Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘ztransgaz»dan kelmagan javob: gaz hisoblagichlar kimning hisobidan o‘rnatiladi?

«O‘ztransgaz»dan kelmagan javob: gaz hisoblagichlar kimning hisobidan o‘rnatiladi?

Foto: «Kommersant»

«Adolat» gazetasining navbatdagi sonida «Gaz hisoblagichlar kimning hisobidan o‘rnatiladi?» nomli maqola e’lon qilindi.

Unda aytilishicha, tahririyat joriy yilning 16-yanvar (!) kuni «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga xat yuborib, tashkilot faoliyatiga bir qator savollar bilan murojaat qilgan. Lekin oradan ikki oydan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay, jamiyat rahbarlari tahririyat savollariga javoban sukut saqlayotganligi tushunarsiz hol.

Ma’lumki, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasiga muvofiq «Axborotdan foydalanuvchining so‘rovi ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan o‘n besh kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi kerak. Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek, mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan yetti kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi», «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasida «Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qaror qabul qilinadi, bu haqda murojaat qiluvchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi», «Murojaat, agar unda qo‘yilgan barcha masalalar ushbu qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda, ko‘rib chiqilgan hisoblanadi», deb belgilangan.

«O‘ztransgaz» AJ mutaxassislari uchun savollarga belgilangan qoidalar, amal qilinayotgan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida joriy yilning yanvar oyidayoq javob tayyorlash nahotki shunchalik qiyin bo‘lgan bo‘lsa?!», — deyiladi maqolada. — Bizningcha, berilgan savollar bevosita mazkur tashkilotning faoliyatiga daxldor».

Gazeta «O‘ztransgaz» AJga yo‘llangan savollarni keltirgan:

  1. 2018-yil 1-apreldan va keyinchalik 1-avgustdan aholi uchun tabiiy gaz va suyultirilgan gaz narxlari oshishi haqida fikrlar aytilmoqda. Avvalo, ushbu oshirilgan narxlar haqida ma’lumot bersangiz. Bu narxlarni 1 kub metr tabiiy gaz narxi tarzida ham aniq tushuntirsangiz.
  2. Tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalari uchun tabiiy gaz narxlari joriy yilning 1-yanvar kunidan boshlab oshirildi. Bunda asosan nimalar nazarda tutilgani haqida so‘z yuritsangiz. Shuningdek, mazkur narxlar ushbu korxonalar faoliyatida mahsulotlarning tannarxi va bahosiga ta’sir qilishi ehtimoli ham e’tiborga olinganmi?
  3. Tabiiy va suyultirilgan gaz narxlari qanday mezonlar asosida oshiriladi? Boshqacha aytganda, buning sabablari nimalardan iborat?
  4. Tabiiy va suyultirilgan gaz narxlarining oshirilishi moliyaviy, iqtisodiy va boshqa biror jihatdan qanday natijalarga olib keladi, deb o‘ylaysiz?
  5. Hali foydalanilmagan tabiiy gaz uchun fuqarolar bir oydan ko‘proq muddatga oldindan to‘lagan mablag‘lar tegishli korxona hisob raqamida shunchaki saqlab turilmasdan maqsadli foydalanishga yo‘naltiriladimi?
  6. Tabiiy gazdan qancha miqdorda foydalanganligini iste’molchi hisoblagichga qarab bemalol aniqlashi mumkin. Ammo gaz balloni xarid qilingan miqdordagi suyultirilgan gaz bilan to‘ldirilganini aniqlashda uni tarozida tortib ko‘rishning o‘zi kifoya qilarmikan? Bu borada qaysidir darajada qalbakilashtirish holatlari ham uchraydimi? Umuman, iste’molchi (aholi) ballondagi foydalanishga yaroqli gaz miqdorini oddiy usulda qanday aniqlay oladi?
  7. Gaz hisoblagichlarning yangi, ya’ni to‘rt yilda emas, o‘n yilda bir marta tegishli qiyoslash nazoratidan o‘tadigan zamonaviy turlari qachondan boshlab aholi xonadonlarida o‘rnatiladi? Ayting-chi, fuqarolarning xonadonlariga yangi hisoblagichlar kimning hisobidan o‘rnatiladi?
  8. Fuqarolar xonadonlarda gazdan samarali foydalanishda ko‘pincha nimalarni e’tibordan chetda qoldirishmoqda, deb hisoblaysiz? Korxonalar-chi?

Tahririyatning qo‘shimcha qilishicha, joriy yilning 1-aprelidan boshlab yangilangan narxlar haqida OAV orqali ko‘pchilik aholi allaqachon ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Ammo o‘quvchilarni qiziqtirgan, ya’ni yuqorida qayd etilgan savollarning ayrimlari hamon ochiq turibdi.

«Adolat» gazetasi «O‘ztransgaz» AJ rahbariyati mazkur savollarga yaqin kunlarda javob yo‘llashiga umid bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring