Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pokiston Bosh vaziri: Samarqand o‘ylaganimdan ham tarixiy va go‘zal shahar ekan

Pokiston Bosh vaziri: Samarqand o‘ylaganimdan ham tarixiy va go‘zal shahar ekan

Foto: «Uza.uz»

Davlatimiz rahbarining taklifiga ko‘ra, yurtimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon 16-iyul kuni Samarqandda bo‘ldi.

Samarqand xalqaro aeroportida yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov kutib oldi.

Pokiston Bosh vaziri Samarqand bilan tanishuvni Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi.

Qur’on tilovat qilinib, buyuk alloma yod etildi.

Islom olamida muhaddislar sultoni, deb e’zozlanadigan Imom Buxoriy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish, bu zot nomi bilan bog‘liq maskanni obod etish borasida olib borilayotgan ishlarga Pokiston Bosh vaziri yuksak baho berdi.

Imron Xon O‘zbekiston Bosh vaziri hamrohligida Amir Temur mqabarasi, Registon majmuasi, Mirzo Ulug‘bek muzeyi va rasadxonasini borib ko‘rdi.

Yuqori martabali mehmonga mazkur obidalarning bunyod etilish tarixi, buyuk jahongir Amir Temur va temuriylarning davlatchilik an’analari, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida amalga oshirgan ishlari haqida ma’lumot berildi.

Registon maydonidagi Tillakori madrasasida namoyish etilgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari, bu ishni davom ettirib kelayotgan usta va hunarmandlarning ishi Imron Xonda katta taassurot qoldirdi.

Pokiston Bosh vaziri yoshligidanoq Samarqand va Buxoroni ko‘rishni orzu qilgani, Amir Temurning bunyodkorlik ishlarini katta qiziqish bilan o‘rganganini alohida qayd etdi. Imron Xon buyuk sohibqironning bunyodkorlik ishlariga dunyoning turli mamlakatlaridan eng yaxshi ustalarni jalb qilgani va u qurdirgan binolarda moviy rangga alohida e’tibor qaratilganini qayd etdi.

«Samarqand haqida, Amir Temur va temuriylar davlati, ularning bunyodkorlik ishlari haqida kitoblarda o‘qiganim uchun biroz tasavvurga ega edim, – dedi Pokiston Bosh vaziri Imron Xon. – Bugun kelib ko‘rdimki, Samarqand men o‘ylaganimdan ham tarixiy, go‘zal va muqaddas shahar ekan. Uning har bir go‘shasida tarixning, buyuk ajdodlaringiz aqlu zakovati, madaniyatining izi bor. O‘zbekistonga tashrifim ana shunday unutilmas taassurotlarga boy bo‘layotganidan xursandman. Biz Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga intilyapmiz va bu boshlanishi. Kelgusida bu aloqalarimiz keng ko‘lamda, izchil davom etishiga ishonaman».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring