Prezident Vladimir Jonibekovni orden bilan mukofotladi
Uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekovning 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uni «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotladi.
«O‘zbekiston 24» telekanali bergan xabariga ko‘ra, bu borada davlat rahbarining tegishli farmoni imzolangan.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov kosmonavtning Moskva viloyatidagi xonadonida mehmonda bo‘lib, unga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik maktubini o‘qib eshittirib, «Do‘stlik» ordenini topshirdi.
«Hurmatli Shavkat Miromonovich, menga bo‘lgan e’tiboringizdan minnatdorman. Men o‘zimning eng samimiy salomlarimni O‘zbekistonga – tug‘ilib o‘sgan Vatanimga, do‘stu birodarlarimga, menga bilim, hayotiy tajribalarni bergan Vatanimga yo‘llamoqchiman. Olijanoblik va atrofdagilarga mehr-oqibatli bo‘lish bu o‘zbek halqiga xos qadriyat. Bu tarixiy merosni asrab-avaylash kerak. Zero, inson uchun o‘zi tug‘ilib o‘sgan, ulg‘aygan yurtdan ko‘ra qadrdonroq yurt bo‘lmasa kerak. Men O‘zbekistonimga farovonlik va omad tilayman», – deydi Jonibekov.
Ma’lumot uchun, «Do‘stlik» ordeni O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hamjihatlikni mustahkamlash, O‘zbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do‘stligi va har tomonlama hamkorligini rivojlantirishdagi ulkan yutuqlari uchun topshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter