Qamoqdagi Dauletmurat Tajimuratovning ahvoli bo‘yicha ma’lumot berildi
Ombudsman axborot xizmati ma’lum qilishicha, mustaqil Komissiya a’zolari Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 11-son Tergov hibsxonasiga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish hamda advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalardagi sharoitlar o‘rganishgan.
Shuningdek, tergov hibsxonasida ushlab turilgan shaxslar bilan suhbatlashildi.
Xususan, bo‘lib o‘tgan holatlar va voqealarda jinoyat sodir etganligi uchun hibsga olingan Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida D.Tajimuratov advokat bilan ta’minlanganini va advokatining u bilan uchrashishida hech qanday qarshiliklar yo‘qligini, oila a’zolari bilan ham qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazilganligini hamda posilka va yo‘qlovlar olayotganini ma’lum qildi.
D.Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan tergov harakatlari davomida va tergov hibsxonasida hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar bo‘lmagan. Ovqatlarning sifati va hibsxonadagi boshqa sharoitlarga hech qanday e’tirozi yo‘qligini bildirdi.
Komissiya a’zolari tashrif davomida gumon qilinuvchilarning Tergov hibsxonasida saqlanayotgan paytida va tergov jarayonlarida hech qanday huquqlari buzilmagani hamda ruhiy va jismoniy qiynoq holatlariga yo‘l qo‘yilmaganiga guvoh bo‘ldi, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, D.Tajimuratov iyul oyi boshida qo‘lga olingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter