O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Qozog‘istondagi fojia qurbonlariga hamdardlik aksiyasini boshlashdi
2018-yil 18-yanvar kuni Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyati Irgiz tumanida avtobusda yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 52 kishi halok bo‘lgani va 5 kishi jabrlangani haqida xabar bergan edi. Bugun tongda mazkur fojiada qurbon bo‘lganlarning birlamchi ro‘yxati e’lon qilingan edi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, fojia qurbonlarining barchasi Namangan viloyatidan. Hozircha halok bo‘lganlardan 29 nafarining shaxsi aniqlangan xolos. Ism-familiyalarga nazar solinsa, bir xonadondan ikki kishi — 1986 hamda 1991 yilda tug‘ilgan aka-ukalar ham halok bo‘lganini ko‘rish mumkin. Bu fojia xalqimiz boshiga ulkan musibat bo‘ldi.
Ayni paytda ushbu fojiali hodisa oqibatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari halok bo‘lgani munosabati bilan xorijiy davlatlar rahbarlari nomidan hamdardlik maktublari kelmoqda. Maktublarda O‘zbekiston Prezidenti, xalqi va marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirilgan. Hamdardlik nomalari kelishi davom etmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istondagi fojia qurbonlariga hamdardlik aksiyasini tashkillashtirilmoqda. Namanganlik «Twitter» foydalanuvchisi Javohir Izzatullayev shunday yozadi:
«O‘zbekiston xalqiga murojaat qilaman! Qozog‘istonda tiriklayin yonib ketgan 52 qardoshimizga hamdarlik aksiyasini boshlayapmiz, hammamiz uquvimiz yetkanicha Qur’on tilovat qilib, marhumlarga bag‘ishlaylik va mana bu suratni ommalashtiraylik! #StandWithUzbekistan («O‘zbekiston bilan birga bo‘l!» — izoh bizniki) #JeSuisUzbek» («Men o‘zbekman!» — izoh bizniki)».
«Xabar.uz» bilan suhbatda ayni paytda Janubiy Koreyada tahsil olayotgan Javohir bu aksiyaga nima uchun qo‘l urganini quyidagicha izohladi:
— Fojiada halok bo‘lganlarning hammasi Namangandan. Ko‘pchiligi navqiron yigitlar. O‘zim ham namanganlikman. Shu bois bu hodisaga befarq qarab turolmadim. Xorijda o‘qiyotganim uchun marhumlarning oilalariga borib ta’ziya bildirishning imkoni yo‘q. Men kabi chet elda bo‘lganlar, qolaversa, O‘zbekistonning turli hududlarida yashovchi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu hodisadan qattiq qayg‘uda ekaniga shubha qilmayman. Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda maxsus xeshteglar orqali aksiya boshladik. Bu bilan og‘ir paytda birlashish, musibatzadalarga hamdard bo‘lish, marhumlar haqiga duo qilishdek ezgu maqsad ko‘zlangan. Zotan, fojia qurbonlariga bundan boshqacha yordam berishga ojizmiz. Fursatdan foydalanib hammani ushbu aksiyada faol qatnashishga chaqirib qolaman.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyatining Pastdarg‘om va Payariq tumanlarida bo‘lib o‘tayotgan Qur’on musobaqasining hududiy bosqichlarida Qur’on tilovatlari qilinib, Qozog‘iston fojiasidagi marhumlarning haqiga bag‘ishlangani, bunday savobli ishlar davom ettirilayotganini ma’lum qilgan edi. O‘zbekiston va Qozog‘istondagi masjidlarda bugungi juma namozi paytida qurbonlarning haqiga duo qilinishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter