Prezident Buxoroda yangi aeroport qurilishiga start berdi
Buxoroda yangi aeroport va yangi yirik tuzilmalar qurishga start berildi.
Davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi ulkan loyihalarga asos bo‘lishi yaxshi an’anaga aylangan. Bu gal ham shunday bo‘ldi – Buxoro viloyatida yirik energetika va transport majmualarining qurilishi boshlandi.
Mamlakatimizda so‘nggi 5 yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,4 barobarga ko‘payib, birgina o‘tgan yilda 553 trillion so‘mni tashkil etdi. Buxoroda esa bu ko‘rsatkich 1,6 barobarga oshib, 30 trillion so‘mga yetdi.
Viloyatda 7 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 41 ta va yana shuncha qiymatdagi 39 ta mahalliy loyiha bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Endi yana uchta yirik inshoot – gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi, Buxoro xalqaro aeroporti qurilishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur loyihalarning ahamiyati haqida so‘zladi.
Ulardan biri “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida quriladigan gaz-kimyo majmuasidir. U “methanol to olefins” (MTO) texnologiyasi asosida ishlaydigan yurtimizdagi birinchi zavod bo‘ladi.
Loyiha doirasida qariyb 5 milliard dollar investitsiya jalb etilib, AQSh, Germaniya, Daniya, Avstriya, Italiya va Xitoyning eng ilg‘or texnologiyalari keltirib o‘rnatiladi. Yagona majmua doirasida yiliga 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz va 430 ming tonna nafta qayta ishlanib, yurtimiz va jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan 1,1 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday mahsulotlar gaz narxiga nisbatan 5 barobar ko‘p qo‘shilgan qiymat beradi.
Yangi zavodda 2 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, u qurilish, to‘qimachilik, charm-poyabzal, avtomobilsozlik, elektrotexnika va boshqa turdosh sohalarda o‘nlab korxonalar, yana 4 mingta ish o‘rni ochilishiga turtki bo‘ladi.
Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida Buxoroda nafaqat turizm, balki sanoat ham haqiqiy “drayver”ga aylanadi.
Iqtisodiyotning barqaror o‘sishi elektr energiyaga bo‘lgan talabni yiliga o‘rtacha 6 foizga oshirmoqda. Shu bois joylarda yangi generatsiya quvvatlari barpo etib borilmoqda.
So‘nggi yillarda 2 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 2 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi. Bugungi kunda xorijiy sheriklar bilan jami 19 milliard dollarlik 18,3 gigavattli 32 ta “yashil” generatsiya quvvatlari qurilmoqda.
Joriy yilning o‘zida 14 ta quyosh va shamol stansiyasining dastlabki 2,6 gigavatti tarmoqqa ulanadi. Natijada yurtimizda ishlab chiqariladigan jami quvvatda muqobil energiya ulushi 9 foizdan 15 foizga oshadi. Umuman, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Bunda, albatta, serquyosh Buxoro alohida o‘rin tutadi. Hozirgi kunda viloyatda qariyb 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 4 gigavattli 9 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Endi ularning safiga Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quriladigan 250 megavattli quyosh elektr stansiyasi ham qo‘shiladi. Bu loyiha uchun Olot tumanidan 648 gektar yer ajratilgan. Stansiya 2025 yil dekabrda yagona elektr tarmog‘iga ulanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Xitoyning “Gezhouba” kompaniyalari tomonidan ham muqobil energiya majmualari barpo etilmoqda. 2030 yilga borib viloyatdagi quvvatlar 9 karra ortib, yiliga 12,5 milliard kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqariladi.
Startdagi yana bir loyiha – yangi xalqaro aeroport.
Davlatimizning ochiqlik siyosati natijasida dunyo bilan aloqalar jadallashdi. O‘zbekistonda 90 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi.
Bularning natijasida yurtimizga keluvchilar ko‘paydi. Oxirgi 2 yilda xizmatlar eksportining 40 foizi turizm sohasiga to‘g‘ri kelgan. 283 ta mehmonxona, 486 ta xostel, 1,2 mingta oilaviy mehmon uyi barpo etilgan. Turizm oqimi 35 foizga oshgan.
Xususan, birgina 2023 yilda Buxoroga 1 million 400 mingga yaqin xorijiy turistlar tashrif buyurgan.
Bu kabi omillar viloyat xalqaro aeroportida parvozlar sonini ko‘paytirishni talab etmoqda. Shu bois xususiy sheriklik shartlari asosida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurish ko‘zda tutilgan.
226 million dollarlik ushbu loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport infratuzilmasi tashkil etiladi. Soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Yo‘lovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur majmualar qurilishini boshlab berdi.
Shu yerda Buxoro viloyatida qurilishi rejalashtirilgan majmualar, jumladan, yangi aeroport loyihasi taqdimot qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter