Prezident suv ta’minoti og‘ir hududlarni sanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda aholi tomorqalarida eng katta muammo — suv ta’minoti bo‘layotganini aytib o‘tgan.
«Misol uchun, Qashqadaryodagi 65 ming gektar tomorqadan 24 ming gektarida suv muammo. Buning sababi — tuman hokimlari suv tarmoqlarini tiklash, quduqlar qazish, ariq va zovurlarni tozalash ishlarini vaqtida lozim darajada bajarmagan», degan davlat rahbari.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga:
- ekin turlari joylashuvidan kelib chiqib, aholi tomorqalarini sug‘orish uchun 4 milliard kub metr suvni taqsimlash;
- har bir mahalla kesimida ariq ochish, tozalash, tarmoqlarni tiklash bo‘yicha grafikni tasdiqlab, ishlarni boshlash topshirilgan.
Bu ishlar uchun respublika budjetidan 50 milliard so‘m, mahalliy budjetlardan yana 50 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, Qo‘shrabot, Nurobod, Konimex, Peshku, Chiroqchi, Jarqo‘rg‘on, Boysun, Ohangaron, G‘allaorol, Farg‘ona kabi tumanlarida suv ta’minoti og‘ir mahallalarda quduq qazish va nasos o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplashga budjetdan 50 milliard so‘m ajratiladi.
Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga 1 oktyabrga qadar:
- 4,5 ming kilometr sug‘orish tarmoqlarini tozalash va 231 kilometrini betonlash;
- 3 mingta gidrotexnik inshootni ta’mirlash;
- 3,5 mingta nasos o‘rnatish, 490 kilometr nasos quvurlarini ta’mirlash va 281 ta quduq qazishni ta’minlash topshirilgan. Ushbu maqsadlar uchun 300 milliard so‘m mablag‘ bosqichma-bosqich ajratiladi.
«O‘tgan yili dekabr oyida 2022 yil uchun tijorat banklariga 2 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslari berilgan edi. Biroq bugungi kunga qadar tijorat banklariga kiritilgan 790 milliard so‘mlik talabnomadan atigi 53 foizi, ayrim hududlarda esa 25-30 foizi moliyalashtirilgan xolos», degan prezident.
Aytilishicha, mahsulot yetishtirishni moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha yangi tizim joriy etiladi. Bunda mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan yillik 10 foiz stavkada Bog‘dorchilik agentligiga bir yilga beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter