Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Taqiqdagi «propiska»: Uni bekor qilish bo‘yicha uchinchi bor petitsiya yo‘llandi

Taqiqdagi «propiska»: Uni bekor qilish bo‘yicha uchinchi bor petitsiya yo‘llandi

Foto:«Xabar.uz»

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga propiska rejimini bekor qilish bo‘yicha uchinchi bor petitsiya yuborganini ma’lum qildi.

Kecha qiziq voqea bo‘ldi, shuni Sizlarga so‘zlam bersam.

«Mening fikrim» degan jamoaviy murojaatlar portali bor. Men bu portalni ko‘zbo‘yamachilikka ochilgan deb hisoblayman. Chunki shu kungacha 2 marta propiskani bekor qilish haqida petitsiya qoldirgan edim. Ammo birinchi petitsiyam ham, ikkinchi petitsiyam ham senzuradan o‘tmagan va hattoki ovozga ham qo‘yilmasdan rad qilingan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida propiska mavzusi ham tilga olindi va bu tizim davlatimiz rahbari tomonidan «30 yil davomida xalqimizning oyog‘iga solingan kishan» deb baholandi.

Shundan keyin o‘ylab qoldim. Balki endi propiska haqidagi propiskamni chiqarishar. Avval rad qilishganini tushunsa bo‘ladi, chumchuq pir etsa, yuragi shir etadiganlar bunaqa petitsiyalarni chiqarishga qo‘rqishgan. Lekin shaxsan Prezidentning o‘zi ushbu tizimni tanqid qilib turganda bunday petitsiyani rad qilish ahmoqgarchilikku!

Shunday xayol bilan portalga kirdim va propiska rejimini bekor qilish to‘g‘risida petitsiya qoldirdim. Lekin...

Lekin har qancha urunmay petitsiyani joylab bo‘lmadi, «Yuborish» tugmasini bosishim bilan yana orqaga qaytib qolaverdi. Hayron bo‘ldim. Xayolimga kelgan dastlabki fikr meni bloklashibdi deb o‘yladim. Shu sababli petitsiya joylashni do‘stlarimdan iltimos qildim. Ammo ular ham propiska haqida qoldira olishmadi. Sinov tariqasida umuman boshqa mazmundagi istalgan matnni kiritsak, baza qabul qilyapti, ammo aynan propiska haqidagisini joylab bo‘lmayapti.

Demak, bundan xulosa qilish mumkinki, portalda «propiska» degan so‘zni «qora ro‘yxat»ga kiritib, shu mazmundagi petitsiyalarni qabul qilmaydigan qilib qo‘yishibdi. Qoyil, barakalla! Bunaqa kallalar bilan O‘zbekiston kelajagi gullab-yashnab ketadi.

Taxminimni amalda sinab ham ko‘rdim. Ya’ni petitsiyadagi «propiska» so‘zlarining o‘rniga «doimiy ro‘yxatdan o‘tish» deb yozdim. Natija nima bo‘ldi, deb o‘ylaysiz? Ha, ha, ha – petitsiya qabul qilindi!

To‘g‘risi, nima deyishga ham hayronman... Birovlar jinoyatlarning oldini olish uchun pichoqlarning uchini o‘tmaslashtirsa, boshqa birovlar o‘ziga muammo bo‘lmasin deb, umumxalq fikrini bildiradigan portalda «propiska» so‘zini bloklashadi. 

Xullas, propiskani bekor qilish haqidagi petitsiya «propiska» so‘zlarisiz qoldirildi. Unda quyidagi takliflarni bildirdim:

1) propiska rejimini bekor qilib, uning o‘rniga shunchaki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tizimini joriy qilish;
2) propiskasiz fuqarolarga ikkilamchi bozordan uy olishga bo‘lgan taqiqni bekor qilish;
3) propiskaga qarab fuqarolarga turlicha davlat boji to‘lashni bekor qilish;
4) xuddi Rossiyadagiga o‘xshab, boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddatini 10 kundan 90 kungacha uzaytirish;
5) ro‘yxatdan o‘tishni vakolatli organdan ruxsat so‘rash emas, balki faqat xabardor qilish mazmunida belgilash.

Endi kutishimiz kerak. Qoida bo‘yicha ushbu petitsiya 15 kun ichida moderatsiyadan (senzuradan) o‘tishi kerak. Yoki petitsiyani ommaga e’lon qilishadi, yoki bu safar qonunga xilof ravishda rad qilishadi. «Yangi O‘zbekiston – Yangi Parlament» qanday qaror qabul qilar ekan, kutamiz.

P.S.: petitsiyani moderatorlar tasdiqlamaguncha ovoz berib bo‘lmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring