Qonunchilik palatasining birinchi majlisi boshlandi (foto)
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.
Birinchi majlisning Muvaqqat kotibiyati, Sanoq komissiyasi hamda Ovozlarni hisoblash elektron tizimidan foydalanishni nazorat qiluvchi muvaqqat guruh saylab olindi va kun tartibi tasdiqlandi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risida axborot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq, quyi palata Spikerini saylash uchun Siyosiy partiyalar vakillari kengashi tuzildi. Mazkur kengashning taklifiga binoan, deputatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan Nurdinjon Ismoilovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri etib sayladilar.
Davlatimiz rahbari Spikerning bilim va tajribasi, fidoyiligini ta’kidlab, uning va palataning ishiga muvaffaqiyat tiladi.
— Sizlar tarixiy davrda tarixiy deputatlar bo‘lib saylandilaringiz. Bunga har kuni, har daqiqa munosib bo‘lishingiz, xalqchil qonunlar qabul qilib, aholi farovonligiga hissa qo‘shishingiz kerak, — dedi Prezident.
Shundan so‘ng majlisga raislik qilish vakolati Spikerga o‘tdi. Nurdinjon Ismoilov majlis kotibiyatiga kelib tushgan, 5 ta siyosiy partiya fraksiyasi rahbarlari tomonidan fraksiyalar tuzilganligi to‘g‘risidagi ta’sis bayonnomalarini o‘qib eshittirdi. Shunga asosan Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari ro‘yxatga olindi.
Deputatlar Qonunchilik palatasi Spikerining yangi ta’sis etilgan birinchi o‘rinbosari lavozimiga deputat Akmal Saidovni, Spikerining o‘rinbosarlari lavozimlariga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Aktam Xaitovni, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirovni, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Narimon Umarovni, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatovni va O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Boriy Alixonovni sayladilar.
Majlis davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter