Natalya Temirovaga jazo tayinlandi
Toshkent yuridik kollejining sobiq direktori Natalya Temirova ishi yuzasidan shu yil 16-martda boshlangan sud jarayoniga nuqta qo‘yildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi tomonidan N. Temirovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, eng kam oylik ish haqining 350 barobari miqdorida jarima va 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
«Natalya Temirova Jinoyat kodeksining bir necha moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlandi. O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishga oid jinoyatni juda ko‘p miqdorda firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishni juda ko‘p miqdorda sodir etish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, mansab soxtakorligi, pora berish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish, yolg‘on guvohlik berish kabi jinoyatlarni ham sodir etganlikda aybdor, deb topildi», — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi sudyasi Bolat Sultonov.
Toshkent yuridik kollejida ish yurituvchi kotib hamda kadrlar bo‘limi inspektori bo‘lib ishlagan Abdulaziz Salimjonov firibgarlik, pora berish, mansab soxtakorligi kabi jinoyatlarga aloqadorligi sababli sudlandi. Sud jarayonida unga qo‘yilgan ayblar ham isbotini topdi. Unga Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 310 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 6-oktyabr kuni Toshkent yuridik kolleji o‘quvchilari dars vaqtida kollej hovlisida o‘zaro janjallashib, pichoqbozlik qilishi oqibatida ularning biri vafot etgandi.
Sodir bo‘lgan mudhish voqeadan keyin Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur kollejda tekshirish o‘tkazilishi natijasida bu o‘quv maskanida boshqa jinoyatlar sodir bo‘layotgani ham aniqlangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
N.Temirovaga nisbatan 2017-yil 25-noyabr kuni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha jazo tayinlashda sud qonunchilikda nazarda tutilgan insonparvarlik va adolat tamoyillariga asoslandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter