Prilepin va O‘zbekistonni bosib olmoqchi bo‘layotganlarga o‘z tilida «poshyol na x... » – sobiq deputat
Bir muddat oldin rossiyalik propagandachi-amaldor Zaxar Prilepin ochiqchasiga bosqinchilik g‘oyasini ilgari surgani, unda gap muhojirlar muammosi haqida boshlanib, sobiq SSSR hududlarini, jumladan, O‘zbekistonni Rossiya tarkibiga qo‘shib olishga hech kim qarshilik ko‘rsata olmasligi bilan tugagani haqida xabar berilgan edi.
Rus amaldorining ushbu iddaolariga deputat Inomjon Qudratov hamda sobiq deputat Rasul Kusherbayev munosabat bildirib chiqdi.
«Janob Prilepin, shuni yaxshilab o‘qib oling! O‘zbekiston mustaqil, suveren davlat. Uni bosib olishga, unda o‘z hukmini o‘tkazishga, xorijiy tilni o‘rgatishga hech kimning haqqi yo‘q va bunday surbetlik bilan e’lon qilingan fikrlar na xalqaro huquqqa, na sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi.
Aksincha, urushni targ‘ib qilish — bu jinoyatdir. Bizning ulug‘ xalqimiz muqaddas huquqimiz — mustaqilligimizni hech kimga, hech qachon berib qo‘ymaydi!
Mustaqilligimizni, suverenitetimizni, davlat chegaralarimiz daxlsizligini himoya qilishga kuch-qudratimiz ham, jur’atimiz ham yetarli», — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov.
Kusherbayev esa Prilepin va «O‘zbekistonni bosib olmoqchi bo‘layotgan boshqalarga, birinchidan, o‘z tilida «poshyol na x...», deb yozadi (rus tilidagi «poshyol na xren» iborasi «jahannamga ravona bo‘l» ma’nosida ishlatiladi, — tahr.).
«Afsuski Rossiya siyosatchilari tomonidan bu kabi bayonotlar berilishi ko‘paysa ko‘paymoqdaki, aslo kamaymayapti. Bu esa xavotirli.
Ikkinchidan, o‘zbekistonliklar boshqa maqsad yo‘lida birlashmasa-da, mamlakat mustaqilligini saqlab qolish yo‘lida birlasha oladilar.
Rasmiy Kreml mamlakat va xalqlar o‘rtasida urush va adovatni qo‘zg‘ayotgan bu kabi shovinistlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishi kerak. Aks holda O‘zbekistonni bosib olish bu ko‘pchilik tomonidan Kremlning kelajakdagi strategik rejasi sifatida qabul qilinadi», — deydi Ekologiya vaziri maslahatchisi, sobiq deputat Rasul Kusherbayev.
U, shuningdek, O‘zbekiston TIVdan bu borada o‘z pozitsiyasini qat’iy bildirishini, «bu bo‘yicha rasmiy Nota yuborishi»ni so‘radi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter