O‘zbekistonning ikkita shakar zavodi omborlarini mahsulotga to‘ldirib qo‘ygani aytilmoqda
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda shakar narxining ko‘tarilganligi borasida xabarlar keng muhokama qilinmoqda. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan brifingda mutasaddilar yog‘ va shakar narxi qachon tushishi haqidagi savollarga javob berishgandi.
Bozorlarda shakar narxi ko‘tarilishi sabablari va yuzaga kelgan vaziyatga quyidagicha izoh berilgan:
— Shakar narxining ko‘tarilishi yurtimizdagi mavjud ikkita shakar zavodlari bilan bog‘liqlik joyi yo‘q. To‘g‘ri, ikkita shakar zavodimiz ham ishlab chiqarishni vaqtinchaga to‘xtatib turibdi.
Ammo O‘zbekistondagi bozorlarni import shakarlar egallab olgani bois, «Angren shakar» MChJ va «Xorazm shakar» MChJ omborlarini mahsulotga to‘ldirib qo‘ygan edi. Hattoki, mavjud omborxonalar to‘lib bo‘lgani uchun qo‘shimcha omborxonalar ham qurildi.
Bozorlardagi shakar narxlarining o‘ynashi esa, albatta import shakarlarning bozorlarimizni egallagani bilan bog‘liq. Bozor qonun-qoidalari va tadbirkorlarning manfaatlari ta’siri o‘laroq narxlar ko‘tarilganligini inkor etib bo‘lmaydi.
Ma’lumki, joriy yilning 3-aprel kuni Prezidentimiz «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzolagan edi. Unda bir qator oziq-ovqat mahsulotlariga 2020-yil 31-dekabrga qadar O‘zbekistonga olib kirishda bojxona boji va aksiz solig‘ining nol stavkalari belgilangan.
Farmonda imtiyozlar berilgan oziq-ovqatlar ro‘yxatida tayyor shakar ham kiritilgan. Import shakarga barcha imtiyozlarning topshirilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni bozordan osongina siqib chiqarishga ko‘mak bo‘ldi.
Biznesning yozilmagan qoidalariga asosan g‘oliblarda shafqat bo‘lmaydi. Ayniqsa, o‘zga bir davlatning mahsuloti boshqa bir davlat bozorini egallaganda. Ushbu qoidaga asosan, O‘zbekiston bozorlarini egallagan import shakar ham xavotir bilan kutgan natijamizni berdiki, bugun narx-navoni xohlagandek o‘ynatmoqda.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizga kelsak, narxni o‘z xohishi bo‘yicha ko‘tara olmaydi. Bunga haqqi ham yo‘q, albatta. Inkor etib bo‘lmaydigan fakt shuki, mavjud ikkita shakar zavodlarimiz tayyor mahsulotlarni birjaga 5780 so‘mdan keragicha yetkazib bermoqda. Savdoning davomi va narx-navoning keyingi taqdiri birjaning o‘ziga qolmoqda.
Shu kunlarda aholida shakar vasvasasini atayin vujudga keltiruvchilar ham ayni mavsumda o‘z missiyalarini bajarishga kirishgan. Ammo O‘zbekistonda shakar tanqisligi bo‘lmaydi. Chunki bunga asos bor. Ya’ni, «Angren shakar» va «Xorazm shakar» omborlarda to‘plangan 40 ming tonna zaxira mavsumda yetib ortadi.
Atrofimizdagi qo‘shni davlatlardan farqli o‘laroq, bizda ikkita shakar zavodimiz aholi xizmatiga shay. Ayni kunda ishlab chiqarishni vaqtinchaga to‘xtatgan bo‘lsa ham, xodimlarini amallab ushlab turibdi.
«Angren shakar» va «Xorazm shakar» xom-ashyo yetkazib beruvchi xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar tuzish yo‘llarini qidirishmoqda. Chet ellik xom-ashyo yetkazib beruvchilarning talabi esa bitta. Ya’ni, ichki bozorlarimizdagi import shakar bilan raqobat qila olish kafolati.
Ularning bu talabida asos bor, albatta. Importyorlar bilan raqobat qilish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizga ham importyorlardagi kabi QQS va aksiz solig‘i bo‘yicha imtiyozlar kerak. Shundagina adolatli va sog‘lom raqobat vujudga keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter