Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qishloq qurilish invest» va «O‘zshahar qurilish invest» monopoliyasiga chek qo‘yiladi — deputat

«Qishloq qurilish invest» va «O‘zshahar qurilish invest» monopoliyasiga chek qo‘yiladi — deputat

Foto: Xabar.uz

Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurash va sud huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan videokonferens aloqa rejimida Qurilish vazirligi sohasida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan eshituv tashkil etilgan edi.

Unda qurilish sohasidagi normativ hujjatlardagi korrupsiyaga sharoit yaratuvchi norma va omillarni bartaraf etish hamda qurilish sifati bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Eshituvda vazirlik nomidan Qurilish vaziri o‘rinbosari E.Iskandarov axborot berdi.

Deputatlar qurilish sohasidagi bir qator reglament va qoidalarda korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillar mavjudligi keltirib o‘tdilar. Jumladan, «Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti», «Shaharsozlik normalari va qoidalari», Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 3 iyuldagi 302-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi hududida kapital qurilishda tanlov savdolari to‘g‘risida»gi Nizomda korrupsiyaga sharoit yaratuvchi qoidalar saqlanib qolgan. Bu o‘z o‘rnida qurilishda korrupsiya, qurilish sifatining yomonlashuvi va talon tarojliklarga sabab bo‘lmoqda.

Deputatlar so‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda ro‘y berayotgan talofatlarda asosiy yo‘qotishlar qatorida uy-joy va boshqa qurilish ob’yektlari hissasi katta ekanligini, bu o‘z navbatida qurilish sifatiga rioya etish hamda nazorat qilishda qurilish sohasidagi vakolatli davlat organining ma’suliyati bilan bog‘liqligini bildirib, vazirlikdan bunga izox so‘radilar.

Vazirlik bu borada mas’uliyatni o‘z zimmasidan soqit qilmasligi, so‘nggi vaqtlardagi talofatlarda qurilish sifatidagi muammolar yaqqol ko‘zga ko‘ringanini ta’kidlab, yaqinda qurilish sifati nazorati bo‘yicha alohida qo‘shimcha 40 ta shtat joriy etilib, mutaxassislar jalb etilayotganligini bildirib o‘tdi. Qurilish sifati nazorati bo‘yicha barcha imkoniyatlarni ishga solinishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, deputatlar joylarda dastur asosida barpo etilayotgan ko‘plab namunaviy uylarning sifatsizligi va unda yo‘l qo‘yilayotgan korrupsiya masalasi bilan bog‘liq savollar berishdi.

O‘z o‘rnida qurilish vaziri o‘rinbosari E.Iskandarov shu yil 1 mayda qabul qilingan «Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qaroridan kelib chiqib, 2020 yil oxiriga borib «Qishloq qurilish invest» va «Shahar qurilish invest» kompaniyalarining aholiga namunaviy uy-joy qurish bo‘yicha monopoliyasiga chek qo‘yilayotganligini ta’kidladi. Chunki, ushbu qarorga asosan xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan o‘z mablag‘lari va tijorat banklarining kreditlari hisobiga qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat berilgan.

Shuningdek, 2020 yil 1 maydan boshlab 2022 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslarga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Eshituv davomida 2018-2019 yillarda qurilish sohasida 365 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, uning 72 foizi korrupsiya bilan bog‘liq ekanligi keltirib o‘tildi.

Eshituv yakunida qo‘mita tomonidan yuqorida keltirib o‘tilgan holatlarning barataraf etilishi, qurilishdagi normativ hujjatlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishni monitoring qilib borish bo‘yicha qo‘mita ishchi guruhi tuzildi.

Qurilish vazirligiga qurilishdagi tanlov (tender)larni axborot texnologiyalarini joriy etgan holda onlayn rejimda tashkil etish va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha boshqa vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

R/S: shaxsan men qayerda monopoliya bo‘lsa o‘sha yerda sifatsizlik, iste’molchi bilan hisoblashmaslik va korrupsiya ro‘y beradi, deb hisoblayman. Oddiy aytganda monopoliya bu alohida tarmoqda mutlaq monarxiya, mutlaq podsholikdir. Ishqilib qurilishdagi monarxiya barham topayotgani va iste’molchi davri kelayotgani rost bo‘lsin!

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring