O‘zbekistonliklar haftasiga 7 kun, kuniga 13 soatlab ishlamoqda
O‘zbekistonda davlat xizmatchilari haftasiga 7 kun, kuniga 13 soatlab ishlamoqda. Telegramdagi Zed News axborot kanali o‘tkazgan so‘rovda xuddi shunday natija qayd etilgan.
«Bu holat ko‘proq davlat xizmatchilariga tegishli, ya’ni organ xodimlari, bankirlar, umuman, budjet tashkilotlari ishchilarining ish vaqti amalda aniq belgilanmagan. To‘g‘ri, soat 9 da kelib, 18:00 da ketsayam, birov indamaydi. Ammo tanganing yana bir tomoni ham bor: mablag‘ masalasi.
Mana shu yerda yana bir og‘riqli nuqtamiz yuzaga chiqadi. Masalan, davlat xizmatchilarining o‘rtacha oyligi, ya’ni okladi 1,5 mln. so‘m atrofida. Bu real summa, qog‘ozda emas, amalda. Qog‘ozda esa, Statistika qo‘mitasining apreldagi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 2 049 700 so‘mni tashkil qilgan», deyiladi tahliliy maqolada.
Kanalning yozishicha, ana o‘sha okladga qo‘shimcha sifatida ustama haqi va mukofot puli beriladi. Ammo bu qo‘shimcha rag‘batlantirishlar xodimning emas, balki rahbarning xohishiga qarab ajratiladi.
«Aniqrog‘i, siz zo‘r ishlasangizu, rahbarga yoqmasangiz, kam maosh olasiz. O‘zingizga yuklatilgan barcha ishni joyiga qo‘yib, soat 18:00da (qonuniy haqqingiz bu) ketsangiz ham, mukofot puli yo‘q», deyiladi.
Kanal o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, «Siz bir kunda necha soat ishlaysiz?» degan so‘rovda 1404 odam qatnashgan. Shundan eng ko‘p ovozni «09:00 - 22:00 va ba’zan kechroq» degan variant olgan — 481 ta (34 foiz) ovoz (1-surat).
09:00 - 18:00 oralig‘ida ishlaydiganlar soni 263 ta (19 foiz) bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. 09:00 - 20:00 gacha ishlaydiganlar 232 tani (16 foiz) tashkil qilgan. Bular hammasi ishga soat 09:00 da boradiganlar.
Shuningdek, 08:30 - 20:00 — 220 ta (16 foiz) ovoz, 08:00 - 18:00 — 208 ta (15 foiz) ovoz to‘plagan.
«Siz haftada necha kun ishlaysiz?» degan so‘rovda esa 983 kishi qatnashgan. Shundan eng ko‘p 489 ta (50 foiz) ovozni dushanba-yakshanba (2-surat), ya’ni haftada 7 kun ishlaydiganlar olgan. 332 (34 foiz) kishi haftada 6 kun ishlasa, 162 kishi (16 foiz) 5 kunlik ish haftasiga ega.
«Guvohi bo‘lganingizdek, davlat xizmatchilari har kuni soat 22:00 gacha qolib ishlashga majbur bo‘lmoqda. Nega degan savolga hech kimda tayinli javob yo‘q. Taxminan bu holat SSSR paytidan meros bo‘lib qolgan deyish mumkin, ya’ni eskilik sarqiti. Ish jarayoniga yangicha qarash yo‘q, bu holatda ish samaradorligida taraqqiyot emas, tanazzul bo‘laveradi.
Balki hukumatimiz bu haqda jiddiyroq o‘ylab ko‘rishar. Payti keldi allaqachon...», deyiladi maqolada.
Mehnat kodeksida shunday yozilgan:
"Xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim".
2018-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatchilari shanba kunlari soat 17:00 gacha ishlashi, yakshanba kuni esa dam olib, vaqtini oilasi bilan o‘tkazishini aytgandi.
Bosh vazir Abdulla Aripov esa o‘tgan yil avgustda saharda yoki yarim tunda majlislar o‘tkazishni to‘xtatish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter