O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqi berilishi mumkin
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyani o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi tayyorlanib, muhokamaga qo‘yildi.
Mazkur loyihani ishlab chiqishdan maqsad aholining uy-joyga doir huquqlarini amalga oshirilishi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishdir.
Tayyorlangan loyihada fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar-joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyani e’lon qilish nazarda tutilmoqda.
Mazkur farmon qabul qilingan vaqtdan oldin qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar-joyga (o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat) nisbatan mulk huquqini ushbu obyektga o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs quyidagi shartlar asosida oladi:
— ushbu yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga asosan turar-joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashmagan bo‘lishi;
— o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini, shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligi lozim bo‘ladi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilmaydigan aniq holatlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Shu bilan birga, loyihada o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuziladigan maxsus Komissiyaning taqdimiga binoan tuman (shahar) hokimi qarori bilan amalga oshirilishi ham nazarda tutilgan.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bilan bir vaqtda mulkdorga qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlarda, me’yordan ortiq qismi zaxira yerlariga olingan holda, imorat qurilgan yer uchastkasiga (yer uchastkasining bir qismiga) nisbatan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi ham beriladi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksiga muvofiq shaxsiy uy-joy qurish va uyga xizmat ko‘rsatish uchun bir oilaga 0,06 gektargacha (6 sotixgacha) maydonda yer uchastkasiga nisbatan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi beriladi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish, shuningdek, yer uchastkasiga (yer uchastkasining bir qismiga) nisbatan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berish eng kam ish haqining 10 baravari miqdorda (1 722 400 so‘m) bir martalik yig‘im to‘langandan keyin amalga oshiriladi. Ushbu pul mablag‘lari Komissiya ishini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarga (joyiga chiqib borish, maydonlarni o‘lchash, bino va inshootlarning shaharsozlik ekspertizasi, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqalar) sarflanadi.
Aksiyani 2018-yilning 31-dekabriga qadar o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.
Shuningdek, aksiya muddati tugagandan so‘ng o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqini tan olish mumkinligini belgilovchi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini bekor qilishni hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Adliya vazirliging xabarnomasida uy-joyni sotib olish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lishiga qaramay, minglab fuqarolar ko‘p yillar davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida noqonuniy shaxsiy turar-joylarni barpo etishganligi qayd etildi. Bunday holatlarning yuz berishiga mas’ul davlat organlari yo‘l qo‘yib berganliklari, shuningdek, fermer va dehqon ho‘jaliklarining til biriktirishi sabab bo‘ldi.
Natijada ushbu muammo butun respublika bo‘yicha ommaviy tus oldi, bu esa fuqarolarning turar joyiga kadastr hujjatlarini berish masalasidagi murojaatlar soni ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Xususan birgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga 5 mingdan ziyod bunday murojaatlar kelib tushdi.
Aynan shu maqsadda, insoniylik prinsipidan kelib chiqib, loyihaning asosiy g‘oyasi o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqini “amnistiya” qilish hamda fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish orqali uy-joyga doir huquqlarning amalga oshirilishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hisoblanadi.
Farmon loyihasining muhokamasi 26-aprelda yakunlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter