Prezident shifokorlarning maoshi bo‘yicha farmonni imzoladi
Prezidentning «Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, 2022-yil 1 iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:
- oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga;
- ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga;
- tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshiriladi.
Bunda, tibbiyot muassasasi xodimlarining tarif stavkalarini hisoblash amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini tegishincha 1,15 va 1,1 barobarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek:
- xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga ajratilgan mablag‘lar hisobidan davlat tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
- yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
- oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter