Prezident topshirig‘i: xodimlar dam olish kunini oila davrasida o‘tkazsin
Ikki hafta oldin o‘tinchilarni misol keltirib «Yaxshi dam — mehnatga hamdam» degan post qoldirgandim. Unda ko‘pchilikning dardi bayon etilgan shekilli, post 300 ming marta o‘qildi va 600 ga yaqin izohlar qoldirildi.
Izohlar bir-biridan og‘ir, o‘qigan saring yig‘laging keladi. Birgina davlat ishida ishlaydigan xodimning turmush o‘rtog‘i «O‘g‘lim bog‘chada o‘rtoqlariga "mening dadam yo‘q", debdi» deya izoh qoldirganining o‘zi butun vaziyatni ro‘y-rost ko‘rsatib turibdi.
Mana shunday muhokamalar fonida, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha davlat organi rahbarlariga kechki majlisbozliklarga chek qo‘yish, davlat xizmatchilari, shu jumladan, rahbarlarning shanba kuni 17:00 dan keyin ishxonada qolmasliklari, yakshanba kunlari esa to‘liq oila davrasida bo‘lishni nazarda tutgan holda ishlarni tashkil etish bilan bog‘liq aniq ko‘rsatmalar bergani haqida 1-noyabr kuni xabar berdi.
Vazirlik xabarida, ushbu topshiriq qachon va qayerda berilganiga aniqlik kiritilmagan. Bunday deyayotganimning sababi bor, albatta.
Xotiramiz qisqa. Xuddi shunaqa topshiriq o‘tgan yili avgust oyida ham berilgandi.
Shunga hayron bo‘lib turibman, Prezident shu kunlarda yana bir bor avvalgi topshirig‘ini quyi bo‘g‘indagi ijrochilarga jiddiyroq qilib qaytardimikin yoki vazirlik o‘sha o‘tgan yilgi topshiriqni yana bir bor eslatdimikin?
Ammo boshqa narsa ham qiziq, Prezidentning avvalgi topshirig‘i berilganiga ham 1 yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsada, joylarda bu topshiriq ijrosi deyarli ta’minlanmadi. Shanba-yakshanba kunlari ish vaqtida biror jiddiy sezilarli yengillik bo‘lgani yo‘q. Albatta ayrim vijdonli rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli xodimlari normal mehnat sharoitlariga amal qilayotgan tashkilotlarni hisobga olmaganda.
Xodimlarini haq to‘lanmaydigan ortiqcha ish vaqtida ish joyida bo‘lishni talab etadigan, dam olish kunlari ham ishga chiqishga ko‘rsatma beradigan, xodimlariga o‘z vaqtida mehnat ta’tili bermasdan, xuddi robotdek ishlatadigan rahbarlarni hech qanaqasiga oqlay olmayman, uzr. Vatanparvarlikni ro‘kach qilib, «dam olmasdan ishlasak yurtimiz rivojlanib ketadi», degan asossiz vajlar bilan xodimlarini, yuqoridagilarni va o‘zlarini aldaydigan mutasaddilar balki mamlakatimizning rivojlanishini ortga tortayotgandir, kim bilsin...
Mayli, ko‘raylikchi, vazirlikning kutilmaganda bunday rasmiy xabar berishi bejizga emasdir balki. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim davlat tashkiloti rahbarlari va xodimlarining dam olish kunini oilasi davrasida o‘tkazayotgani haqida post qoldirayotgani ham bejizga emasdir balki. Balki Shavkat Mirziyoyevning 1 yil oldingi ushbu topshirig‘ini yaqinda kadrlar masalasi bo‘yicha Prezident maslahatchisi lavozimiga tayinlangan va zamonaviy dunyoqarashga ega bo‘lgan Sherzod Kudbiyev jiddiy nazoratga olishni boshlagandir, kim bilsin...
Yashasak ko‘raveramiz, yaxshi yangiliklardan umidvormiz...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter