Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Pora olgandan «premiya» olgan yaxshi

Pora olgandan «premiya» olgan yaxshi

Bir qator saytlarda Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov o‘ziga 35 mln. so‘mlik mukofot puli yozgani haqida xabarlar chiqdi. Buni ko‘pchilik o‘zicha tushundi va talqin qildi.

Mening fikrim sal boshqacharoq. Yaxshi moddiy rag‘bat poraning oldini olishga hissa qo‘shadi. Amaldor moddiy tomondan to‘q bo‘lsa, korrupsiyaga yo‘l qo‘yishi ancha kamayadi. Buni prezident Shavkat Mirziyoyev ham aytib o‘tgan.

Aslida pora olgan amaldorni tinch qo‘ymaymiz: ochko‘z ekan, to‘ymas balo, uzr bilan qutulib qoldi va hokazo. Bir paytlar hokimlarning oyligi degan mavzu ancha shov-shuv bo‘lgandi va miqdori kamligidan ko‘pchilik hayratga ham tushgan. Chunki bu maoshga mukofot pullari, ustamalar kiritilmagandi-da.

Pora olmaydigan amaldorga muhtoj bo‘lsak, yaxshi ishlaydigan halollarini qonuniy tarzda moddiy tomondan ham qo‘llab qo‘yish kerak, menimcha. Bu korrupsiyaga qarshi kurashning birlamchi belgisi hisoblanadi.

Elbek Shukurov haqida ijtimoiy tarmoqlar, odamlar orasida hozircha yomon gap eshitmadik. O‘z ishini qilyapti, Sergelini ancha oyoqqa turg‘azdi. Ushbu tuman rahbarlari haqida birorta salbiy xabar o‘qidikmi? Yo‘q. Demak, ular ham moddiy rag‘batga loyiqdir. Eng muhimi, u buni yashirincha yoki noqonuniy emas, oshkora amalga oshiryapti.

Asli men juda tanqidga o‘chman, amaldorlarni ayamayman. Meni taniganlardan so‘rab bilishingiz mumkin. Lekin ishlayotgan halol mansabdorlarni e’tirof etib turish ham kerak, albatta.

E’tirofga noloyiqlari tiqilib yotibdi bizda. Masalan, katta fojiaga sababchi bo‘lsa-da, unga yana yirik vazifa ishonib topshirilyapti. Yoki boshqa tumanlarda fuqarolar hokimlarga mashina va uylarni sovg‘a qilyapti. Mana bular, albatta, shubhali.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring