Parashyutchilar «Toshkent dengizi»da suvga sakrash mashqlarini o‘tkazdilar (foto)
Mudofaa vazirligi maxsus bo‘linma harbiy xizmatchilarining «Toshkent dengizi»da parashyut bilan suvga sakrash bo‘yicha amaliy o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda. O‘tgan 2018-yilda milliy armiyamizda ilk bora parashyut bilan suvga sakrash jangovar mashg‘uloti muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi.
Sara desantchilarining bu boradagi tajribalarini mustahkamlash ko‘zda tutilgan navbatdagi mashg‘ulotlar Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan «Toshkent dengizi»da amalga oshirildi.
Mashg‘ulot rahbari podpolkovnik Alisher Ubaydullayev yo‘riqnomalari asosida yetmish to‘rt nafar harbiy xizmatchi parashyut bilan suvga sakrashning muhim jihatlari, qat’iy qonuniyatlarini o‘zlashtirdi. Parashyutlar yana bir bor nazoratdan o‘tkazildi. Shundan so‘ng, belgilangan vaqtlarda sakrash elementlari ketma-ketligini taqozo etuvchi ko‘nikmalarga ega abjir desantchilar Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli Mi-8 harbiy vertolyoti bortidan joy oldi.
Jami 74 nafar desantchi olti guruhga bo‘lingan holda navbatma-navbat suvga sakrash jangovar vazifasini a’lo darajada ado etdi; suvga sho‘ng‘ish chog‘ida parashyut yuk xaltasini yechib, sohilga suzib chiqishdi.
Desantchilarning har bir xatti-harakati Qurolli Kuchlar Bosh Shtabi jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasining mas’ul ofitserlari tomonidan kuzatib borildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter