Prezident farmoni bilan 104 nafar mahkum afv qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig‘i sifatida «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 104 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 6 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 50 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 17 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 41 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 13 nafarini chet el fuqarolari, 9 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 1 nafarini ayol hamda 21 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter