Prezident temiryo‘l sohasidagi muhim vazifalarni aytdi
Yig‘ilishda import vagonlarining katta qismi poytaxt va viloyat markazlariga kirib kelishi oqibatida stansiyalarda tirbandlik yuqori bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan temir yo‘l yuk stansiyalarini shaharlardan tashqariga ko‘chirish imkoniyatini o‘rganish zarurligi qayd etildi. Bu shaharlarda yuk mashinalari harakatini qisqartirishga, tumanlarga qo‘shimcha investitsiya kirishiga xizmat qiladi.
Sohada raqamlashtirish qoniqarli darajada emasligi ham ta’kidlandi. Jumladan, joriy yilning yetti oyida yuk tashish xizmatining atigi 8 foizi elektron rasmiylashtirilgan, yo‘lovchi chiptalarining 57 foizi kassalar orqali sotilgan.
Bundan tashqari, markaziy vokzallarga kirib-chiqish imkoniyati cheklangan. Avtomobil saqlash joylari vokzallardan uzoq. Vokzallarda savdo va servis xizmatlari lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagan.
Poyezd to‘qnashuvlari holatlarining oldini olish uchun barcha avtomobil va temir yo‘l kesishmalarini nazorat qilish, yo‘l belgi, shlagbaum va kameralar o‘rnatish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ushbu muammolardan kelib chiqib, davlatimiz rahbari soha oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari»ni xoldingga aylantirib, tizimda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, jumladan, infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yo‘lovchi tashish xizmatlari hamda vokzallar boshqaruvini bir-biridan ajratib, alohida korxonalar tashkil qilish bo‘yicha bildirilgan takliflar ma’qullandi.
Vagonlar parkini yangilashga mo‘ljallangan kredit va kompensatsiya ajratish mexanizmlarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter