Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekoziqovqatxolding» piyoz ekkan fermerlarni aldadi(mi?) (video)

«O‘zbekoziqovqatxolding» piyoz ekkan fermerlarni aldadi(mi?) (video)

Kadr: «O‘zbekiston» telekanali

Yodingizda bo‘lsa, biroz vaqt avval «Xabar.uz»da surxondaryolik fermerlarning muammosiga bag‘ishlangan qator maqolalalar e’lon qilingan edi.

Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan «Dehqon yana kuyib qolmoqda» va «Surxondaryoda piyoz yetishtirganlarning uyi kuymoqda (video)» nomli maqolalardan so‘ng «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi murojaat bilan chiqdi va piyozning kilosini 1200 so‘mdan sotib olishini e’lon qildi.

Bozorda piyozning ulgurji — dala boshidagi narxi 300 so‘m ekani, piyozni yetishtirishga sarflagan xarajatning yarmi tugul uchdan birini ham ololmayotgan, oqibatda uni hatto yerda qoldirishga majbur bo‘layotgan dehqon uchun, turgan gapki, bundan yaxshi yangilik yo‘q edi. Bu xabar yashin tezligida tarqaldi va nafaqat dehqonu fermerlarni, balki ularning tashvishiga sherik barcha yurtdoshlarimizni chin dildan quvontirdi.

Ammo, ming afsuski, bu xursandchilik uzoqqa bormadi. Oradan ko‘p o‘tmay, tahririyatimiz «O‘zbekoziqovqatxolding» dehqonlarga piyoz buyurtma berib, ularning mahsulotini olmayotgani, 1200 so‘mlik narx haqidagi va’dalar bor-yo‘g‘i cho‘pchak ekani haqidagi murojaatlardan to‘lib-toshdi. Hozir qo‘limizda surxondaryolik fermerlardan kelgan ko‘plab murojaatlar bor va ushbu masalalar tegishli tartibda o‘rganilmoqda.

Bir necha kun oldin «O‘zbekiston» telekanalining «Munosabat» ko‘rsatuvida ham ayni shu mavzu ko‘tarildi. Surxondaryolik fermerlar «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasining yolg‘on va’dalariga ishonib, bugun ham piyoz, ham puldan quruq qolayotganini ro‘y-rost aytishdi. Ammo mutasaddilar fermerlarning savoliga javob berishga ojiz.

Quyida ko‘rsatuvning aynan mana shu mavzuga daxldor lavhasini e’tiboringizga havola etamiz. «Xabar.uz» ushbu mavzuni o‘rganishda davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring