qilganmiz, deb hisoblaymiz. Qancha bosqichdan o‘tgan. Qonunchilik palatasida hamma deputatlar professional. Ertalabdan kechgacha o‘tirib ishlaydi. Senat to‘g‘ri tushunmay qaytarganda ham e’tirozlar bo‘ladi. Ba’zan vakolatlarimizdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanmayapmiz. Senatga yuborib, prezidentga ham yuborish vakolatimiz bor. Bunday vakolatlardan biror marta foydalanmayapmiz. Ba’zi holatlarda, Senat qaytarayotgan ba’zi qonunlarni qaraydigan bo‘lsak, ko‘rsatkich uchun, omma uchun, qanaqadir natija uchun, mana shunchani qaytardik-ku, degan fikr uchun qilyaptimi, deb o‘ylab qolaman ba’zida. Qat’iy turaylik, degan ma’noda ziddiyatlar bo‘lib turadi. Bu normal holat. Demokratik davlatlarda juda ko‘p uchraydi. Bizda odamlar buni ko‘rmagani uchun g‘alati tuyulishi mumkin. Shunday bo‘lishi kerak. Silliq o‘tib ketaversa bundan xavotirga tushish kerak.
– Siz ijtimoiy hayotni kuzatib borasiz. Ayting-chi, O‘zbekistonda qaysi sohada rivojlanish bor? Ta’lim, huquq masalalarini gapirib o‘tdik. Xo‘sh, madaniyatdami, kino, turizm, sportdami, qaysi sohada bizda nisbatan rivojlanish bor?
– Umumiy aytganda, ba’zi sohalar sal olg‘a yuradi, keyin orqaga qaytish bo‘ladi. Turizm sohasida yaxshi rivojlanish bor, deb o‘ylayman. Yildan-yilga servis sohasi ravnaqini sezyapman. Joylarda sayyohlik ob’yektlarning ko‘payishi hisobida ko‘rish mumkin buni. Lekin yetarli darajada emas, muammolar judayam ko‘p. To‘g‘risini aytishim kerak, qoyil qilib qo‘ydi, demoqchi emasman. Nisbatan solishtirganda, orqaga ketish bo‘lmayapti. Muammolar bor. Turistik ob’yektlar ko‘paygan. Mana, yaqinda Samarqandga borganimda, rivojlanish borligini ko‘rdim, kelib-ketuvchilar soni oshgan. Bu sohani yanayam rivojlantirish yo‘llari bor. Xizmat ko‘rsatish sohasida bevosita o‘zgarishlar bor, monopol sohalarga qarab qolmagan. Kurashib, harakat qilib, sal-sal o‘zgarishlar bo‘lyapti.
Maktabgacha ta’lim sohamizga ko‘z tegmasin. Bog‘chalarimiz ko‘payib boryapti. Men o‘zim yashagan qishloq ahli 10 mingdan oshiq va aholisi zonalniy hisoblansa-da, bittayam bog‘chasi yo‘q edi. Ittifoq davrida 3-4 ta bog‘cha bo‘lgan. Hozir esa xususiy bog‘chalar ham ochildi. Men shuni sezdim, qamrov darajasida o‘zgarish bo‘lgani rost. Aholi bilan uchrashuvga borsak, 2-3 ta global masalaning bittasi bog‘cha bo‘lardi. Hozir shu muammoni ko‘pchilik aytmay qo‘ydi.
Monopoliyaga... ko‘nikish kerakmi?
– Avtomobilsozlik haqida gaplashaylik.
– Avtomobilsozlik, o‘sha-o‘sha davom etyapti. Avvaldan o‘yinlar qilinadigan bo‘lsa, hozir ochiqdan-ochiq bezbetlik bilan davom etyapti. Bizda eng ko‘p oyoqosti qilinadigan soha avtomobilsozlik deyman. Monopolistlarimiz iste’molchilarni xohlagan ko‘yga soladi. Eng yomoni, fuqarolarimiz o‘zini shunga munosib ko‘radi, va albatta, ularga shunday munosabat bo‘ladi.
– Boshqa variant yo‘q-da, shunga ko‘nadi, nima qilsin?
– Ko‘nmaydiganlar bor. Masalan, «Kaptiva-5» masalasida bir necha fuqaromiz sudgacha boryapti. Sudda iste’molchilar agentligi orqali monopoliyaga bergandi, shu monopoliya tomonidan ko‘rsatma berdi, majburan avtomobilni yetkazasan deb bitta fuqaroga. «O‘zavto»ning dileri sudga berib, sud qaytarib yubordi uning shikoyatini, ya’ni o‘sha avtomobilni berasan degan majburiyat haliyam bo‘ynida turibdi. Hozir sudning bir necha jarayoni bor, kuzatyapmiz, qani nima bo‘ladi, deb.
Men mamlakatda qonunlarda yozilgan huquqlar amalda ishlashini xohlayman. Oddiy fuqaroning foydasiga kelganda ham uning ishlashi tarafdoriman. Amaldorga kelganda ishlab, fuqaroga kelganda ishlamaydigan bo‘lmasin. Bu – ikkiyuzlamachilik. Agar odamlarda davlat yaratayotgan tartib-qoidalarga ishonch qolmasa, bu davlat faqat o‘zini o‘ylayapti, degan tasavvur bo‘ladi. Bunday mamlakatning kelajagi bo‘lmaydi. Bu yomon.
– Bevosita geografiyaga qiziqishdan kelib chiqamiz. Siz qo‘shni respublikalarni o‘rganib, tahlil qildingizmi, qonunga rioya qilish, qonunning ustuvorligi ularda qanday? Bizning darajamizdami yoki...
– Qaysidir sohalarda oldindadir, qaysidir sohalarda orqadadir, buni bilmadim. Lekin bitta narsani kuzatgandim. Masalan, Qozog‘iston Respublikasida 10-15 yil avval oddiy bekatda turgan odam ham tamaki chekishdan qo‘rqardi. Nega desangiz, jarimasi katta. Hozir ham jarima solishadi, deb qo‘rqadi. Ruxsat etilmagan biror joyda chekishmaydi. Ularning miyasida shu o‘tirib qolgan. Haydovchini ham, kerak bo‘lsa, yo‘lda mashinadan tushirib ogohlantirishadi. Shu masalaga e’tibor berganman. Endi ulardayam qanaqadir muammolar bordir. Biz ko‘pincha oddiy odamlar bilan gaplashganimizda ko‘rinadigan yaqqol masala, bu – odamlarning qonun bilan bog‘liq masalalari. Shuni ko‘p gapirishardi.
Bizda bu borada ko‘proq ekologik masalalarda oqsoqlik bor. Shuning uchun qo‘shni respublikalar bilan solishtirganda, biz orqada qolib ketganmiz desam, noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki oldinda ketayotgan tomonlarimiz ham bor, qonunchilikda ancha oldinga o‘tib ketgan tomonlarimiz bor.
Biz yangi konstitutsiya qabul qilyapmiz. Unda men mulk huquqiga doir masalalarga ko‘p to‘xtaldim, fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan huquqlari va boshqa masalalar bor... Amaldagi konstitutsiya, qonunlarimizda ham juda ko‘p huquqlar bo‘lgan o‘zi. Shundoq ham bor edi uning huquqi, asosi, lekin muammo nimada edi? Muammo – ularning ishlamasligi va amaldorlarning bunga amal qilmasligida. Amaldorlar tomonidan unga rioya etilmasligida. Masalan, xususiy mulk daxlsizligi masalasini olaylik. Uzoq vaqt davomida Fuqarolik kodeksi, boshqa qonunlardagi qoidalar asosida ularning mulk huquqi buzildi, ular mulkidan mahrum qilindi, majburiy ko‘chirildi, joylari buzildi. Lekin konstitutsiya aslida bunday bo‘lmasligi kerakligini kafolatlab qo‘ygan edi, ya’ni konstitutsiyaga qaralmadi.
Mana shu yili tarixda birinchi marta konstitutsiyaviy sudimiz o‘zining vakolatidan foydalanib, konstitutsiya normalari buzilyapti, tezda bekor qilish kerak, degan xulosa bilan qaror qabul qildi. Amaldagi muammo nimada? Biz yangi konstitutsiyani qabul qilamiz. Agar shu kadrlar bo‘lsa, konstitutsiyaga amal qilmaydigan, qonunni buzib, topshiriqni bajaradiganlar bo‘lsa, biz hech nimaga erishmaymiz. Yana eski hammom, eski tos bilan qolamiz.
Demak, yangi konstitutsiyani qabul qilish bilan birga konstitutsiyaga, qonunlarga amal qilmaydigan ikkiyuzlamachilardan kechish kerak degan siyosatdan borishimiz kerak. Bunday kadrlardan uzil-kesil voz kechish kerak. Jamiyatni, boshqaruvni tozalash kerak. Og‘ir, qo‘pol bo‘lib tuyuladimi, bu mening fikrim. Darhol yangi konstitutsiya bilan yangi qonni almashtirishni boshlab yuborish kerak. Ana shunda o‘zgarish bo‘ladi, albatta. Adolatli kompensatsiya orqali xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash degan indikator bor reytingda. Biz bu reytingda 139 ta davlat ichida 138-o‘rindamiz. Tepaga ko‘tarilamiz, deb umid qilaman. Men jamiyatdagi muammolarning bitta ko‘rinishini mulk daxlsizligi misolida ko‘rsatishga harakat qilyapman. Chunki shuning ichida yuribman. Qachonki odamlar o‘zining uy-joyi, vatani, mulkining daxlsizligiga ishonmasa, u yerda o‘sish bo‘lmaydi, investitsiya tikmaydi, u yerdan qochishga harakat qiladi. Avvalo, uning turarjoyi, mulki daxlsiz bo‘lishi kerak. Ana shunda qo‘rqmay harakat qila boshlaydi. Qo‘rquv bilan hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Birinchi shuni to‘g‘rilab qo‘ymasak bo‘lmaydi, degan masalada o‘ylab, shunga ko‘proq yopishganman. Shuning misolida aytyapmanki, yo‘li shu.
– Umid qilamiz-da.
– Albatta, odamzod umid bilan yashaydi.
– Xabar.uz o‘quvchilariga ikki og‘iz gapingiz bo‘lsa, marhamat.
– Shu umidni yo‘qotmay yuraylik. Jamiyatda kimdir kelib, yo uyim, yo mahallamga kelib o‘zgartiradi degan fikrdan yiroq bo‘linglar. Bunday fikr bilan yashamanglar. O‘zingiz o‘zgartirishga harakat qiling. O‘z hayotingizni o‘zingiz o‘zgartirishni boshlang. Ko‘pchilik harakat qilishni boshlasa, bu juda qisqa muddatda mamlakat bo‘yicha o‘zgarishlarga olib keladi.
Anvar NAMOZOV suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter