Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zsuvta’minot» Sirdaryo viloyati hokimi bergan ma’lumotni inkor etdi

«O‘zsuvta’minot» Sirdaryo viloyati hokimi bergan ma’lumotni inkor etdi

Foto:«Xabar.uz»

Sirdaryo viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev viloyat aholisiga murojaatida ichimlik suv tarmoqlari uchun ajratilgan 7 million dollar talon-toroj bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Biroq, «O‘zsuvta’minot» AJ bayonot bilan chiqib mazkur ma’lumotni inkor etdi.

Aytilishicha, 2016-yil 23 avgust kuni «Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tuman markazlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirilgan.

Xalqaro tender komissiyasining bayonnomasiga asosan pudratchi sifatida Turkiyaning «Alke Insaat Sanayi ve Ticaret» kompaniyasi g‘olib deb topildi.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun jami 7 mln. 310 ming dollar pul ajratilgan. Loyiha xabarda aytilayotganidek Osiyo taraqqiyot banki emas, balki Jahon banki ishtirokida amalga oshirilgan bo‘lib, bunda Jahon banki tomonidan 6 mln. 250 ming dollar, O‘zbekiston tomonidan esa 1 mln. 060 ming dollar ajratilgan.

Ushbu mablag‘lar talon-taroj qilinmay, pudratchi tomonidan loyihada ko‘zda tutilgan barcha ishlar bajarilgan. Xususan, pudratchi tomonidan subpudratchi «Mega-Mebiko» qo‘shma korxonasi bilan birgalikda «Sirg‘ali» suv inshootidan Xovos tumanining «Oqchangal» aholi yashash punktigacha 28 km masofaga diametri 700 mm bo‘lgan shisha tolali quvurlar yotqizilib, qurilish-montaj ishlari 2019-yilning iyun oyida tugatildi.

Biroq, bugungi kunda quvurlar suv bosimini ko‘tara olmayotgani tufayli tarmoqda bir qancha sizgichlar paydo bo‘lgan. Bu esa, o‘z navbatida, aholini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini bermayapti, deyiladi bayonotda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugungi kunda:

- birinchidan, shisha tolali quvurlarni polietilen quvurlarga almashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda;

- ikkinchidan, mazkur obyekt «O‘zsuvta’minot» AJ balansida turmayotganligiga qaramasdan, aksiyadorlik jamiyati mazkur hududda istiqomat qiluvchi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib bormoqda;

- uchinchidan, aksiyadorlik jamiyati pudratchi va quruvchi tashkilotlarga quvurlardagi havo chiqarish uskunalarini yangisiga almashtirish ishlarida amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda;

- to‘rtinchidan, ayni paytda mazkur holat bo‘yicha tegishli idoralar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring