Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident tilga olgan sobiq kollej direktori 10 ga yaqin moddalar bilan ayblanmoqda

Prezident tilga olgan sobiq kollej direktori 10 ga yaqin moddalar bilan ayblanmoqda

Foto: O‘zA

Bugun, 16-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudida Toshkent yuridik kolleji sobiq direktori N.Temirovaning jinoyat ishiga oid sud jarayoni boshlangani haqida xabar bergan edik.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudida Toshkent yuridik kollejining sobiq direktori N.Temirovaga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumani sudi sudyasi Bolat Sultonovning aytishicha, sudlanuvchi N.Temirova Jinoyat kodeksining o‘nga yaqin moddasi bilan ayblanmoqda. Mazkur jinoyat ishi doirasida Toshkent yuridik kollejida ish yurituvchi kotib hamda kadrlar bo‘limi inspektori bo‘lib ishlagan Abdulaziz Salimjonovga oid jinoyat ishi ham ko‘rib chiqilmoqda. U Jinoyat kodeksining uchta moddasi bilan ayblanmoqda.

Sud majlisida Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari Baxtiyor Yusupov N.Temirova va A.Salimjonovga nisbatan ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

N.Temirova Jinoyat kodeksining 167-moddasida nazarda tutilgan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishga oid jinoyatni juda ko‘p miqdorda sodir etgani, 168-moddada nazarda tutilgan firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishni juda ko‘p miqdorda sodir etgani aytildi.

Shuningdek, u Jinoyat kodeksidagi hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, mansab soxtakorligi, pora berish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish, yolg‘on guvohlik berish kabi moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarga aloqadorligi ma’lum qilindi.

A.Salimjonov esa Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan firibgarlik, pora berish, mansab soxtakorligi kabi jinoyatlarga aloqadorligi aytildi.

Mazkur jinoyat ishiga oid sud jarayoni davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring