Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuratura yordami bilan ona va bolalarning huquqlari tiklandi

Prokuratura yordami bilan ona va bolalarning huquqlari tiklandi

Foto: «Xabar.uz»

Prokuratura organlari aralashuvi bilan ona va bolalarning buzilgan  huquqlari  tiklandi.

Qayd etilishicha, fuqarolar A.P. va O.P. 2008-yilda qonuniy nikohdan o‘tib, birgalikdagi turmushlari davomida ikki nafar farzandli bo‘lishgan. 

Bu oilaning quvonchidan hursand bo‘lgan N.P. o‘g‘li A.P.ga 2015-yilda alohida uy-joy hadya qilib, kelini O.P. hamda ikki nafar voyaga yetmagan nabiralarining mazkur uydan foydalanish huquqlarini ham tasdiqlab bergan edi.

Biroq, oilaning farovonligini saqlab qolishda A.P. mustahkam irodasini namoyish etish o‘rniga, 2019-yilda uyidan bosh olib chiqib ketib, marhum onasi N.P.ga tegishli bo‘lgan boshqa bir uyga ko‘chib o‘tdi.

Bunisi ham yetmagandek, qonuniy nikohdagi turmush o‘rtog‘i O.P. va ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining yashashi uchun boshqa uyi yoki boradigan biror-bir qarindoshi ham yo‘qligini bila turib, ularning yagona boshpanasini boshqa shaxsga sotib yubordi.

Aslida uyni sotib olgan yangi mulkdor shu yilning o‘zida sakkiz marotaba uy-joy oldi-sotdisini amalga oshirgan shaxs edi.

O‘z navbatida, yangi mulkdor ona va bolalarni uydan sud orqali majburiy tartibda chiqarib yuborish payiga tushib, bunga hattoki fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudining 27.10.2020-yildagi qarori bilan erishdi ham.

Bosh prokuratura hamda Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur fuqarolik ishi O.P.ning arizasiga asosan o‘rganilib, sud qaroriga nisbatan protest keltirildi.

Prokuror protestiga asosan ishni Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rish jarayonida nizoli uyning yangi mulkdori ham, shu uyni sotib yuborishga erishgan er ham ishga chaqirilgan bo‘lishiga qaramay, sud majlisiga kelmadi.

Ayni paytda esa Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 18.03.2021-yildagi ajrimi bilan prokuror protestida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra, O.P. va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari o‘zlari yashab kelayotgan uydan foydalanish huquqlarini saqlab qolishdi.  Ularni ushbu xonadondan majburiy tartibda ko‘chirish talabi esa o‘z o‘rnida rad qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring