Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pushaymonlik qismati yoxud gumrohlik girdobida

Pushaymonlik qismati yoxud gumrohlik girdobida

Foto: Xabar.uz

Taqdir yaratgandan, tadbir bandadan deyishadi. Bu naqlni inkor etmoqchi emasmiz. Tadbirli inson aql-idrok, fahm-farosat bilan ish tutadi, oqibati xunuk, oxirati kuyuk bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Tirikchilik g‘ami, ro‘zg‘or tashvishi deb duch kelgan ishga qo‘l urishni odobdan, insofdan deb bilmaydi.

Xorijga noqonuniy yo‘l bilan chiqish odamga pand berishi haqida ko‘p va xo‘b gapirganmiz, ko‘rganmiz ham.

Ayni kunlarda jamoatchilik e’tiborini tortgan bir manzarani kuzataylik. Prezidentimizning xayrixohligi va tashabbusi, mehridaryolik va insonparvarlik siyosati o‘laroq, Suriyada darbadarlikni boshidan kechirgan vatandosh ayol va bolalarni o‘z yurtiga qaytarish, munosib kutib olish va ularning holidan xabar olish gumanistik mohiyat kasb etadi.

Mana, uch kundirki, Chirchiq tumanidagi Bo‘ston sihatgohiga joylashtirilgan 156 nafar jabrdiyda ayol va bolalari bilan suhbat o‘tkazish va davolash ishlari olib borilmoqda. Ularning sog‘ligi va tinch sharoiti, yashashi uchun deyarli barcha zaruriy ehtiyojlar to‘la ta’minlangan.

Afsus va nadomatlardan ko‘zlari yoshlangan, o‘z xalqi va vatani marhamatidan sarhush bo‘lgan ayrim ayollarning bolalarini kuzatdik.

Biz, ya’ni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi «Ma’rifat» targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari bilan birga ish olib borayotgan psixologlar bolalarning ongi va tafakkuri nimaga bog‘langani bilan qiziqishdi.

Dastavval, ularga oq qog‘oz va rangli qalamlar berib, nimanidir chizishlarini so‘rashdi. Bolalar baland tog‘lar, keng qir-u adirlar, o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zilarni, nur sochib turgan quyosh, musaffo osmon va qanot qoqib uchayotgan qushlar tasvirini chizarmikin degan umid bilan ularni kutdik. Bir necha daqiqadan keyin ne ko‘z bilan ko‘raylikki, ular beliga granatalar bog‘lab olgan jangarini, tanklarni hamda ko‘kdan bomba tashlayotgan samolyotning tasvirini chizishdi. Suratidagi jangarini ko‘rsatib bu kim degandik? Viqor bilan «dadam» deb javob berayapti. Ularning diydasi qotgan, sirtdan kulishga intilishsa ham ko‘zlari tubiga yashiringan mung, ichki bir alamni sezmaslik aslo, mumkin emas.

Foto: Xabar.uz

Targ‘ibot guruhimiz, adashgan ayollar bilan suhbatlasharkan, ularning qilgan qilmishlari takrorlanmasligi va bir umrlik saboq bo‘lib qolishini, keyingi hayotini halol yashab, yetim qolgan bolalariga to‘g‘ri tarbiya berib parvarishlash zarurligini uqtirish va tushuntirishni maqsad qildi.

Tirikchilik ilinjida chet ellarda sarson sargardonlikda yashagan buning ustiga bolalarini ham ana shu iztiroblarga solgan ota-onalarning afsus-nadomatlari, fig‘oni falakka chiqqani rost. Otasi shahid ketib, farzandlarini, hatto yosh go‘daklarini ham bilib-bilmasdan ana shu qayg‘uga sherik qilgan, endilikda pushaymon onalarning qismati deyarlik bir-biriga o‘xshash. Tirikchilik tashvishida Rossiyaga borish va Turkiya orqali Suriyaga o‘tib iztiroblar iskanjasida qolish taqdiri bilan mushtarakdir.

Mana, ulardan ayrimlarining qismati.

Nodira Mustafoqulova 1993-yili Bekobod shahrida tug‘ilgan. Uchta farzand — ikkita qiz, bitta o‘g‘ilning onasi. Maktabni bitkazgach, har xil yumushlar bilan shug‘ullangan.

«Men hijobda edim. Mahalladan, turli idoralardan kelib hijobni yechishim zarurligini qayta-qayta aytishdan to‘xtashmasdi, — deydi u. — erim tinch yurish, ro‘zg‘or tebratish uchun chetga chiqib ishlash kerakligini aytdi va Rossiyaga ketishga qaror qildi. Oldi-sotdi, tijorat ishlari bilan shug‘ullana boshladi, onda-sonda kelib pul tashlab ketardi. Keyin bizlarni ham chaqirdi. Borib bir necha vaqt turganimizdan so‘ng kimlardandir Turkiyaga borish va yashash qulayligini aytib keldi. Nihoyat, Turkiyaga bordik. U yerdagi tirikchiligimiz ham ko‘ngildagidek bo‘lmadi. So‘ngra qayerdandir Suriyaga borish g‘oyasini topib keldi. E’tiroz bildirsam, ayol kishi eri qayerda bo‘lsa o‘sha joyda bo‘lishi kerak deb jerkib berdi. So‘zsiz itoat qildim, 2013-yilning noyabrida Suriyaga qarab yo‘l oldik. Bizlarni dastavval avtobusda chegaragacha olib borishdi. So‘ngra chegaradan u tomonga piyoda olib ketishdi. Suriyada 2 yilcha yashaganimizdan so‘ng urush boshlandi. Yashayotgan uylarimiz yer bilan yakson qilindi. Jon saqlash uchun har tomonga zir yugurdik. Samolyotdan tashlangan bombadan jarohat oldim. Mana ko‘rib turganingizdek chap qo‘lim va kichik barmog‘imda oskolka — o‘q qoldig‘i bor. Qizlarimga Juvayriya, Sumayya, o‘g‘limga Umar deb ism qo‘yganmiz. Suriyalik arablar o‘zbekcha nomlarni aytishga qiynalishardi. Kurdlar bosib olgandan keyin bizlarni keng bir dalaga olib chiqishdi, chodir qurib berishdi. So‘ngra yerto‘lada joy qilib yashashdan o‘zga ilojimiz qolmadi. Yo‘qsa, bomba ostida qolib ketardik. Ukam Alisher kurdlarning qo‘liga asir tushdi».

So‘ng bir chekkada ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan Shahnoza Kanatova ham o‘z dardini aytsa, yengillashishini o‘ylabmi, suhbatga qo‘shildi. U asli Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridan. 1982 yili tug‘ilgan. 3 nafar farzandning onasi.

«Erim Rossiyada qurilish ishlarida prorab bo‘lib ishlardi. Bizlarga pul yuborib turardi. Ukam ham erim bilan birga Rossiyada ishladi. Yurtga qaytishni ko‘p bor o‘yladim. Lekin ukalarim Shohruh va Shuhrat ustidan jinoyat ishi ochilgani uchun bizlarni ham qamab qo‘yishadi deb qo‘rqdim. Ularni Prezident avf qilganini, amnistiyaga tushib qamoqdan chiqqanini eshitganimdan so‘ng ko‘nglim xotirjam topdi. Oldiniga ishonmadim ham. O‘zimga dard ham orttirdim. Nafasim siqadi, astma kasaliga uchragan, hozir davolashyapti mana. Biz ham adashganlar qatorida Suriyada azob va iztiroblarga duchor bo‘ldik. Ota-onam temir yo‘l tizimida ishlagan, o‘zim Samarqand temir yo‘l texnikumini bitkazganman. Ular bilan birga bir muncha muddat ishladim ham. Erimni gapiga kirib ketganim, sarson-sargardon bo‘lganim uchun ota-onam bilan aloqa uzilganidan afsus-nadomatdamiz, adashganimizga iqrormiz» — dedi u. Suhbat qizg‘in bo‘layotgani bois yana uch to‘rtta ayol suhbatga qo‘shildi.

Nazarova Mehriniso 1978-yil tug‘ilgan. U ham Turkiya orqali Suriyaga borib gumrohlik girdobiga tushganlardan. U o‘z qismatini shunday hikoya qila boshladi:

«Erim Akmal Yo‘ldoshev Turkiyada kasallik orttirib davolanib chiqdi, jarrohlik operatsiyasidan so‘ng, oyog‘i oqsab yuradigan bo‘lib qoldi. Og‘ir yuk ko‘tara olmas edi. Uni ham jangarilar qatorida urushga olib kirib ketishdi. Qirg‘izistonlik yigitlar «Ering jangda o‘ldi, bomba ostida qoldi» degan mudhish xabarni keltirishdi. Taqdirga tan berdim. Ota-ona qabul qilmasa ham, yurt qabul qilgani bizni adashganligimizga yana bir bor iqror qildi».

Ular orasida 12 yoshida onasi bilan ketgan A.Alimovaning ayanchli qismati haqida gapirmasdan o‘tish mumkin emas. U 2000 yilda Toyloq tumanida tug‘ilgan. Onasi oilaviy kelishmovchiliklar sabab eridan ajralgan paytda, u 12 yoshda bo‘lgan.

2012-yili onasi uni bu yerda yashash, bosh ko‘tarib yurish endi qiyin deb o‘zi bilan Rossiyaga olib ketadi. Onasi Furqat ismli tojikistonlik bir yigit bilan turmush quradi. Furqat ularni bu yerdan ko‘ra Turkiyada yashash yaxshi deb Rossiya va Ukraina orqali Turkiyaga olib o‘tadi. Turkiyada ma’lum bir muddat turgach, bir kuni boshqa yerga ko‘chamiz deb keladi. Qayoqqa olib borilayotganini bilmagan ona-bola indamasdan unga ergashishadi. Keyin bilishsa, Suriyaga kelishibdi. 2014 yil noyabrda Xulofot e’lon qilinadi. 2015-yilda Furqat ham jangda shahid bo‘ladi. Keyin Aziza asli bekobodlik bo‘lgan A’zam Yo‘ldoshev bilan turmush quradi.

«Onam, — deydi u, — janggohdan qochmoqchi bo‘lganda Bag‘dodda asir tushgan. Hozir onam Bag‘dodda uchta ukam bilan yashashadi. Bizlar asli ismimizni o‘zgartirgan holda boshqa ism bilan yurganmiz. Onamning ikkinchi eri Furqat — Abdulloh, mening erim A’zam — Abdulhay, onam Feruza — Asiya, men esa Xadicha nomi bilan yurganman. Har kunimiz qo‘rquv va hadik bilan o‘tardi. Qachon qaysi bir daydi o‘q tegishini bilmay doim xavotirda yashardik. Prezidentning vatandoshlarni o‘z yurtiga qaytarishi haqidagi xushxabar tarqaldi. Oldiniga biz ishonmadik. Sizlarni borgan zahoti qo‘lingizga kishan solishadi, ishonmanglar deb qo‘rqitganlar ham bo‘ldi. Bizlar 4 ta avtobusda turnaqator bo‘lib kelayotgan edik. Avtobusda 300 tacha o‘zbekistonlik bor edi. Birinchi va to‘rtinchi avtobusni to‘xtatishdi, sizlarni sotib olishsa, yuboramiz deb do‘q-po‘pisalar qilishdi. Bo‘lmasa 15 ming dollardan Shiyalarga sotamiz deyishdi. Erimni ham qirg‘inbarot jangda shafqatsizlarcha o‘ldirilganini eshitdim».

Foto: Xabar.uz

Xuddi shunday ayanchli taqdir qarshilaganlaridan yana biri Gulchehra Komilovadir. U 1984-yilda tug‘ilgan. Besh nafar farzandning onasi. Qardoshlarining yana 3 nafar farzandini ham o‘z bag‘riga olgan. Uning tizzasida o‘tirgan Ibrohim ismli bolaga nogoh ko‘zim tushdi. Ibrohimning chap oyog‘idan tizzasining pastki qismi butunlay uzilib tushgan. Sababini so‘raganimda granatalar shodasi bog‘langan kamarni o‘ynab turgan paytida bilmasdan portlash sodir qiladi, oyog‘idan ajraladi, sal nari yoqda turgan akasi va singlisi ham qattiq jarohat olishadi. O‘zi haqida xorijga ketib qolish tarixini so‘raganimizda shularni so‘zlab berdi:

«Erim Rossiyada ishlar edi. Men 5 yil davomida uning yoniga borib kelib yurdim. Bularga ish bergan rossiyalik fuqaro bilan pul, ish haqi masalasida ular orasida ziddiyat kelib chiqadi. Oqibatda erim qotillikka qo‘l uradi va Rossiyada qamaldi. Men talmovsirab qoldim. Yashash uchun, tirikchilik qilish uchun mayda-chuyda ishlarni qilib yurdim. Bizlarga O‘zbekistonda qidiruv e’lon qilingani, bu xunuk xabarni eshitib dadamning bir kunda sochi oqarib ketganidan xabardor bo‘ldim. «Sen ro‘yxatga olindingmi, baribir, seni tergovga chaqirib zada qilishadi, shu sabab yurtingga qaytmaganing ma’qul», deyishdi. Men onamni rosa sog‘indim, o‘ligimni ham, tirigimni ham bilishmaydi hali, bizlar aslida, o‘qituvchilar oilasidanmiz.

Adashish kasb bilan bog‘liq emas, balki, irodaning sustligi, aql-idrok va fahm-farosat bilan bog‘liq ekan. O‘zbekistonga qaytish paytimizda ko‘pchilik ikkilanib turishdi. Bizni olib ketishga kelganlar «O‘zlaringiz ishonmasangiz, yetimlarni beringlar, biz ularni qarindosh-urug‘lariga beramiz, deyishdi. Shunda ham ko‘pchilik ishonmasdan qolib ketishdi. Biz esa nima bo‘lsa ham tavakkal qilamiz, jasadimiz yot yerlarda qolib ketgandan ko‘ra, o‘ligimiz o‘z yurtimiz tuprog‘ida bo‘lsin deb, qandaydir qo‘rquv va hadik bilan ishonqiramasdan keldik. Ishonchsizlik samolyotdan tushayotgan paytimizda ham bizni tark etmagan edi. Bizga eng yaqin odamidek munosabatda bo‘lgan hamyurtlarimizning, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, bemorlarimizga tashxis qo‘yayotgan doktorlarning mehr-u muruvvati oldida esankirab qoldik. Beixtiyor prezidentga rahmat deb yubordik.

Barchamizni reabilitatsiya qilishganini, hatto, har birimizga bosh-oyoq kiyimlar berilganini ko‘rib hayratdan yoqa ushladik. Qilmishlarimizga astoydil pushaymon bo‘ldik. O‘n yillar mobaynida yangi kiyim kiymagan va ko‘rmagan bolalarimizning ko‘zlaridagi xursandchilikni ko‘rib ich-ichimizdan ezildik, beixtiyor ko‘zlarimizga yosh qalqdi. Bemorlarimizni davolab farzandlarimizga turli o‘yinchoqlar sovg‘a qilinayotganini, o‘zlarimizga esa pedagog, psixolog va ma’naviyatchilarning turli ma’rifiy suhbatlar uyushtirishlari, konsert dasturlari tashkil etilayotganidan, ochig‘ini aytganda, lol qoldik».

(davomi bor)

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI Matbuot kotibi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring