Qibraydagi bog‘ga «Yangi O‘zbekiston» nomi beriladi. Istiqlol majmuasi ham shu yerda quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida barpo etilayotgan bog‘ hududiga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi.
Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlangan Istiqlol majmuasi ham shu yerda barpo etiladi.
Prezidentimiz bu majmuaning tarixiy-g‘oyaviy ahamiyatini ta’kidladi.
– Bu yil mustaqilligimizning 30 yilligini nishonlaymiz. Lekin davlatchiligimiz 3 ming yillik. Bu ana shu buyuk tarixni ko‘rsatadigan majmua bo‘ladi. Bu yerga kelgan yoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ham shuni anglaydigan dalillar aks ettiriladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu bog‘ O‘zbekistonning yangi qiyofasini, ulkan salohiyatini, ko‘pmillatli xalqimizning jipsligi va ahilligini namoyon etadigan majmua bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shuni hisobga olib, bu muhtasham boqqa «Yangi O‘zbekiston» deb nom berishni taklif etdi. Yig‘ilganlar bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Davlatimiz rahbari jamoatchilik bilan birga yangi boqqa ko‘chatlar o‘tqazdi.
Avval xabar qilinganidek, mazkur bog‘ning yonida Olimpiya shaharchasi ham bunyod etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter