Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident bolalar tibbiyotida bo‘ladigan o‘zgarishlarni ma’lum qildi

Prezident bolalar tibbiyotida bo‘ladigan o‘zgarishlarni ma’lum qildi

O‘zbekiston aholisining 11 million nafarini 18 yoshgacha bolalar tashkil etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bolalar tibbiyotini rivojlantirish zaruriyati haqida alohida ta’kidladi.

«Afsuski, tuman va shahar poliklinikalarida bolalar bo‘limi mavjud emas. Oqibatda, birlamchi bo‘g‘inda bolalarga manzilli va malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmagani uchun, ularni davolash ixtisoslashgan shifoxonalar zimmasiga tushmoqda.

Aholining ko‘plab e’tirozlari ham, poliklinikalarda bolalar uchun sharoit yo‘qligi bilan bog‘liq.

Endi, bu tizimni o‘zgartirish vaqti keldi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tomonidan ma’lum qilinishicha, 2022 yil 1 maydan boshlab:

  • barcha ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda bolalar bo‘limi tashkil etiladi;
  • 17 mingdan ziyod tibbiyot brigadalariga yana qo‘shimcha 8,5 mingta bolalar hamshirasi va doya (akusher) shtatlari beriladi;
  • Ular onalarga bolalarning sog‘lom bo‘lib dunyoga kelishidan tortib, voyaga yetguniga qadar, to‘g‘ri parvarish qilishni o‘rgatadi;
  • bolalar uchun profilaktik ko‘riklar dasturi qayta ko‘rib chiqilib, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pediatr, stomatolog, endokrinolog, ortoped kabi eng zarur mutaxassislar tomonidan manzilli ko‘rikdan o‘tkazish tizimi joriy qilinadi.

«Ma’lumki, 2021 yildan bolalar uchun ovqatni boyitadigan qo‘shimchalar, vitamin A va gijjaga qarshi anti-gel-mint preparatlarni bepul berish yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu ishlarni davom ettirgan holda, 2022 yil 1 iyuldan boshlab, 3-15 yoshli bolalarga yod preparatlari davlat tomonidan bepul tarqatiladi.

Bu orqali, kelgusi besh yilda bolalarda buqoq, kamqonlik kasalliklarini 30 foizga kamaytirishga, ularning aqliy va jismoniy sog‘lom rivojlanishi uchun katta asos yaratiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari tomonidan ta’kidlanishicha, bu maqsadlar uchun, joriy yilda 60 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring