«Qarshi bo‘lmasangiz, 3 kun bo‘laman bu yerda» — Prezident samolyoti ilk marta Mo‘ynoq aeroportiga qo‘ndi
Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida 23 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga jo‘nab ketgandi. 30 yildan so‘ng faoliyati tiklangan aeroportda Shavkat Mirziyoyev faollar bilan suhbatlashmoqda.
— Qoraqalpog‘istonning 2 millionlik aholisini qanday qilib rozi qilish bizni o‘ylantiradi. Birinchi marta respublika rahbarlari 1 hafta davomida Qoraqalpog‘istonda bo‘ladi. Men ham qarshi bo‘lmasangiz, 3 kun bo‘laman bu yerda. Nega shimoliy tumanlarga viloyat rahbarlarini biriktirdim? Avvalambor, «mehr ko‘zda» deydi. Birgalashib Orolbo‘yining muammolarini ko‘rishimiz va hal qilishimiz kerak. To‘g‘ri, hamma narsani bugun qilolmaymiz. Bittada hammasi «bor» qiladigan davlatning o‘zi yo‘q. Lekin reja tuzib eng og‘ir joydan tiklash va rivojlantirishni boshlaymiz.
Bu aeroport ham faqat rasmga tushish uchun aeroport bo‘lmasligi kerak. Manfaat olib kelishi, odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishi kerak. Hozircha Toshkent-Mo‘ynoq-Nukus reysi haftada bir marta bo‘ladi. Agar sizlarda reysni ko‘paytirish, vaqtini belgilash bo‘yicha talablar bo‘lsa, istaganingizdek qilinadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Agar Toshkentdan tibbiyot sohasi vakillari Qoraqalpog‘istonga kelib ishlasa, ularning oylik maoshiga 100 foiz ustama haq to‘laymiz. Agar Mo‘ynoqqa kelib ishlasa ustama, ikki baravar bo‘ladi.
Prezident bu yo‘nalishda qaror ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter