Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev va jurnalist Abror Zohidov dildan gaplashdi (video)

Shavkat Mirziyoyev va jurnalist Abror Zohidov dildan gaplashdi (video)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrifidan so‘ng asl kasbi shifokor bo‘lgan, hozirda kun.uz sayti muxbiri, jurnalist Abror Zohidov bilan dildan suhbatlashdi.

Suhbatda jurnalist Abror Zohidov ko‘plab bemorlar onkologik va gematologik kasalliklardan davolanish uchun xayriya so‘rab kelishi, endilikda operatsiya xarajatlarining 50 foizini davlat to‘lab berishini eshitib, juda xursand bo‘lganini aytdi.

«Bizga juda ham ko‘p bemorlar kelishadi. «Yordam beringlar, xalqimiz pul yig‘ib bersin. Biz chet elga ketishimiz kerak. Chunki O‘zbekistonda bunaqa sharoit yo‘q», deb. Mana operatsiya xarajatlarini 50 foizini davlat to‘lab berishi, barcha amaliyotlar O‘zbekistonda o‘tkazilishini eshitib ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Hatto ko‘zimga yosh keldi. Mutaxassisligim bo‘yicha o‘zim shifokorman. Hozirda ikki faoliyatni birlashtirib olib boryapman. O‘zim shaxsan taniyman bu yerda davolanayotgan bemorlarni. Hammasi bilan borib uchrashib, suhbatlashganman», – dedi Abror Zohidov.

O‘z navbatida Shavkat Mirziyoyev doim ushbu kasallikka chalingan yurtdoshlarimizga qanday yordam berishni o‘ylab yurishini, bugun ham bemor bolalar bilan suhbatlashganda yig‘laganini, yangi tizim asosida davlat ularga yordam berishi, buning uchun kerakli mablag‘lar ajratilishini aytdi.

«Bu gapni aytish oson. Ellik foizini davlat to‘lab beradi degani bu – 70 mingdan 100-130 ming dollar ketadi degani bitta operatsiyaga, – ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. – Abror, man sizning shifokorligingizni bilmagandim. Meni o‘zimni ham gematologiya bilan onkologiya muammosi o‘ylantirib, qiynab yurardi. Chunki ilik ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha markaz ham, mutaxassis ham, uskuna ham yo‘q edi. Rossiyada, Germaniya, Koreyada bu sohada tajriba bor. O‘sha yerlarni tajribalarini o‘rganib, kerak bo‘lsa, uskunalarini ham olib kelib, hamma viloyatda shunaqa markazlar tashkil qilamiz».

Prezident o‘z fikrini davom ettirib, quyidagilarni bildirdi:

– Toshkent shahrini o‘zida ham 6 gektar joy ajratib eng zamonaviy markaz quramiz. To‘g‘ri, bunga vaqt kerak, ammo Xudo xohlasa kelgusi yil mustaqillik bayramigacha foydalanishga topishiramiz.

Mayli, gemotologiya bo‘yicha Toshkentda bir narsa bordir, ammo viloyatlarda, Samarqandda ham hech narsa yo‘q.

Viloyatlarda ayollarni ko‘rikdan o‘tkazish yangicha bo‘lishi kerak. Ankologiya bu katta muammo.

To‘rtinchi bosqichga o‘tganidan keyin katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Bu o‘lim bilan olishish degani.

Mana bugun bemor bolalarni ko‘rdim. Hatto Andijon bir qiz yig‘ladi, o‘qishim kerak dedi. Man uni qabul qildim, chunki mendayam kvota bor. Mana bu dalda ular uchun kasallik bilan kurashish uchun bir immunetit bo‘lib xizmat qiladi. Ota-onasiga ham bevosita kasallik bilan kurashishga kuch bera oldik.

Shavkat Mirziyoyev sohalarda hali kamchiliklar ko‘pligini, ammo umid va ishonch bilan harakat qilinsa, albatta natija bo‘lishini ta’kidladi.

«Ishonch hosil qilishlaring kerakki, yo‘limiz to‘g‘ri. Kamchilik juda ko‘p, lekin bizga katta vaqt kerak. Ongli ravishda vatanni sevish, vatanga xizmat qilish kerak.

Albatta, o‘nqir-cho‘nqir bo‘lganday, hamma sohada birdaniga hamasini tuzatib bo‘lmaydi.

Bir kunda prezident qarori bilan hammasi zo‘r bo‘lganda edi, har kuni qaror qabul qilardim. Ming afsus, qaror qabul qilib, orqasidan o‘zim yurishim kerak. Chunki meni ijro, sifat, tartib-intizom, mas’uliyat qiynaydi.

Sizlar bilan birga shularni joyiga qo‘ysak, mas’ullar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lsangiz, har kuni ertalab «Abror kelsa nima deyman?» deb turishsa, o‘ylaymanki, hammasi yaxshi bo‘ladi», deya jurnalistlarga ishonch bildirdi prezident.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring