Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Komil Allamjonov Prezident tashrifi arafasida kuzatilgan ko‘zbo‘yamachiliklarga munosabat bildirdi (video)

Komil Allamjonov Prezident tashrifi arafasida kuzatilgan ko‘zbo‘yamachiliklarga munosabat bildirdi (video)

Komil Allamjonov —O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi.

Foto: «Nuz.uz»

O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov Davlat rahbarining hududlarga tashrifidan so‘ng internet nashrlarida e’lon qilingan ayrim xabarlarga munosabat bildirdi. U bu boradagi mulohazalarini «Facebook»dagi sahifasi orqali, jonli efirda bildirgan.

Avvalroq ba’zi viloyatlarda O‘zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida «bir kunlik issiqxonalar» qurilgani, Davlat rahbarining viloyatga tashrifi yakuniga yetgach, qo‘l uchida qurilgan issiqxonalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, avtomobil yo‘llari Shavkat Mirziyoyev tashifi arafasida «qo‘ldan o‘tar, egasiga yetar...» qabilida ta’mirlangani, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatidagi «Zarbdor Tekstil» korxonasiga tashrif buyurgan vaqti uning qarshisida haqiqiy ishchilar emas, balki yaqin-atrofdagi kollejlarda tahsil o‘quvchi qizlar xuddi ishlayotgandek bo‘lib o‘tirgani, korxona aslida hali ish boshlashga tayyor emasligi haqida materiallar paydo bo‘lgan edi. 

Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov «bundan xabardor» ekaniga alohida urg‘u berdi. «Keyingi masala — kuni kecha Jizzax viloyatiga bo‘lgan safar jarayonida bir tikuv sexiga bo‘lgan tashrif bilan bog‘liq: «U yerda ishlayotgan qizlar kollej o‘quvchilari, aslida bu ko‘zbo‘yamachilik bo‘ldi, bular ishchilar emas», degan fikrlar paydo bo‘ldi. Bu masalaga ham e’tiboringizni qaratib shuni aytmoqchimanki, bundan bizning xabarimiz bor», — deb aytgan K.Allamjonov. — Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, bu tikuv sexi 10 oy ichidayo‘q joydan paydo bo‘lgan. Hozircha bu sex 100 foiz quvvat bilan ish boshlagani yo‘q. Ta’mirlash, 100 foiz quvvat bilan ishlashni tashkil qilish jarayon ketmoqda. Korxona rahbarlari ushbu sex atrofidagi hududda istiqomat qiluvchi vaqtincha ishsiz ayollarga, korxonaga yaqin joylashgan kollejlardan, ixtiyoriy ravishda, talabgor qizlarga ish o‘rgatishni va kelajakda, kollejni bitirganlaridan keyin ularni ishchi sifatida qabul qilishni rejalashtirgan. Hozir esa faqat tayyorgarlik jarayoni ketyapti.

Kezi kelganda aytib o‘tmoqchiman — yillar davomida to‘plangan muammolar bir kunda, bir haftada, bir oyda hal bo‘lmaydi. Albatta, buning uchun vaqt kerak. Ushbu masalani to‘g‘ri tushungan holda, masalaga faqat bir tomondan emas, chuqurroq qarab baho berishingizni, munosabat bildirishingizni va Yurtboshimiz bugun olib borayotgan ishlarida ularga yelkadosh, ko‘makdosh bo‘lishingizni iltimos qilamiz va shunga chaqiramiz».

Bundan tashqari, Prezident ko‘rsin uchun nomiga qilingan issiqxonalar va ularning ahvoli haqidagi xabarlarga ham izoh berdi. Uning aytishicha, Prezident borib ko‘rgan issiqxonalarni «bir kunda, birgina tashrif uchun barpo etish mumkin emas». Shu sababli u buni ko‘proq bo‘rttirilgan bir material deya baholagan. «Agar bu issiqxonalar Prezidentimiz ketganlaridan keyin yo‘q bo‘lib qolgan bo‘lsa, buzib tashlangan bo‘lsa yoki ularning vaqtinchalik ekanini isbotlovchi biror bir dalil bo‘lsa, fuqarolarimizdan juda ham iltimos qilib qolardik», — deb aytgan Komil Allamjonov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring