Prezident kitob o‘qing deydi, vallomatlar esa...
– Opa, kutubxonangiz taqdiri nima bo‘ldi? Ta’mirlashadimi yoki yangisini qurib berishadimi?..
Farg‘ona viloyat ilmiy-tibbiy kutubxonasi taqdiri haqida qayg‘uraverganimdan hamkasblarimning «kutubxonangiz» deyishlariga ham ko‘nikib ketganman. Bu haqida «Xabar.uz»ning o‘zida bir emas, ikki bor maqola chiqdi.
Mavzuga oid: 127 yillik kutubxonani kim qutqaradi?
«Ekstrenniy» hududiga yangi bino qurib berilsagina muammo to‘g‘ri yechimini topadi», – deyman ularga qisqagina qilib. Turgan gapki, orzuga ayb yo‘q, degan javob olaman. Shifokorlar nima deydi deng: «Xabar» kutubxonani saqlab qoldi. Jurnalistlar bong urmaganda, kutubxonadan asar ham qolmasdi (sababi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida kitoblarni bir qancha kutubxonalarga tarqatib berilishi masalasi ham ko‘rilgan ekan). Shu hech kimga keragi yo‘q, chakka o‘tadigan, qurilganidan buyon ta’mirlanmagan uchinchi qavat ham qayda edi!»
Muhimi, odamlar kutubxonaga befarq emaslar. Kitobga oshno qalb borki, bu masalaning odilona hal qilinishidan umidvor.
Mavzuga oid: «Kimligimni bilasanmi, men hokimman!»
Kutubxona direktori Elmira Ibragimovnaga vaziyat qandayligini so‘rab qo‘ng‘iroq qilganimda, u «Xabar» muharririga iltimosnoma yozib qo‘yganini, o‘zi ham menga bog‘lanay deb turganini ma’lum qildi. Quyida ana shu maktubni havola etamiz:
«Kutubxonamiz umumdavlat axborot mulki hisoblanadi. 1891-yildan buyongi tarixiy-tibbiy hujjatlar va adabiyotlar asrab-avaylab kelinayotgan beqiyos xazinamizdir. Biz viloyat tibbiy-ilmiy metodik markaz sifatida ham talay muvofiqlashtiruvchilik ishlarini bajaramiz. Hozirgi zamonda tibbiyot ilm-fani jadal rivojlanishda. Tibbiyot, sog‘liqni saqlash sifati yuqori darajada bo‘lishi uchun tibbiy-ilmiy kutubxonalar, ayniqsa, elektron kutubxonalar nechog‘li muhim ekanligini ta’riflab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. Ammo biz ko‘chganimizdan buyon ishimizdan qoniqmaymiz. Sababi, bu yerda ishlash uchun hech qanday sharoit yo‘q. Harbiy xizmatga chaqiriluvchilar poliklinikasining uchinchi qavati yozda qaynab yotadi, qishda chakka o‘tadi. Poliklinikaning birinchi qavatidan yurib, uchinchi qavatga ko‘tarilamiz. Muammolarning oxiri ko‘rinmaydi, bizning oldingi binomiz qayda ediyu bu bino qayda! Teng yarmicha ham kelmaydi. Mazkur muassasa bilan ish tartibimiz ham mutlaqo mos kelmaydi. O‘quv va kompyuter zallari, xodimlar uchun ish joylari haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Eng yomoni, asosiy o‘quvchilarimizdan uzoqda joylashganimiz. Oqibatda ilmiy ishlar bilan shug‘ullanuvchi butun vodiylik shifokorlar, Farg‘ona tibbiyot akademiyasi o‘qituvchilari, talabalariyu amaliyotchilari hamda tibbiyot kollejlari o‘quvchilari fondimizdan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi. 1998-yildan buyon viloyat shifoxonasi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona viloyat bo‘limiga tegishli yettita bino shaxsiy qo‘llarga berib yuborildi. Demoqchimanki, haliyam kech emas, hududda kutubxona uchun yangi bino qurilishi faoliyatimizni tubdan yaxshilashga olib keladi, o‘quvchilarimizning ham tarixiy va boy ilmiy manbalardan o‘z vaqtida bahramand bo‘lishlari ta’minlanadi.
Viloyat prokuraturasi tomonidan Farg‘ona shahar hokimligining 2018-yilda kutubxona joylashgan binoni buzish bilan bog‘liq qarorlari tekshirilganda qonunlar buzilganligi aniqlangan va shahar hokimligiga bu qonun buzilish hollarini bartaraf etish haqida taqdimnoma chiqarilgan.
Hurmatli muharrir, 1976-yilda ilk marta ajratilgan joyda yangi bino qurilishini qo‘llab-quvvatlashingizni o‘tinib iltimos qilaman.
Imzo: E.I.Dobrova».
Kutubxonaga kim bino qurib beradi?
Viloyat prokuraturasidan direktorga ana shu mazmunda kelgan xatga ham ancha vaqt bo‘libdi. Biroq natijadan darak yo‘q. Masalaga aniqlik kiritaylik. Xullas, Koreya davlatining «Listem» raqamli rentgen apparatlari ishlab chiqaradigan zavodi bilan «MDM Yuldashev» xususiy klinikasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, kutubxona joylashgan bino buzilib yer ajratilgan! Qanday qoliplarga sig‘adiki, xususiy tibbiyot sektori sohasini takomillashtirish uchun aynan kutubxona binosi joylashgan yer kerak bo‘lsa. Xuddi boshqa joy yo‘qdek. Klinika o‘zi joylashgan hududni kengaytirib oldi, unga shu qulay-da! Kutubxona qismati nima bo‘lsa bo‘laversin. Ko‘chada qoldirishmas. Kutubxonalar ko‘chishi kitoblar uchun, aslida odamlar uchun qanchalar fojia sanalishi, kitoblar yirtilishi, titilishi, sifatiga tuzatib bo‘lmas shikastlanishlar kitoblarni adoyi tamom qilishi, noyob kitoblarning yo‘qlikka yuz tutishi bilan klinikaning nima ishi bor! Ajabki, xuddi shu inson — ilmiy ishlarga ham jahd qilgan F.Yuldashev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi direktorligi davrida kutubxonani rekonstruksiya qildirgan va tantana bilan ochilish marosimini ham o‘tkazgan edi. Koreyalik hamkorlar aniqki, kutubxona shunday sarsongarchilik va loqaydlik qurboniga aylanayotganidan bexabar bo‘lganlar. Aks holda bunday noxolis, adolatsizlik, ma’naviyatsizlik asosidagi hamkorlikdan voz kechardilar albatta! Ma’rifatsizlik dardiyu moddiy dunyo muhabbati olimlarni ham mahf etayotgan bo‘lsa, kimdan omonlik so‘raylik, kimlarga suyanaylik.
Prezidentimiz kutubxonaga, kitob mutolaasiga, kitobxonlik madaniyatini oshirishga, ya’ni-ki, ma’naviyatni yuksaltirishga davlat darajasida ahamiyat berayotganda bu yerda kutubxonaga ortiqcha bosh og‘riqday qaralmoqda. Yana qanday kutubxonaga deng, bundan roppa-rosa 128 yil avval shifokorlar uyushmasi a’zolari o‘z mablag‘lari hisobidan tashkil etgan, o‘z kitoblarini vasiyat qilib qoldirish an’anaga aylangan, hozirgi kunda 76 ming kitob fondiga, 35283 axborot manbaiga, 85655 kartotekaga ega oltin xazina – kutubxonaga!
O‘ylab o‘yingga yetolmaysan. Bu kechirib bo‘lmas munosabatga kim chek qo‘ya oladi?! Kim kutubxonaga yangi bino qurib beradi? Farg‘onalik shifokorlar o‘zlari bunyod etgan kutubxonani boyitishga, saqlab qolishga intilmoqdalar. Lekin bu ham samarasiz qolmoqda. Balki kutubxona buzilishidan manfaatdor vallomatlar o‘zlari yo‘l qo‘ygan xatoni o‘zlari tuzatarlar?! 2 yoki 3 qavatli bino qurilsa, uchinchi qavatida viloyat tibbiyot tarixi muzeyi tashkil etilsa... Qanchalar buyuk ish bo‘lardi-ya!
Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat hokimligi-chi? Ulardan qanday yordam bo‘ladi?!
Hafiza Salyahova,
«Xabar»ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter