Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga qaysi davlatlardan sayyohlar ko‘paygani ochiqlandi

O‘zbekistonga qaysi davlatlardan sayyohlar ko‘paygani ochiqlandi

Foto: Xabar.uz

Prezident turistlarni jalb qilish bo‘yicha yangi imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Bunda, eng avvalo, qo‘shni davlatlardan, Rossiya va Xitoydan sayyohlarni jalb qilish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Masalan, Xitoyning hamma provinsiyalariga borib, hududlarimiz turistik salohiyatini keng targ‘ibot qilish, Xitoydan Samarqand, Buxoro, Xorazmga, Surxondaryo va Farg‘ona vodiysiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mamlakatimizga uzoq davlatlardan kelayotgan turistlar oqimi 3-4 barobar oshdi.

Misol uchun, bu yil Hindistondan, Yaponiyadan, AQShdan, Italiyadan sayyoh ko‘paydi. Lekin, Malayziya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Qatardan hamda Yevropadan turistlarni jalb qilish ishlari sust ekani ta’kidlandi.

Ushbu mamlakatlardagi elchilarga va viloyat hokimlarining turizm bo‘yicha o‘rinbosarlariga turistlarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish topshirildi.

Kelgusi hafta Samarqand shahri ilk bor Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi yig‘ilishiga mezbonlik qiladi.

Hozirni o‘zida 128 ta mamlakatdan 1 mingdan ziyod ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tdi, shundan 79 nafari turizm vazirlari, 24 nafari vazir o‘rinbosarlari.

Prezident ushbu tadbir hokimlarga mamlakatimiz turizm salohiyatini ko‘rsatish uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidladi.

Har bir viloyat hokimi o‘z delegatsiyalari bilan viloyatining tabiati, tarixi, madaniyati, ovqatlari, ziyoratgohlari, sayyohlik maskanlari va marshrutlarini namoyish qilishi, turizm loyihalari bo‘yicha kelishuvga erishishi shartligi qayd etildi.

Avvalroq O‘zbekiston sayyohlardan qancha foyda ko‘rgani ma’lum qilingandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring