Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Paxta, yangi texnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi — hokim bilan suhbat

Paxta, yangi texnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi — hokim bilan suhbat

Foto: Xabar.uz

Payariq Samarqand viloyatida eng ko‘p paxta yetishtiradigan tumanlardan biri hisoblanadi. Oxirgi yillarda tumanda klasterchilik tizimiga e’tibor qaratilmoqda. Chekka hududlarda ilgari 5-6 sentner paxta hosili bergan yerlar klaster ixtiyoriga o‘tgach, mutlaqo boshqacha ko‘rinish kasb etyapti. Endi bu yerlarda gektaridan 30 sentner yig‘ib olinmoqda. Ammo shuning o‘zi yetarlimi? Paxta hosildorligi oshgani yaxshi, ammo oziq-ovqat xavfsizligi, meva-sabzavot yetishtirish va boshqa masalalar nima bo‘ladi? Payariq tumani hokimi Dilshod Musinov bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.

— Tumanimizda shunday yerlar bor ediki, gektaridan 5-6 sentner paxta olinardi. «Samarqand Cotton klaster» ixtiyoriga shunday yerlardan 500 gektar ajratib berdik. Hozirda hosildorlik gektariga 30 sentnerga yetgan, — deydi mutasaddi tumanda olib borilayotgan ishlar haqida gapirarkan.

— Shuning o‘zi yetarli, deb o‘ylaysizmi? Yaxshi bilamiz, paxta yetishtirishda hatto 30 sentner hosildorlik ham yetarli hisoblanmaydi. Yer hamon zarariga ishlayotgan bo‘lib chiqmaydimi?
— Bu o‘tgan yilgi raqamlar. Bu yil klaster tomonidan 40 sentner hosil ko‘tarish rejalashtirilgan. Qanday qilib hosildorlik bu qadar keskin ko‘tarildi? Klaster tomonidan barcha ishga ilmiy yondoshilmoqda — yerning tarkibi o‘rganilgan, kerakli o‘g‘it va mineral qo‘shimchalar yetkazib berilmoqda. Natijada hosil ham shunga yarasha bo‘lyapti.

— Bular yaxshi albatta. Ammo nima uchun o‘sha yerda meva-sabzavot yetishtirish mumkin emas? Axir g‘alla va paxta yetishtirishda rentabelligi past bo‘lgan yerlarni meva-sabzavotga yo‘naltirish orqali ko‘proq daromad olgan ma’qul emasmi?
— Fikringizda jon bor. Ammo tumanda vaziyat shundayki, yaqin-yaqingacha ham nafaqat lalmi, balki sug‘oriladigan yerlarni ham fermerlar osongina tashlab ketayotgan edi. Salgina muammo bo‘lsa, «ol yeringni» derdi va ketvorardi. Oxirgi yillarda davlat tomonidan berilayotgan e’tibor tufayli hatto lalmi yerlarga ham odamlar qaytmoqda. Siz aytgandek, meva-sabzavotga yo‘naltirilgan hududlar ham bor. Masalan, Navoli qishlog‘ida «Navoli gigant uzumzori» kooperatsiyasi tashkil etilib, 600 gektar yerga suv chiqardik va tomchilab sug‘orish texnologiyasi asosida uzumzor barpo etdik. Ushbu bog‘ tumandagi 1200 oilaga 50 sotixdan bo‘lib berildi. Tokzor hosilga kirgunga qadar orasiga sabzavot, poliz va dukkakli ekinlar ekiladi. Loyiha jami 25 mlrd. so‘mga kredit moliyalashtirildi. Ushbu kredit ikki yilda — tok hosilga kirgunga qadar ekiladigan poliz ekinlari bilan qoplanishi rejalashtirilgan. Shuningdek yana Ingichka qishlog‘i hududida «Ingichka gigant uzumzori» kooperatsiyasi tashkil etiladi. Bu yerda 1600 gektar yerga suv chiqarib, tomchilab sug‘orish texnologiyasi joriy etilishi rejalashtirilgan.

— Tomchilab sug‘orish texnologiyasini lalmi yerlarda joriy etgan yaxshi. Ammo nima uchun shu ishni sug‘oriladigan yerlarda ham amalga oshirish mumkin emas?
— Savolingiz to‘g‘ri, o‘ylaymanki 5-6 yilda qishloq xo‘jaligida ko‘p narsalar o‘zgarib ketadi. Bu yil 2200 gektar yerga yangi texnologiya joriy etmoqdamiz, yanagi yil yana 2000 gektar yerga tomchilab sug‘orish o‘rnatiladi. Lalmi yerlarni to‘liq yangi texnologiyaga o‘tkazib olsak, keyin sug‘oriladigan yerlarda ham ish boshlasa bo‘ladi.

— Bizda asosiy sug‘oriladigan yerlar paxta va g‘allaga ajratiladi. Nima uchun mana shunday yerlarda meva-sabzavot yetishtirish mumkin emas? Axir bu orqali odamlarni ish bilan ta’minlash, kambag‘allikdan chiqarish va eksportni oshirish mumkin-ku!
— E’tirozingizda jon bor. Tumanda yilma-yil g‘alla va paxtani kamaytirib, boshqa ekinlarga e’tiborni qaratish qarori bor. Ammo bu ish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Sug‘orish qiyin bo‘lgan, ball-baniteti past, samarasiz, rentabelligi talabga javob bermaydigan yerlar asta-sekin paxta-g‘alladan chiqariladi. Tumanda bu ishlar hozir ham olib borilmoqda. Shunchaki 25 ming gektar yerdan 100 gektar g‘alla va 100 gektar paxta kamaysa, unchalik ham sezilmaydi.

— Ilgari O‘zbekiston kartoshka import qilmas edi, endi majbur bo‘lmoqdamiz. Hozir oziq-ovqat xavfsizligiga katta e’tibor qaratilmoqda. Tumaningizda bu bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilgan?
—Payariq tumani shunday hududki, bu yerda avvallari yillar davomida g‘allaning o‘rniga takroriy ekin ekilmas edi. Yerni shudgor qilish uchun hatto solyarka topilmagan. Ish shunga qadar yetib borganki, biz «g‘allaning o‘rniga hech narsa ekmayman», deb tushuntirish xati yozib berishga majbur bo‘lganmiz. Nimaga? Chunki suv faqat paxtaga yetib borishi shart edi. Bu esa fermerga qo‘shimcha muammo tug‘dirardi, dehqon har yili qarz bo‘lib chiqardi. Endi esa vaziyat o‘zgardi, g‘allaning o‘rniga poliz va sabzavot mahsulotlari ekilishiga davlat tomonidan e’tibor qaratilmoqda.

Shu yilning o‘zida tumandagi 12 500 gektar yerga g‘allaga ajratilgan edi. Biz shundan 9 444 gektar yerga takroriy ekin ekishni rejalashtirgandik. Qolgan 3 000 gektarga suv yetib borish qiyin bo‘lgani uchun biror narsa eka olishimizga ko‘zimiz yetmagandi. Ammo bu yil g‘alladan bo‘shagan maydonga deyarli to‘liq takroriy ekin ekdik. Yaqinda ham tumanni aylanib chiqqanimda, bo‘sh yer topa olmadim. Suv yetib borishi qiyin bo‘lgan 7 ming gektarga mosh ekdik. Bu ekin u qadar ko‘p suv talab qilmaydi, ammo juda eksportbop.

Payariq tumani 2018 yilda 1 million 600 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilgan edi. 2019 yilga kelib bu ko‘rsatkich 9 million 600 ming dollarga yetdi. Tumanda 13 nafar eksportyorimiz bor. Nasib qilsa, yaqin yillarda eksport salohiyatini yanada oshiramiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring