Qidiruvdagi shaxs IIV saytidagi ro‘yxatdan o‘chirildi, ammo buning sababi ma’lum qilinmadi
Prezident qaroriga muvofiq Musayev Behzod Anvarovich O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani haqida xabar bergan edik. O‘quvchilarimizga Behzod Musayev shaxsi va faoliyati haqida ko‘proq axborot berish maqsadida ma’lumotlarni qidirayotib, tasodifan Ichki ishlar vazirligining rasmiy saytida xuddi shu ismdagi O‘zbekiston fuqarosi qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida turganini aniqlaganimiz haqida ma’lum qilgan edik.
IIV saytidagi xabarga ko‘ra, qidirilayotgan shaxs 1973 yilning 12 dekabrida tug‘ilgan. U Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «A» bandi, 175-moddasi 2-qismi «A» bandi, 178-moddasi 3-qismi, 179-moddasi, 184-moddasi 3-qismi, 205-moddasi 2-qismi «A» bandi bilan ayblanib, qidiruvga berilgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytga kelib, IIV saytidagi mu ma’lumot o‘chirilgan. Biroq buning sabablari, shuningdek, qidiruvdagi shaxs Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Musayev Behzod Anvarovich bilan bitta odammi yoki boshqa-boshqa shaxslar ekaniga hech bir izoh berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, «Xabar.uz»ning aynan shu mazmundagi so‘roviga Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari bu haqda ma’lumotga ega emasligini ma’lum qilgan, xabar saytga joylanayotgan vaqtda esa IIV matbuot xizmati bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter