Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rangpar bemor qachon oyoqqa turadi?

Rangpar bemor qachon oyoqqa turadi?

Bundan o‘ttiz yil muqaddam – 1989-yil 21-oktyabrda o‘sha paytdagi parlamentning 11-chaqiriq 11-sessiyasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Shu to‘g‘risida qonun qabul qilindi.

Ushbu qonun loyihasi 2 marta xalq muhokamasiga qo‘yilgan. Aytish mumkinki, muhokamalar qizg‘in kechgan. Buni yozuvchi Odil Yoqubovning 1989-yil 20-oktyabrda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida e’lon qilingan maqolasidan ham bilish mumkin: «Tillar haqidagi qonun loyihasi muhokamasi 4 oycha davom etdi. Ziyraklik bilan razm solsak, muhokama qarama-qarshi ikki yo‘nalishda davom ettirildi. O‘zbekcha va ruscha matbuot organlarini kuzatsak, buni fahmlab olish qiyin emas. Gap shundaki, rus tilidagi gazetalar muhokamaning dastlabki kunidanoq ikki tillilikni zo‘r berib targ‘ib qila boshladilar. Buning uchun o‘zbek tili kambag‘al til degan bema’ni da’volardan ham qaytmadilar».

Bevosita sessiyada ishtirok etgan yana bir ziyolimiz – shoir Abdulla Oripovning fikrlari ham e’tiborga molik: «Ba’zi o‘rtoqlar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga birmuncha hadiksirab qarayotganga o‘xshaydilar. Men buni kechagi muzokaralarda ba’zi nutqlardan jindek bo‘lsa-da, payqadim. Ba’zi o‘rtoqlar ko‘proq o‘z manfaatlarini o‘ylab fikr yuritayotganga o‘xshaydilar. Dilda darding bo‘lmasa dard daftarimni kavlama degan ekan Mashrab. Biz jahondagi qadimiy bir tilning taqdiri haqida o‘ylayapmiz. Biz yaqin 10 – 15 yil ichida emas, balki 100 yillardan narida tilimizning holi nima kechadi, avlodlarga biz nimani meros qilib qoldiramiz, – shu haqda o‘ylayotibmiz. Bizning ro‘paramizda bamisoli rangpar bir bemor turibdi, uni oyoqqa turg‘iza olamizmi yoki yo‘qmi? Gap ana shu haqida borayotir. Keng qamrovda yondashadigan bo‘lsak, ona tilimizga davlat maqomi berilishini muhokama qilib o‘tirishning o‘ziyoq erish tuyuladi. Bu holat odam o‘z tuqqan onasini maxsus qaror bilan tasdiqlatib olayotganga o‘xshaydi» («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989-yil 27-oktyabr).

Ko‘rinib turibdiki, ona tilimizning davlat tili maqomiga ega bo‘lishi oson kechmagan.

Ona tili shunchaki so‘zlashuv vositasi emas, balki Vatanga muhabbat, ajdodlarga hurmat, milliy g‘urur ramzi hamdir. O‘z tilini asrab avaylagan xalq o‘zligini asrab avaylagan bo‘ladi.

Afsuski hali hamon o‘zbek tiliga bo‘lgan bepisandlikni ko‘rayotirmiz. Ayniqsa poytaxt ko‘chalarida do‘konlar, maishiy xizmat ko‘rsatadigan shaxobchalar ajnabiy tildagi nomlar bilan nomlanishi, tadbirlar rus tilida olib borilishi, ish yuritishni hatto rus tilida uchratish hollari ko‘p kuzatilmoqda. Shunday paytda Abdulla Oripov ta’kidlaganidek, o‘zbek tilimiz hamon bamisoli rangpar bir bemordek bo‘lib qolib ketmayaptimi?

Axir milliy tilsiz hech bir millat barkamol emas. Ma’rifatparvar bobomiz Alixonto‘ra Sog‘uniy bu haqda quyidagicha yozadi: «Arabcha, forsiychalarni yozish-so‘zlashgina emas, balki bu ikki tilda kitob yozish, she’r aytish qobiliyati menda bo‘lsa ham, o‘z turkiy ona tilimni boshqa tillardan ortiqroq ko‘rdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamay, insoniy tuyg‘ularidan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladi».

 Azizbek Ramazonov,
jurnalist,
«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring