Prezident Toshkent shahriga aloqador qaror imzolashi kutilmoqda
Toshkent shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda tadbirkorlik va innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanadi. Prezidentning bu boradagi tegishli qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2020-2030-yillarda Toshkent shahrining yo‘l-transport infratuzilmasi ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bular uchun 15 yillik muddatga 200 million dollargacha Fransiya taraqqiyot agentligi va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlar moliya tashkilotlarining qarz mablag‘lari jalb etiladi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Bektemir va Sirg‘ali tumanlarining hududlaridan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi qirg‘og‘ining 16 kilometrlik qismini 65-80 metrgacha toraytirish va toraytirish natijasida hosil bo‘lgan bo‘sh yer maydonlarini elektron auksion orqali sotish va umumiy uzunligi 656 kilometr bo‘lgan piyodalar va velosipedlar yurish yo‘llarini qurish ishlari olib boriladi.
Shu bilan birga, Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida bo‘sh turgan va samarasiz ishlatib kelinayotgan inshootlar negizida «Ishbilarmonlik markazlari» faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Shuningdek, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkentdagi Inha universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida biznes-inkubatorlari ham tashkil etilishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter