O‘zbekistonda yana bir ko‘krak nishoni ta’sis etilmoqda
![O‘zbekistonda yana bir ko‘krak nishoni ta’sis etilmoqda](https://static.xabaruz.com/crop/5/3/720_460_95_532597106.jpg)
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga «Turizm fidoyisi» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi Hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
«Turizm fidoyisi» ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgani uchun davlat organlari, jamoat tashkilotlari, xususiy sektor, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda chet eldagi vatandoshlarga «Butunjahon turizm kuni» – 27-sentyabrda berish ko‘zda tutilgan.
Nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda quyidagilar inobatga olinadi:
- xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish va keng auditoriya o‘rtasida mamlakatimiz turizm salohiyatini targ‘ib etishdagi faolligi;
- zamonaviy turizm mahsulotlari va innovatsion yechimga ega xizmatlarni yaratish bo‘yicha samarali faoliyatni amalga oshirganligi;
- O‘zbekistonda turizm sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan xorijiy investitsiyalarni jalb etishdagi samarali faoliyati;
- yetakchi xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish hamda mamlakatda turizm sohasida olib borilayotgan islohotlarni keng ommaga yetkazishga qaratilgan materiallar soni va ommalashganligi;
- O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda davlat organlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishidagi hissasi;
- turizm sohasida O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish va aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha samarali faoliyati uchun beriladi.
Muhokama 2019-yilning 15-oktyabriga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter