Pedofilni kimyoviy bichish qanchalik samara beradi?
Toshkentning Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning murdasi nomusga tegish alomatlari bilan topilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Muslima fojiasidan keyin jamoatchilik faollari ham, mansabdorlar ham pedofillarga nisbatan jazoni kuchaytirish kerakligini, xususan, jahon tajribasidagi kimyoviy kastratsiya usulini ham joriy qilish zarurligi haqida gapirdi.
Bu taklifga ba’zilar qarshi ham chiqdi. Umuman, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalar, keskin fikrlar ko‘p bo‘ldi. Afsuski, «bola huquqlari, xotin-qizlar erkinliklari, ularni ishonchli himoyalash, jazoni muqarrar qilish shart»ligi haqidagi gaplar joyida qolib ketdi. Oradan ikki oy o‘tib-o‘tmay, Xorazmdagi fojia sabab, mavzu yana kun tartibida.
Kimyoviy bichish amaliyotini joriy etish haqidagi takliflar endi yanada “yuqoriroq”dan aytilmoqda. Pedofillarni kimyoviy bichish bo‘yicha petitsiya ham e’lon qilindi, unga ovoz berishga chorlashmoqda. Petitsiya yetarlicha ovoz yig‘ib, qonunchilikka ham tegishli o‘zgartirishlar kiritiladigan bo‘lsa, biz kutgan maqsadga erishgan bo‘lamizmi?
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan ko‘rinmoqdaki, dastlab kimyoviy kastratsiya qanday amaliyot ekani va uning natijasi nima bo‘lishini tushunib olish kerak.
Kimyoviy kastratsiya (bichish) nima?
Voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq fojialardan so‘ng ko‘proq kimyoviy kastratsiyani joriy etish taklif qilinmoqda. Ammo bir muddat avval Prezident administratsiyasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va jamoat loyihalari bo‘yicha sho‘’ba yetakchi konsultanti Hikmatilla Ubaydullayev ta’kidlaganidek, “kimyoviy kastratsiya — pedofiliya muammosiga samarali yechim emas. Ushbu tibbiy aralashuv nafaqat ruhiy buzilish muammosini hal qilmaydi, balki huquqbuzarning jinoyat sodir etish imkoniyatini ham istisno qilmaydi. Bundan tashqari, bu jinoyatlarning oldini olishni kafolatlamaydigan qimmat va uzoq muddatli choradir”.
Darhaqiqat, kimyoviy kastratsiya organizmga tibbiy dori yuborish orqali jinsiy faollikni vaqtinchalik kamaytirishdir. Dori yuborilgan odam endi bir umrga bichildi, degani emas. Jismoniy (jarrohlik) kastratsiyadan farqli o‘laroq, kimyoviy bichishda jinsiy a’zolarlar operatsiya usuli bilan olib tashlanmaydi. Ya’ni, androgen gormonlarni susaytirish uchun har 2-3 oyda bir ukol qilib turilishi kerak. Preparat yuborish to‘xtalishi bilan, jinsiy mayl bir necha oyda qayta tiklanadi.
Dunyo tajribasida ham pedofillarga nisbatan kimyoviy bichish amaliyoti qo‘llaniladi, ammo qo‘shimcha chora sifatida. Chunki pedofiliya ruhiy kasallik, kimyoviy bichish esa uning faqat bitta alomatini bostirib berishi mumkin, xolos. Masalan, Qozog‘istonda pedofilning jinoyati fosh etilgach, uzoq yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan birga kimyoviy kastratsiya amaliyoti ham qo‘llaniladi. Qozog‘istonning Taraz shahar sudi o‘quvchi qizni zo‘rlagan erkakni 25 yil muddatga qamoqqa hukm qilib, so‘ng u majburiy kimyoviy kastratsiya qilingani bunga misol.
Masalaning tibbiy va iqtisodiy jihatlari
Gumon qilinayotgan shaxsning pedofilligi ruhiy-psixologik tekshiruv natijasida tasdiqlangach, kimyoviy kastratsiya amaliyotini tayinlashdan oldin pedofil to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim. 2018 yilgi ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘istonda bir pedofilni yil davomida kastratsiya qilish uchun 126 ming tenge (o‘sha vaqtdagi kurs bo‘yicha taxminan 370 dollar) sarflangan. Amaliyotdan oldingi ruhiy va tibbiy ko‘riklar, keyingi nojo‘ya ta’sirlar ham davlat uchun qo‘shimcha xarajatdir.
Masalaning yana bir tomoni, agar pedofil qamalmasa va faqat kimyoviy bichilsa, bitta dori bilan amaliyot ta’sirini yo‘qqa chiqarib, asl holiga qaytishi mumkin. Achinarlisi, dorixonalarimizdan shifokor retseptisiz dori sotib olish muammo emas. O‘zbekistondan avval kimyoviy bichishni amaliyotga kiritgan Qozog‘istonda aynan shu muammo ko‘tarilgan edi. Dorixonadan pedofil bemalol jinsiy maylni oshiradigan dori xarid qilar ekan, kimyoviy kastratsiya amaliyotidan hech qanday ma’no qolmaydi.
Nima qilmoq kerak?
Xorazmdagi holatni jamoatchilikka yetkazgan Nemolchi.uz loyihasi qayd etganidek, «16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan qilingan jinsiy aloqa nomusga tegish deya baholanishi kerak”. Loyiha “16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan aldov, ishonchni suiiste’mol qilish, moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilganlarni 8-11 yilga ozodlikdan mahrum qilish”ni qonunchilikka kiritishni taklif qilgan.
Loyiha muallifi Irina Matviyenkoning ta’kidlashicha, “voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etiladigan jinsiy jinoyatlarning 95 foizi – situatsion jinoyatlardir”. Ya’ni, odamlar ularga jinsiy aloqa kerak bo‘lgani uchun, balki shu qabih ishlarni bemalol, qo‘rqmay qila olganliklari uchun ham bolalarning nomusiga tegib, shilqimlik qiladi.
“Chunki mavjud sharoit jinoyatchiga o‘z qilmishini xavfsiz sodir etishga imkon beradi. Bolalarning nomusiga tegib, ularni zo‘rlaydiganlarning aksariyati – pedofil emas, soppa-sog‘ odamlar. Bunday holatda hech qanday kastratsiya yordam bera olmaydi”, - deb qo‘shimcha qiladi Matviyenko.
Shunday ekan, kastratsiyagacha ham qilinishi zarur ishlar yetarlicha. Avvalo, jazoning muqarrarligi va hamma uchun tengligini ta’minlash lozim. Ojiz ahvoldagi yetim qizlar bilan 10 oy davomida jinsiy aloqa qilib kelgan amaldorlarga “bir yarim yil kechasi ko‘chaga chiqish taqiqlanadi” degandek jazo tayinlanmasligi kerak. Jinoyatlar qilmishga yarasha, og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga olgan holda to‘g‘ri tasniflanishi kerak.
Dilroz Abrayeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter