Krasnodardagi ta’sirli voqea. O‘zbeklar hech qachon ayollarini yolg‘izlatib qo‘ymaydi
Bundan bir necha yil oldin ishlash uchun Rossiyaga ketgan amakim shu yilning 16-fevral kuni safarini yakunlab uyga qaytishi kerak edi. Lekin so‘nggi bir necha oy davomida Rossiya hududida ruxsatnomasiz faoliyat olib borgani uchun uni Krasnodar aeroporti terminalida ushlab qolishgani haqida bildik. Shundan so‘ng amakim bizga telefon qilib, hammasi joyida ekani, qoidaga ko‘ra bir necha kun ushlab turishlarini, so‘ng o‘zlari samolyot orqali O‘zbekistonga yuborishlarini aytdi. Ko‘ngil xotirjam bo‘ldi. Nihoyat amakim 23-fevral kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning Krasnodar-Toshkent yo‘nalishida uchadigan samolyotida Toshkentga keldi. Suhbatimiz orasida u kishi Rossiyada nima ishlar qilganligi, bir haftalik kutish paytida bo‘lgan qiziqarli voqealarni gapirib berdi.
Rossiyada ishlash, migratsiya qonunchiligini buzgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan deportatsiya qilish chorasi qo‘llangan shaxslar ma’lum bir binoda uyga qaytishlarini kutishadi.
Amakim shunday hikoya qiladi:
— Ushbu maskanda bir hafta davomida ko‘plab yurtdoshlar bilan tanishdim, suhbatlashdim, bir-birimizga yaqin bo‘lib ketdik. Uyga qaytadigan kunimiz o‘ttizga yaqin hamyurtlar bilan birga meni ham Krasnodar aeroportiga olib borishdi. Krasnodar-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchadigan samolyotga ro‘yxatga olish boshlangan. Biz navbatimiz kelishini kutib turardik. Shu payt 25 yoshlardagi o‘zbek qizining aeroport kassasi oldida ko‘zlarida yosh bilan rus ayoliga nimalarnidir tushuntirib, iltimos qilayotganiga ko‘zim tushdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘sha qiz shoshilinch tarzda uyiga, O‘zbekistonga qaytishi lozim bo‘lib qolibdi. Lekin samolyot chiptasiga 4000 rubl puli yetmayotgani sababli boyagi kassir ayolga yalinayotgan ekan.
Biroz vaqtdan so‘ng terminalga «O‘zbekiston havo yo‘llari»ga qarashli Krasnodar-Toshkent yo‘nalishidagi samolyotning kapitani kelib qoldi. U voqeani eshitib, qizning oldiga bordi. «Yig‘lamang, sizni albatta O‘zbekistonga olib ketamiz. Men Krasnodar aeroporti ma’muriyati bilan gaplashib, sizga chipta olib berishga harakat qilaman. Lekin uning qolgan pulini yaqinlaringiz Toshkent aeroportiga olib kelib bera oladimi?», — dedi. Qiz sekingina «ha» degandek bosh irg‘adi.
Oradan bir soatcha vaqt o‘tdi, samolyot uchadigan vaqt yaqinlashar, yig‘layverganidan qizning ko‘zlari qizarib ketgan edi. Bu orada o‘zbekistonlik barcha yo‘lovchilar uning ahvolidan boxabar bo‘lgan, qanday yordam berishni o‘ylashar edi. Shu payt aeroport soqchilari samolyotga chiptasi yo‘qligi uchun aeroport hududida boshqa qola olmasligini tushuntirib, qizni tashqariga sudray boshlashdi.
Rossiyada mehnat qonunchiligini buzib bir hafta alohida joyda saqlangan, bundan tashqari, cho‘ntagida tayinli puli qolmagan, politsiya qurshovida «tantanali» ravishda uyiga kuzatilayotgan men kabi o‘zbekistonliklarning bundan jahli chiqdi. Ular politsiyachilarga qizni qo‘yvorishlarini, u albatta samolyotda O‘zbekistonga uchishini, kema kapitani kelishini kutish kerakligini aytib baqira ketishdi. Lekin birozdan so‘ng kapitan aeroport ma’muriyatini ko‘ndira olmagani ma’lum bo‘ldi.
O‘rtadagi tortishuvlar, asabiy vaziyat shu darajaga borib yetdiki, oxir-oqibat terminalda o‘zbekistonlik migrantlar va Rossiya politsiyasi o‘rtasida janjal kelib chiqishi mumkin edi.
Shunda kimdir «qizning chiptasiga necha pul yetmayotgan edi?» deya qayta so‘radi va javobni kutmasdanoq «menda 200 rubl bor, mana» deya o‘rtaga tashladi. Buni qarang, ko‘z ochib-yumguncha to‘rt ming rubl yig‘ildi. Qiz ko‘z yoshlarini to‘xtatolmay, barchaga rahmat aytib kassa tomon yo‘l oldi.
Ushbu voqea bo‘lib o‘tgan paytda terminalda O‘zbekistonga yaqin do‘stlarini ko‘rgani mehmonga borayotgan bir rus ayoli ham bor ekan. U «O‘zbeklarni ko‘rdinglarmi, hech qachon ayollarini tashlab ketmaydi, hatto tanimasa ham. Ularga qoyil qolish kerak», — deya qizning qo‘liga 5000 rubl tutqazdi. «Bu mening yordamim, chin ko‘ngildan berayapman», — dedi. Lekin o‘sha yerda turgan o‘zbek yigitlari, «pulingiz shart emas, qizimizni uyga olib ketishga o‘zimizning ham qurbimiz yetadi», — deya ayolning pulini qaytarib berishdi...
Ayting-chi, ota-onasi, yoru farzandlari, yaqin do‘stlarini tashlab, necha ming kilometr yo‘l bosib, sanoqsiz qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazib, bir tiyin bo‘lsa ham oilam uchun ishlashim kerak degan maqsadda yurgan, uyiga qaytayotganida farzandimga bir dona bo‘lsa-da shirinlik olaman deya tishining kovagida saqlab kelgan arzimagan pulini ham o‘zganing kori uchun sarflaydigan insonlari bor shunday elda, shunday yurtda tug‘ilganingizga ming bor shukur qilmaysizmi!?
Shuhrat Safar
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter