Qurilayotgan yangi xalqaro aeroport qachon foydalanishga topshiriladi?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 250-qarori bilan «Toshkent-Sharqiy» aerodromi bazasida fuqarolik (xizmat) aviatsiyasining zamonaviy aeroport majmuasini qurish» loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlanib, «Toshkent-Sharqiy» aerodromi bazasida fuqarolik (xizmat) aviatsiyasining zamonaviy aeroport majmuasini qurish ishlari boshlangani haqida xabar bergan edik.
Mazkur inshootni qurish «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati zimmasiga yuklatildi. Toshkent xalqaro aeroportini qurish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Kompleksning bosh rejasi «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi qator institutlari mutaxassislari o‘z ishlanmalari bilan ishtirok etishmoqda.
Loyihaga ko‘ra, 2 ta terminal bunyod etiladi. Dastlabki terminal davlat rahbarlari va rasmiy delegatsiyalarni kutib olish uchun mo‘ljallangan. Bir vaqtning o‘zida 250 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladigan navbatdagi terminal ishbilarmon va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, kuniga 50 tonna yuk tushirish imkoniyatiga ega zamonaviy kargo bo‘limini ham qurish ko‘zda tutilgan. Bu bunyodkorlik ishlariga «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» unitar korxonasi jalb etilgan.
Har qanday aeroportning eng ahamiyatli hududi uchish-qo‘nish yo‘laklaridir. Shu bois aeroportning bu qismi qurilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yo‘lovchilarning va harakat xavfsizligini ta’minlash, samolyot hamda vertolyotlarning erkin parvoz etishida muhim bo‘lgan bu ob’yektning bunyod etilishida jahon tajribasidan keng foydalanilmoqda. Ushbu jarayonga Navoiy erkin industrial-iqtisodiy zonasida joylashgan halqaro aeroportni bunyod etishda ishtirok etgan ishchi-muhandislar jalb etilgan.
Uzunligi 4 kilometr, kengligi 75 metr bo‘lgan zamonaviy uchish-qo‘nish yo‘laklari bunyod etiladi. Mazkur bunyodkorlik ishlariga «Transyo‘lqurilishmaxsuspudrat» MChJ jamoasi ham qatnashmoqda. Shu kunga qadar bu yerda 139 800 kub metr tuproq ishlari bajarildi. Qurilish-montaj ishlarida 100 dan ortiq maxsus texnikalar va yana shuncha ortiq ishchi-xodimlar ishtirok etmoqda.
Kompleks doirasida bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyotni kutib olish va jo‘natishga mo‘’jallangan perron ham quriladi. Shuningdek, bir qancha qo‘riqlash, aloqa va xavfsizlik punktlari ham bunyod etilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi, «Boing-787»,«A-320» samolyotlari hamda 2 ta MI-8 vertolyotlarini saqlash uchun zamonaviy angar, Yong‘in xavfsizligi deposi tiklanadi. Shu bilan birga, dispetcherlik markazi va 100 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan ovqatlanish binosi ham barpo etiladi. E’tiborga molik yana bir jihat mutaxassislar qurilish jarayonida yuk tashuvchi «Boing-787-8» samolyotlari uchun to‘xtash maskani ustida ham ish olib bormoqda. Yoqilg‘i quyish shaxobchasi, ma’muriyat binosi, yuqori quvvatga ega nim stansiya va yoritish tizimi ham bir vaqtning o‘zida qad rostlaydi.
«O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» unitar korxonasi quruvchilari vertolyotlar uchun saqlash angarning poydevorida 60 foiz qazish ishlarini yakunladi. 2-terminal binosida 1000 kub metr tuproq ishlari bajarildi. Maxsus mexanizatsiyalashtirilgan yo‘l stansiyasi va «Toshkent mexanika zavodi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan xalqaro aeroporti hududini temir-beton devorlar bilan o‘rab olish ishlari olib bormoqda.
Qayd etish kerak, loyihaning birinchi bosqichi 2020 yilga yakunlanishi belgilab qo‘yilgan. Shu muddatda samolyotlarni qabul qilish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ishlarini boshlab yuborish mo‘ljallanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter