Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishloq hayotini o‘zgartirgan kelin

Qishloq hayotini o‘zgartirgan kelin

Qishlog‘imiz tumanning bir chekkasida. O‘qimishli odamlar kam edi. Besh-o‘n odam sovxoz bo‘limida ishchi, qolganlar o‘z kunini o‘zi ko‘rardi. Kunlar  shu zaylda o‘tar, odamlar to‘rtta tirraqi chorvasi orqali kun kechirar, qo‘li oylab pul ko‘rmasdi.

Keng-keng bog‘li hovlilarda ikki tup tut yoki mevali daraxt bo‘lsa bor, bo‘lmasa boshqa daraxt ekish hech kimni qiziqtirmasdi. Ko‘chatni parvarishlash, chorvadan asrash, ayniqsa uni sug‘orishning o‘zi bo‘ladimi! Hamma yashashidan rozi, sharoitga ko‘nikkan, kunlar shu zaylda bir xil o‘tardi. Qishloq odamlari ahil, nomusli, oriyatli va bir-birini aslo muhokama qilmasdi.

O‘sha yillari bir erkakning xotini qazo qildi. Ma’rakalar o‘tgach, erkak jo‘jabirday bolalari bilan qolgani uchun so‘rab-surishtirib shaharga yaqin bir qishloqdan kelin olib keldilar. Avvaliga qishloqda kelinning gaplari, ishlari rosa askiya va kulgi bo‘ldi. Kelin ham «Tegirmonga tushsa butun chiqadigan» xilidan ekan – aytganidan qaytmadi.

Nima bo‘ldi o‘zi, deysizmi? Boshidan eshiting.

Ko‘klam keldi. Kelin bunday qarasa, oilada toparmon yo‘q. Hayhotday yer bo‘m-bo‘sh. Eri va qaynilariga «Yerni chopib, ekin ekinglar», desa, «Suv bo‘lmasa ekin qanday ko‘karardi?» – deb masxara qilishdan nariga o‘tishmadi. Eriga bir aytdi, ikki aytdi – natija yo‘q.

Erta tongdan belini mahkam bog‘lagan kelin ishga tushdi. Bir kun o‘tdi, ikki kun o‘tdi, qarasalar yangalari yiqiladigan emas – kuni bilan yer chopib jo‘yak oladi. U paytlarda har hovlida o‘n uch-o‘n to‘rt metr chuqurlikdagi quduqlar bo‘lardi. Arqonga paqir bog‘lab suv chiqarib olinardi. Yanga kechqurun suv tortib, jo‘yaklarni to‘ldirar, boshqa payt yerning o‘tini tozalar... qarashsaki yer kundan-kunga yashnab boryapti! Eri, qaynilarida ham oriyat bor-da, sekin-asta ketmonni qo‘lga olib, yangaga qo‘shilishga majbur bo‘libdilar. Maydon atrofi yog‘och, temir-tersak bilan o‘ralibdi. Yoz kelib, ekinlar pishib-yetilgach, odamlar shu hovliga qatnaydigan bo‘libdi. Chunki, pomidor, bodring, sabzi, kartoshka, piyoz har kuni kerak! Ularsiz qora qozonning chiroyi ochilarmidi!

Hovli ham binoyidek yashnab, daraxtlar ko‘karibdi. Endi katta-kichik suhbatlar, tadbirlar shu hovlida o‘tkaziladigan bo‘libdi. Kelin kuzga borib hosildan qilgan daromadiga uch-to‘rtta qo‘zi olibdi. Kelasi yili quduqqa nasos solib, ekin maydonini yana kengaytiribdi. Ro‘zg‘orga baraka kiribdi. Endi hamma shu kelin to‘g‘risida gapirarmish, qishloqdagi qolgan erkak-ayollar ham u qilgan ishni biz qilolmaymizmi, deb ishga kirishibdi.

Qishloq, odamlar hayoti o‘zgara boshlabdi. O‘sha payti ko‘plar cho‘l sovxozlarga qovun-tarvuz ekib sotganidan qolganini hovlisiga olib kelar ekan. Shu kelin odamlarning uyiga borib, qovuningizni po‘choq qilib beraman, deb kuni bilan bepul ishlar ekan. Odamlar kiroyi yordamchi chiqqanidan xursand, qish o‘tib, bahor kelibdi. Kelin shahardan kelgan dehqonlarga ancha qimmat pulga besh-o‘n qop urug‘ sotibdi. Hamma hayronmish, qovun-tarvuz ekmagan bo‘lsa, buncha urug‘ni qayerdan oldi, deb. Keyin eslariga tushib, hammalari qoyil qolishibdi, kelinning aqlu farosatiga tan berishibdi. Axir kelin o‘sha payti yaroqsiz qovun-tarvuzlarni to‘g‘rash asnosida urug‘larni yig‘ib qo‘yavergan ekanda. Kelinning oppoq devorli hovlisida birinchi rangli televizor, mashina paydo bo‘libdi.

Qovun-qovundan rang oladi, deganlaridek, qishloq ahli sabzavotchilik, poliz bilan shug‘ullanib, o‘z daromadlariga ega bo‘lishibdi. Endi bozorda ularning moli turib boshqa mol o‘tmaydigan, shirin-shakar qovun-tarvuz, sabzavotlarni boshqalar ham shu qishloqning nomini aytib sotarmish. Kelin eri bilan uvali-juvali bo‘lib, qo‘sha qaribdi, el og‘ziga tushibdi, davralarning to‘riga chiqibdi. Endi hamma undan maslahat so‘rar va ularga qarab qadam tashlar ekan. O‘g‘illari katta shaharlarda o‘qib, el koriga yarabdi, qizlarini turli tomonlardan izlab, surishtirib kelib, aytgan shartlariga ko‘nib olib ketishibdi.

«O‘n qo‘shchiga bir boshchi», deb shuni  aytsalar kerak-da. Xudo yuqtirsa, boshchining erkak-ayoliga qaramas ekan. Hozir kelsangiz, bir paytlari tap-taqir yer bo‘lgan ko‘rimsiz qishloqda azim chinor, osmonga bo‘y cho‘zgan teraklar, shig‘il hosilli uzumzorlar sizni kutib oladi.

O‘sha jannatmakon go‘sha mening Baymoqli qishlog‘im, o‘sha ayol mening Nishonoy yangam bo‘ladi.

Abdug‘affor Shodmonqulov,

Jizzax viloyati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring